Линклар

Muxolifatdagi “Erk” demokratik partiyasining a’zosi, mardikorlar huquqlarini himoya qilish bilan shug‘ullangan Nuriddin Jumaniyozovning o‘tgan yilning 31 dekabrida 68 yoshida qamoqda vafot etgani Ozodlikka 16 iyun kuni ma’lum bo‘ldi. Inson huquqi faollarining aytishlaricha, odam savdosi aybi bilan qamalgan Nuriddin Jumaniyozov qamoqda qandli diabet va sil kasalligi bilan og‘rigan.

“Erk” demokratik partiyasining 1992 yildan buyon a’zosi, qoraqalpog‘istonlik Nuriddin Jumaniyozov o‘tgan yilning 31 dekabrida Toshkentdagi qamoqxonalar tibbiy muassasasida vafot qilganini inson huquqi faoli Dilorom Ishoqova Ozodlikka aytdi:

“Nuriddin aka oilasi bilan ajrashib ketganiga juda uzoq yillar bo‘lgan edi. Toshkentda ham uyi yo‘q, u er-bu erda yotib yurardi. Qamoqda vafot etganida uning jasadi sangoroddan Qoraqalpog‘istonning To‘rtko‘l tumanidagi qishlog‘iga yuborilgan va o‘sha Нerda dafn qilingan. Bu xabarni menga aytgan, “Birdamlik” rahbari Bahodir Chorievning aytishicha, u qamoqda qandli diabet va sil kasalligi bilan og‘rigan ekan”, dedi Dilorom Ishoqova.

Nuriddin Jumaniyozov sudida ishtirok etgan Dilorom Ishoqovaga ko‘ra, u to‘qima ayblov bilan ozodlikdan mahrum etilgan edi:

“Nuriddin aka bir yigitga yordam berib, Qozog‘istonga ishga jo‘natgan. Sud jarayonida uning qullikda ishlamagani, oilasiga pul yuborib turgani, doim oilasi bilan telefonda gaplashib turganiga oid ma’lumotlar hujjatlar bilan advokat tomonidan taqdim etilgan edi. Lekin bu faktlar inobatga olinmadi. U va Faxriddin Tillaevning mardikorlar huquqlarini himoya qilish ishlari kimgadir yoqmadi va sekingina qamoqqa olib kirib qo‘yishdi”, deydi Dilorom Ishoqova.

Qamalishidan oldin Nuriddin Jumaniyozov va Faxriddin Tillaev “O‘zbekiston mardikorlar kasaba uyushmasi”ni tashkil qilib, mardikorlar huquqlarini himoya qilish bilan shug‘ullanib kelgan.

Masalan, 2013 yilning 2 noyabrida Ozodlik Toshkent shahar Qo‘yliq mavzeidagi mardikor bozorida kuni militsiya xodimlari va mardikorlar o‘rtasida janjal chiqqani to‘g‘risida yozgan edi. Ozodlikning Toshkentdagi manbasiga ko‘ra, o‘sha janjalga propiska tekshirgan mirshablarning mardikorlardan majburan barmoq izlari olmoqchi bo‘lgani sabab bo‘lgan.

O‘sha voqeani sharhlagan “O‘zbekiston mardikorlar kasaba uyushmasi” raisi Nuriddin Jumaniyozov¸ mardikorlar o‘zbek jamiyatining eng himoyasiz qatlami bo‘lib qolgani va militsiya shu ojiz qatlamdan ham pul undirishni odat qilganini ta’kidlab bunday degan edi:

- Militsiya Toshkentdagi mardikorlarni hech tinch qo‘ymayapti. Buning sababi¸ ulardan ham biror narsa undirish. Bularni guruh-guruh ushlab, avtobusga ustma-ust tiqib panelniyga olib borishadi. Bir-ikki so‘m undirganini javob beradi, puli yo‘g‘ini esa 15 sutkagacha qamoqqa tiqadi, degan edi Nuriddin Jumaniyozov.

2014 yilning 6 mart kuni Toshkent shahrining Shayxontohur tuman jinoiy ishlar bo‘yicha sudi hukmiga ko‘ra, Nuriddin Jumaniyozov esa 8 yilu 3 oy, “Erk” partiyasining yana bir faoli Faxriddin Tillaev ham “odam sadosi” aybi bilan 10 yilu 8 oylik muddatga ozodlikdan mahrum qilingan edi.

Bundan avval, 2013 yilning avgustida mardikorlar himoyasiga otlangan Faxriddin Tillaev yana ikki huquq faoli Nuriddin Jumaniyozov mahkamaga tortilib, har biri 7 million so‘mlik jarimaga tortilgan edi.

Mahalliy va xalqaro inson huquqlari himoyachilari O‘zbekiston hukumatini muxolifatdagi siyosiy partiyalar faollari hamda inson huquqlari himoyachilarini uydirilgan ayblovlar bilan ozodlikdan mahrum qilayotganlikda tanqid qilib keladi.

XS
SM
MD
LG