Линклар

Toshkentda Tibbiyot kollejidagi janjalda kaltaklab o‘ldirilgan Jasurbek Ibrohimovning o‘qituvchilari ularga nisbatan bosim bo‘layotganidan shikoyat qilishdi. O‘qituvchilar iddaosiga ko‘ra, ularni umuman dam olish kunlarisiz va mehnat ta’tiliga chiqmasdan ishlashga majburlashmoqda.

Haftasiga 7 kun ish

11 iyun kuni P.F. Borovskiy nomidagi Tibbiyot kollejining o‘qituvchilari yakshanba kuni bo‘lishiga qaramasdan, kollejga kelishga majburlandi.

O‘qituvchilar nomidan Ozodlikka kelgan maktubda o‘qituvchilar bundan keyin dam olishsiz ishlashi va ularga mehnat ta’tili berilmasligi aytilgan:

"O‘rta maxsus ta’lim markazi direktori Borovskiy o‘qituvchilarini yakshanba kuniyam ishlatib, yana bu yil umuman mehnat ta’tili bermasdan nimaga erishmoqchi? Bu qaysi qonunchilikka to‘g‘ri keladi? Umuman dam olmagan o‘qituvchi ertaga qanday qilib dars beradi?", deyiladi o‘qituvchilar nomidan kelgan xabarda.

O‘qituvchilarga Jasur o‘limi uchun "jazo"

Ozodlik bilan suhbatda kollej o‘qituvchilaridan birining iddao qilishicha, Jasurbek Ibrohimov o‘limi uchun ularga shu tariqa jazo berishayapti:

“Eski direktorimizni ishdan olishgach, hali yangisi tayinlanmadi. Hozircha Gulchehra Alimova vaqtincha direktor o‘rnida. Hali kollejimizda tekshiruvlar davom etayapti. Qachonki, yig‘ilish o‘tkazishsa, “Sizlar befarq bo‘lmaganingda, shu mojaro bo‘lmasdi”, deb Jasurning o‘limi uchun bizni ayblashayapti. O‘zi bu tekshir-tekshirlar, ayblovlardan asablarimiz charchagandi, endi esa dam olishsiz ham ishlatishmoqchi. Ochig‘i o‘qituvchilar hammasi juda ezilib ketdi”, deydi mikrofonsiz suhbatda kollej o‘qituvchisi.

Rahbariyat: Dam olish beramiz!

Kollej rahbariyati 11 iyun – yakshanba kuni o‘qituvchilar ishga chiqqanini tasdiqladi, biroq o‘qituvchilarni umuman dam olishsiz ishlatish rejasi yo‘qligini ta’kidlashdi:

“To‘g‘ri, kecha o‘qituvchilarni chaqirtirganmiz. Bilasiz, Jasurbek Ibrohimov o‘limi bilan bog‘liq voqealar, tekshir-tekshirlar, rahbariyatdagi o‘zgarishlarni muhokama qilish kerak edi. Shuning uchun chaqirtirdik o‘qituvchilarni, lekin ularga albatta dam olish ham, ta’til ham beriladi. Kechagi tadbir endi mavjud holatni bir tahlil qilish uchun o‘tkazilgan edi. Keyin o‘qituvchilarga hech kim bosim qilayotgani va ularni ayblayotgani yo‘q. Prokuratura tekshirayapti, aybdorlarni sud aniqlaydi”, dedi kollej mulozimlaridan biri.

Direktor va uning ikki o‘rinbosari ishdan haydaldi

Jasurbek Ibrohimov joriy yilning 3 may kuni o‘z kursdoshlari tomonidan kaltaklangan.

Keyin esa 5 marta jarrohlik amaliyotini boshidan o‘tkazib, joriy yilning 1 iyun kuni olamdan o‘tgandi.

Hozirda jinoyatga aloqador shaxslar doirasini aniqlash yuzasidan tegishli tezkor-tergov harakatlari olib borilmoqda.

Jinoyat ishi yuzasidan olib borilayotgan tergov harakatlari O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori tomonidan shaxsan nazoratga olindi.

Prokuratura ma’lumotiga ko‘ra, Ibrohimovning o‘limi bo‘yicha bir talaba yigit hibsga olingan.

Jasur Ibrohimovning o‘limi ortidan u o‘qigan P.F.Borovskiy nomidagi tibbiyot kolleji direktori Lutfi Yusupova va direktorning ikki o‘rinbosari ishdan haydaldi.

Hozirda Gulchehra Olimova vaqtincha kollej direktorligiga tayinlangan. Direktorning ikki o‘rinbosari lavozimiga ham vaqtinchalik muovinlar tayinlangan.

Jasur Ibrohimovning 1 iyun kuni olamdan o‘tgani haqidagi xabar 3 iyun kuni tushdan so‘ng Facebook va boshqa ijtimoiy tarmoqlardagi guruhlar tomonidan shiddat bilan yoyildi.

500 ga yaqin odam Jasur Ibrohimov oilasini qo‘llab-quvvatlab, aybdorlar jazolanishi talabi bitilgan petitsiyaga imzo chekkan.

Jasurbek Ibrohimov ishi yuzasidan YuNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi bayonot tarqatib, o‘quvchilar orasida zo‘ravonlik ortayotganidan xavotir bildirdi va muammoni hal qilishda O‘zbekiston hukumatiga yordamini taklif qildi.

XS
SM
MD
LG