Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 12:45

Ozodbek Nazarbekovning prokurorlarga qarshi "isyoni" san’atkorlarga qimmatga tushishi mumkin


Ozodbek Nazarbekov to‘ylardagi xizmat haqi eng qimmat o‘zbek qo‘shiqchilaridan biri hisoblanadi.
Ozodbek Nazarbekov to‘ylardagi xizmat haqi eng qimmat o‘zbek qo‘shiqchilaridan biri hisoblanadi.

O‘zbekiston Xalq artisti Ozodbek Nazarbekovning san’atkorlar xizmatidan tekin foydalanib kelayotgan prokuror va boshqa kuch ishlatar tizimlari amaldorlarining bundan buyon san’atkorlar xizmatidan pul o‘tkazish yo‘li bilan foydalanishlarini yo‘lga qo‘yish taklifi ijtimoiy tarmoqlarda bahsu munozaraga sabab bo‘lmoqda. Ushbu janjal, shuningdek, to‘ylarda jaraq-jaraq pul topayotgan sa’atkorlarni soliqqa tortish talabini o‘rtaga chiqardi.​

2 iyun kuni "O‘zbekkonsert" tashkilotida o‘tkazilgan majlisda taniqli qo‘shiqchi Ozodbek Nazarbekov prokuratura va boshqa davlat muassasalari amaldorlarining o‘z bazmlarida xonandalar xizmatidan bepul foydalanish ustiga, do‘q urib san’atkorlarni obro‘sizlantirishini tanqid qilgan edi.

Bu chiqishidan so‘ng o‘zbekistonlik ayrim san’atkorlar orasida Ozodbek Nazarbekovni “qo‘zg‘olonchi xonanda”ga chiqarganlar ham bo‘ldi.

Ayni paytda ijtimoiy tarmoqlarda Nazarbekovning bu tanqidi jiddiygina e’tirozga uchramoqda.

Xususan¸ “Odnoklasniki” ijtimoiy tarmog‘ining Laziza Fattohova ismli foydalanuvchisi:

"Ozod aka¸ prokurorlarning korporativkalariga bepul borishni istamasangiz, u erda Sizni obro‘sizlantirishsa¸ nega u yerga borasiz?", deb yozgan bo‘lsa¸​ Facebook tarmog‘ida MisterX ismli foydalanuvchi:

"Prokurorlar aybdor, Nazarbekov beaybmi? Shuncha yil prokurorlardan xo‘rlangan ekanlar¸ nega bugun bu masalani ko‘tarib chiqayapti", - deya izoh qoldirdi.

Ayni paytda o‘zbek internet nashrlarida xonandaning “inqilobiy chiqishi” ortidan uning to‘ylardagi daromaddan davlatga soliq to‘lamasligi pesh qilingan o‘nlab maqola bosildi.

Samarqandlik blogger Mirzo Subhonov “Ozodbek qo‘zg‘oloni yoki ozodlikka chiqqan san’atkorlar” maqolasida xonandani “davlat organlariga asossiz ravishda ochiqdan ochiq tuhmat qilish”da aybladi.

“Hurmatli fuqaro O.Nazarbekov! Agar Sizni davlat tashkilotlari mansabdor shaxslaridan kimdir xafa qilgan bo‘lsa ham, Siz umumiy bir davlat organini ayblashga xaqqingiz yo‘k! Sizni xafa qilgan mansabdor shaxslarning ism-familiyasini ayting, isbot keltiring, aks holda Sizning ko‘chadagi pistafurush mish-mishchidan farqingiz yo‘q”, - deb yozdi Subhonov o‘z blogida.

O‘zbekistonlik yurist Iskandar Obloqulov esa o‘z blogida Ozodbek Nazarbekovning ham¸ o‘zbek shou biznesidagi boshqa san’atkorlarning ham adolatni talab etishga ma’naviy haqqi yo‘q, deya fikr bildirdi .

“Chunki ularning o‘zlari qonunga zid ishlashadi, kassa apparatlarisiz ishlashadi, soliq to‘lashmaydi”, - deb yozdi Obloqulov.

Ozodlik bu fikrlar yuzasidan Ozodbek Nazarbekovning o‘zidan munosabat olishga urindi¸ biroq uning ma’muridan "xonandaning vaqti yo‘q" degan javob oldi¸ xolos.

Jurnalist va huquq faoli Abdurahmon Tashanov fikricha, Ozodbek Nazarbekovning prokurorlarga qarshi gapirishi ortidan kelib chiqqan mojaro ikkita adolatsiz tomonning bir-biri bilan urishib qolganini anglatadi:

- O‘g‘ri bilan qaroqchining urishib qolishi bilan bog‘liq bir narsa bo‘layapti. Bular o‘sha korporativga bepul borgan, prokurorlar indamay kelgan. Endi¸ “Ha shunaqami¸ unda nega soliq to‘lamaysan”, degan gaplar bo‘layapti. Chunki, soliqdan qochmaslik masalalarini o‘sha prokuratura huzuridagi Departament nazorat kiladi-da, - deydi Tashanov.

Shu o‘rinda jurnalist ushbu mojaro to‘ylarda millonlab pul topayotgan sa’atkorlarni soliqqa tortish masalasini o‘rtaga chiqarganini qo‘shimcha qiladi:

- Huquqiy nuqtai-nazardan ham, insof nuqtai-nazardan ham xonandalarni soliqqa tortish kerak. Masalan¸ aytaylik, yillik litsenziyani 6-8 million so‘mga olib¸ bitta to‘yda 5000, 10 ming dollar pul topayotganlar bor. Ozodbek Nazarbekov¸ o‘zim aniq bilaman¸ Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumaniga 10 ming dollarga borgan. Hazil pul emas bu! Yulduz Usmonova, bir boyvachchaning to‘yiga 10 ming dollarga borgan. Ular davlatga, xalqqa shundan biron soliq to‘lamaydi? Shuncha daromad topayotgan bo‘lsa¸ xalqning g‘aznasini ham o‘ylash kerak. Odam ozgina vatanparvar bo‘lishi kerak. Mana shu hozir jamoatchilikni qiziqtirayapti va bu mavzu ijtimoiy tarmoqlarda muhokamadan to‘xtamaydi, toki xonandalar soliqqa tortilishiga erishilmaguncha - deydi Tashanov.

O‘zbekiston Soliq kodeksiga ko‘ra, “O‘zbekkonsert” litsenziyasiga ega san’atkorlar to‘y-tomoshalardan topgan daromadidan soliq to‘lashdan ozod qilingan.

Kodeksning 180-moddasi 1-bandida,"konsert-tomosha faoliyati bilan shug‘ullanish huquqini beruvchi litsenziyasi bo‘lgan shaxslar soliqdan ozod etiladi", deb yozilgan.

XS
SM
MD
LG