Линклар

15 декабр 2017, Тошкент вақти: 21:03

15 iyun kuni prezident Mirziyoev mamlakat imomlari va diniy xizmatchilar ishtirokida, videoselektor majlisi o‘tkazdi. Majlis ishtirokchilaridan biriga ko‘ra, mamlakat bo‘ylab 10 mingdan ziyod kishi qatnashgan yig‘indagi asosiy gap "qora ro‘yxat" atalmish ro‘yxatga tushgan dindorlarni qayta tekshirish, qamoqdagi dindorlarning oilasi bilan ishlash haqida bo‘lgan.

“Ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash, muqaddas dinimiz sofligini asrash - davr talabi” mavzuida Toshkent shahrida Prezident o‘zi hozir bo‘lgan zalda o‘tkazilgan va viloyatlar markazlaridagi majlis zallariga videotranslyatsiya qilingan yig‘ilish 7 soat davom etdi.

Xususan, Andijon viloyat hokimligiga barcha tumanlardan ertalab soat 7 ga chaqirilgan imomlardan biri majlis juda "g‘ayrat va shijoat bilan" o‘tkazilganini aytdi.

"Ertalab soat 7 ga chaqirishgan edi bizni. Soat 8 larda boshlandi, soat 14 gacha bo‘ldi. Juda qiziq majlis bo‘ldi, qiziq gaplar bo‘ldi. Prezident g‘ayrat-shijoat bilan naqd 5 soat gapirdi. Andijondan ham 50 ta imom borgan", dedi ismini sir saqlayotganimiz imom Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda.

Kun.uz saytining yozishicha, yig‘ilishga diniy xizmatchilardan tashqari "tuman va shahar hokimlari, yoshlar va xotin-qizlar bo‘yicha hokim o‘rinbosarlar, huquqni muhofaza qilish idoralari rahbarlari, xalq ta’limi, banklar, “Mahalla”, “Nuroniy”, “Kamolot”, o‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi muassasalari va umumta’lim maktablari direktorlari..." taklif etilgan.

Toshkentdagi boshqa ishonchli manbalar Ozodlikka ushbu yig‘inga respublikaning turli viloyatlaridan 1 ming 200 nafardan ortiq imom taklif qilinganini bildirgan.

Andijonlik imom 10 mingdan ortiq odam qatnashgan selektorda, asosan, prezident Mirziyoevning o‘zi gapirgani va eng muhim masala - diniy-siyosiy ayblovlar bilan ro‘yxatlarga tirkalgan minglab fuqaro ishini qayta tekshirish bo‘lganini aytdi.

"Ozgina xatosi uchun, telefonida bittasiga bilib-bilmay biror narsa ko‘rsatib, jo‘natib qo‘ygani uchun ham oqimchiga chiqarib, ro‘yxatga qo‘shilavergan, o‘zi yaxshi, toza odam bo‘lsa ham. Bu ro‘yxatdagilarning hammasi bilan gaplashib, tekshirib, oqlaysizlar. Yilning oxirida menga hisobotini berasizlar, deb aytdi", dedi Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda selektor majlisi ishtirokchisi bo‘lgan imom.

Bundan tashqari, ushbu yig‘inda prezident respublikaning har bir tumanida 10 kishilik maxsus komissiya tuzilishini aytgan.

"IIV, MXX, Prokuratura, hokimiyat, mahalla, masjid va hokazo tashkilotlardan bir kishidan - jami 10 kishilik gruppalar tuzib, ro‘yxatga tushganlar bilan birma-bir gaplashasizlar, targ‘ibot-tashviqot qilasizlar, dedi. Tekshirib, yaxshilarni ro‘yxatdan chiqarib, ozgina xato qilganlarni aniqlab, oqlaysizlar. Bunda imomlar o‘tkir, faol bo‘linglar, dedi. Yil oxirida hisobotini olaman, dedi prezident",- dedi andijonlik imom.

Uning aytishicha, yana bir jiddiy gap diniy-siyosiy motivlar bilan ayblanib, qamalganlarning oilasi-bolalariga e’tibor haqida bo‘lgan.

"Otasi gunohkor bo‘lsa, bolasi javobgarmas. Ularning bolalarini tashlab qo‘ygansizlar, dedi. Shularning bolalarini bag‘ringizga olinglar, lagerlarga jo‘natinglar, o‘qishga kirishiga yordam beringlar. Ular bilan ham ishlanglar, deb topshiriq berdi. Juda yaxshi gaplarni aytdi prezident", dedi selektor ishtirokchisi.

O‘zbekiston Musulmonlar idorasi mulozimiga ko‘ra, prezident Shavkat Mirziyoev 15 iyun kungi yig‘inda qatnashish uchun Toshkentga taklif qilingan imomlarga "Navro‘z" restoranida iftor ham beriladi.

Andijonlik imom esa prezident nomidan viloyat markazlarida ham imomlarga iftorlik berilishi va bu iftorliklar "marhum prezident Islom Karimov ruhiga bag‘ishlanishi"ni aytdi.

"Andijonning Toshkent pirim, degan joyida katta restoranda prezident iftoriga chaqirilganmiz biz ham. Namangan, Farg‘ona, shunaqa boshqa viloyat markazlarida ham iftor bo‘ladi, iftorlarni hammasi Islom Karimovning ruhiga bag‘ishlanadi, deb prezidentning o‘zi aytdi", dedi andijonlik imom.

Prezidentning mamlakat imomlarini Ramazon oyida poytaxtga yig‘ib, iftorlikka da’vat qilishi O‘zbekiston tarixida ilk bor kuzatilayotgan hodisadir.

Shu bois, ijtimoiy tarmoqlarda bu voqeani hayajon bilan kutayotgan, unga ijobiy va salbiy munosabat bildirayotganlar ko‘p bo‘lmoqda.

Jumladan, Facebook foydalanuvchilaridan biri: "Ertaga peshingacha katta yig‘ilish, shomda “Navro‘z”da iftorlik bo‘ladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev, rasmiylar hamda mingdan ortiq (1200 nafar deyildi) imom ishtirokida marosim o‘tkaziladi. Biz fikr-mulohazalarni, takliflarni aytdik. Buyog‘i tadbirda qatnashuvchilarda qoldi", deb yozdi.

Yana bir foydalanuvchi ham ilk bor mamlakat prezidenti bilan iftorlikka kiradigan imomlar Toshkentdagi diniy ta’lim maskanlaridan birida mashq qildirilayotgani haqida yozdi:

"Ayni vaqtda tanlab olingan 28 imom TIU da repetitsiya qilyapti ekan. Nima imomlar shunchalik omi, uquvsiz odamlarmi?! Yo‘q, albatta. Ba’zi mansabdorlar tomonidan istalmagan ish - u imomlardan birining musulmonlar diniy ta’lim olishlarini osonlashtirish haqida fikrlarini gapirib qo‘yishidan qo‘rqishadi! Shu yerda ham ishni haqiqiy egalari bajarmiyapti. Millatga va Prezidentga xiyonat qilishyapti".

Shu tariqa, 15 iyun oqshom, Toshkent vaqti bilan, soat 8 da "Navro‘z" restoranida prezident Mirziyoev iftor berishi kutilmoqda.

Yangiliklarni Ozodlikda kuzating!

XS
SM
MD
LG