Линклар

17 декабр 2017, Тошкент вақти: 01:25

Prezident kelishi kutilayotgan Namanganda vrachlar chopiq va ko‘cha tozalashga majburlanmoqda


Namanganda 2015 yilda ham hamshiralar ta’mirlash ishlariga jalb qilingandi

Shu kunlarda Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanidagi shifokor va hamshiralar qishloq xo‘jalik va obodonchilik ishlariga majburlanmoqda. Ozodlik gaplashgan vrachlarga ko‘ra, tibbiëtchilarni boshqa ishlarga majburlash Karimov davridagidan ham kuchaygan. Tibbiyot birlashmasi rahbari Ozodlik bilan suhbatda o‘z xodimlarining qishloq xo‘jalik ishlariga jalb qilinayotganini tan oldi.

To‘raqo‘rg‘on tuman tibbiyot birlashmasi xodimlaridan Ozodlikka yo‘llangan murojaatda oliy ma’lumotli vrachlar va hamshiralarning hokimiyat tomonidan dala ishlariga majburlanayotgani tafsilotlari keltirilgan.

“Biz Qodirobod qishlog‘idagi fermerlarning paxtasini bir oydan buyon tekinga yagana va chopiq qilib keldik. Mana, bugun yakshanba, dam olish kuni bo‘lishiga qaramasdan bizni yana ko‘cha tozalashga chiqardi. Katta yo‘l chekkalarini tozalayapmiz. Navbatchilikdan charchab chiqsak ham, kechgacha chopiq va tozalash ishlariga majburlashayapti. Axir, biz 15-20 yil ish stajiga ega vrachu hamshira ayollarmiz. "Soat 6.00dan kech soat 20.00gacha ishlaymiz" degan qog‘ozga qo‘l qo‘ydirib olishadi. Axir bizning ishimiz kasallarni davolashku, paxta chopish yoki ko‘cha supurish emas. Mehnat qonunlarida shunaqa narsalar bormi? Bularni kim nazorat qiladi?”, deb yozadi ismi sir qolishini so‘ragan bir guruh shifokor va hamshiralar.

Ozodlik suhbatlashgan to‘raqo‘rg‘onlik hamshiralardan biri, bosh vrachning bunday bosimga norozilik bildirishga uringanlarni ishdan haydash bilan tahdid qilayotganini aytadi.

“Mana hozir biz, katta Chust yo‘lida ko‘cha tozalayapmiz. Bu yerdan prezident o‘tar ekan. Agar biz bu noto‘g‘ri bo‘layapti deb, o‘z fikrimizni aytsak, bosh vrach bu hokim va oblzdrav boshlig‘ining buyrug‘i, bormasang arizangni yoz deb, qo‘rqitadi. Endi, poliklinikada yig‘ilish qilib hamma o‘z cho‘ntagidan poliklinikani remont qilishni talab qilayapti. Biz axir bir so‘m naqd pul olmasak, oyliklarimiz 100 foiz plastikda bo‘lsa, buning ustiga hali may oyi maoshimizni olganimiz yo‘q. Yo‘lkiraga o‘zi zo‘rg‘a pul topayapmiz”, deydi suhbatdosh hamshira.

Bu shikoyatga munosabat olish maqsadida Ozodlik tibbiyot birlashmasi bo‘lim mudirlaridan biri bilan bog‘langanida¸ tibbiyot mutasaddisi o‘zining hozirgina obodonlashtirish ishlariga bag‘ishlangan majlisdan chiqqanini aytdi.

“Mana, hozirgina bosh vrach Iqboljon Karimjonov o‘tkazgan majlisdan chiqdik. So‘nggi paytda bizning majlislarimiz tibbiyot haqida emas, ko‘proq qishloq xo‘jaligi va obodonlashtirish mavzusida bo‘layapti. Bu majlisda ham ko‘cha tozalashga qancha odam chiqarayotganimiz muhokama qilindi. Hokim o‘n kilometr ko‘chani tozalashni topshirgan ekan. Hamma bo‘lim mudirlariga hozirning o‘zidayoq odamlarini olib¸ o‘sha joyga borishga buyruq berildi. Bosh vrach boshchiligida o‘sha yoqqa ketayapmiz”, dedi ismi sir qolishini so‘ragan bo‘lim mudirlaridan biri.

To‘raqo‘rg‘on tumani tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Iqboljon Karimjonov Ozodlik bilan suhbatda vrach va hamshiralarning dala ishlariga chiqarilayotganini tan oldi:

- Men ichki obodonchilikka jalb qilgan bo‘lishim mumkin. Bir-ikki marta dala ishlariga iltimos qilishgandi, bo‘lgan bo‘lishi mumkinu, lekin oylab chiqarganim yo‘q. O‘sha og‘ir sharoitda o‘t bosgan joylarni chopiq qilishga iltimos qilishgandi, shunga biz o‘z tashabbusimiz bilan chiqqan edik. Lekin ko‘cha tozalashga chiqarganim yo‘q, dedi Iqboljon Karimjonov.

Bosh vrach suhbat davomida shifokor va hamshiralarning dala ishlariga safarbar qilinishini “umuman noto‘g‘ri” deya baholadi.

Ayni paytda Karimjonov¸ vrach va hamshiralar kimning buyrug‘i bilan chopiq va ko‘cha tozalashga olib chiqilayotganiga aniq javob berishni istamadi va ​"mening bir narsa deyishim qiyin", degan javob bilan cheklandi.

Ozodlik bosh vrach bilan suhbatdan so‘ng tuman hokimligi bilan bog‘landi. Shikoyat tafsilotlarini obdon eshitgan tuman hokimi yordamchisi O‘tkirbek Abduvaliev “hozir¸bir minut” deb, kim bilandir uzoq maslahatlashdi va so‘ngra javob bermay aloqani uzib qo‘ydi.

P.S. Maqola nashrga tayyorlanayotgan paytda to‘raqo‘rg‘onlik shifokordan Ozodlikka shunday xabar keldi:

"Rahmat katta. Bizni srochno ortga qaytarib yuborishdi. Glavvrachni hokimiyatga chaqirishdi".

Ozodlik vaziyatni kuzatishda davom etadi.

XS
SM
MD
LG