Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:36

Rossiya shaharlari futbol bahonasida migrantlardan "tozalanmoqda"


Rossiya huquq-tartibot idoralari Moskvani bir oy davomida nolegal migrantlardan tozalash amaliyotini boshladi. 2017-yilgi Konfederatsiyalar kubogi o‘yinlari davomida Moskva, Sankt-Peterburg, Qozon va Sochi shaharlari noqonuniy mehnat muhojirlaridan “toza bo‘ladi”.

2017 yilning 17 iyun kuni Rossiyaning to‘rt yirik shahrida Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) homiyligida qit’alar g‘oliblari o‘rtasida Konfederatsiyalar kubogi o‘yinlari boshlanadi.

Musobaqalar boshlanishi arafasida Rossiya huquq-tartibot organlari bu shaharlarda noqonuniy muhojirlar “ovini” boshlab yubordi. Moskva politsiyasi boshqarmasi mulozimi Ozodlikka shaharda “Nelegal” maxsus operatsiyasi olib borilayotgani tasdiqladi.

Mash axborot guruhi xabar qilishicha, “Moskva 17 iyunga qadar nolegal migrantlardan to‘liq tozalanadi”.

(MASH axborot guruhi videolavhasi)

“Barcha nolegallar Yangi Moskva qo‘rg‘onidagi lagerga olib chiqiladi. U yerdan ular o‘z yurtlariga jo‘natiladi. Bu 2018 yilgi Jahon Chempionati oldidan Moskvani ko‘rkamlashtirishning birinchi bosqichi”, deyiladi videoxabarda.

Muxlislardan kelayotgan xabarlarga ko‘ra, Moskvaning hamma bozor, qurilish ob’ektlari, meva-sabzavot bazalari va metro bekatlari va vokzallarida politsiya reydlari o‘tkazilmoqda.

Tegishli qaror Moskvadan tashqari Rossiyaning Konfederatsiyalar kubogi musobaqalari o‘tkaziladigan Sankt-Peterburg, Qozon va Sochi shaharlaridagi barcha Ichki ishlar bo‘limlariga kelib tushgan.

Moskvaning Vixino tumanida farroshlik qiluvchi 23 yoshli Shodibek politsiya “zachistka”sidan eson-omon o‘tganini Ozodlikka gapirib berdi.

- Futbolga “tozalash” boshlanayapti. O‘tgan bir oy qattiq bosa-bos tekshirish bo‘ldi. Shu Vixino rayonida nechta dvornik bo‘lsa, hammasini olib, tekshiruvdan o‘tkazdi. Hammani bir-bir tekshirib chiqdi. Sergey Sobyanin prikaz qilibdi : “Bir kunda kamida ming kishini proverka qiling!”, debdi. Buni uchastkovoyimiz aytdi. Ertalab ishlayotgan joyimizdan bosib olib ketdi hammamizni. Hamma chiqdi, shu to‘rtta surxondaryolik zemlyagim qolib ketdi – 5 ming shtraf bilan deport uribdi. Bu tekshirishlar aslida Sankt-Peterburgdagi portlashdan keyin boshlangandi, dedi surxondaryolik suhbatdosh.

Bundan oldinroq Ozodlik 1 iyundan 12 iyulgacha Rossiyaga kirib kelayotgan chet el fuqarolari Moskva, Sankt-Peterburg, Qozon va Sochi shaharlarida bir sutka davomida ro‘yxatdan o‘tishi lozimligi, aks holda ular mamlakatdan chiqarib yuborilishi to‘g‘risida xabar bergandi.

Ozodlik Rossiya Ichki ishlar vazirligining Migratsiya masalalari bo‘yicha boshqarmasi tomonidan Konfederatsiyalar kubogi va JCh-2018 arafasida politsiya bo‘limlariga tarqatilgan bu masalaga doir “uslubiy tavsiyanoma”ni ham qo‘lga kiritdi.

Politsiya bo‘limlariga tarqatilgan yo‘riqnoma
Politsiya bo‘limlariga tarqatilgan yo‘riqnoma

“Migratsiya XXI asr” tashkiloti direktori, Rossiya Federal migratsiya xizmati boshlig‘i sobiq o‘rinbosari Vyacheslav Postavnin Ozodlik bilan suhbatda Rossiya hukumatining bu qarorlaridan taajjubda ekanini gapiradi.

​U bunday migratsiya tartiblari aksincha - nolegal xorijliklar sonining ko‘payishiga olib keladi, deydi.

- Bu choraga zarurat yo‘q edi, menimcha. Odamlar ommaviy ravishda migratsiya qaydiga tura olishiga ham shubha bildiraman. Axir bu millionlab odam degani-ku! Ularning ismi-sharifini bir kunda ma’lumotlar bazasiga tushirishning imkoni yo‘q. Demak, politsiya tekshirgan har qaysi xorijlik ro‘yxatdan topilmaydi va qonunbuzarga aylanadi. Bu oddiy qog‘ozbozlik usuli – kimdir “yuqoriga” hisobot berish uchun qilinayotgan ish! dedi Vyacheslav Postavnin.

Sobiq FMS mulozimi rus hukumatining bu harakatlarini 1980 yilgi Yozgi Olimpiadada Sovet hukumati uyushtirgan “tozalash” usullariga o‘xshab ketishini eslatdi.

- Bu ochiqchasiga qilingan ishora. “Yigitlar, kelmanglar bu yerga! Siz muammolarga duch kelasiz!” degani. Moskva Olimpiadasida ham poytaxt boshqa barcha mehmonlar uchun yopilgan edi. Xorijliklarni va “kerak emaslar”ni shaharning 101 kilometridan nariga chiqarib yuborishgan. Bu sovetcha-militsiyacha usullardir: shaharni “zachistka” qilish, odam sonini kamaytirish. Aytishim zarurki, futbol musobaqalari o‘tkazilajak shaharlarda registratsiyasi yo‘q Rossiya grajdanlari ham javobgarlikka tortilishi belgilangan, dedi Vyacheslav Postavnin.

XS
SM
MD
LG