Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 20:36

Mirziyoev 11 yillik maktab tizimini qaytarish yo‘lida ilk qadam qo‘ydi


16 iyun kuni Toshkent shahridagi 78-maktabga borgan prezident Shavkat Mirziyoev mazkur maktab bazasida 11 yillik maktab tizimini qayta tiklash taklifini o‘rtaga tashladi. Bu yillardan beri majburiy kollej tizimini tanqid qilib kelayotgan ota-ona va ta’lim sohasi mutaxassislarida maktab tizimining qayta tiklanishiga umid uyg‘otdi.

Jasurning o‘limi kollej tizimining salbiy jihatlariga e’tibor qaratdi

16 iyun kuni poytaxtning Uchtepa tumanidagi 78-maktabga borgan prezident Shavkat Mirziyoev¸ prezident matbuot xizmatining xabar qilishicha¸ “ushbu maktabda tajriba sifatida 11 yillik ta’limni qayta tiklash, uning qoshida o‘quv-kasb korxonasi tashkil etish” haqida ko‘rsatma bergan.

Bunday tajribaga nisbatan ehtiyojni izohlagan prezident:

- Yuqori sinflarda bolalar shaxs bo‘lib, jamoa bo‘lib shakllanadi. Ayni o‘sha paytda ularni o‘zlari o‘rgangan muhitdan ajratib qo‘ymaslik kerak. Bu yoshlarning ruhiyatiga, davomatiga, oxir-oqibatda ta’lim-tarbiyasiga salbiy ta’sir qilishi mumkin. Shu bois ta’lim jarayonining uzluksizligini ta’minlash, o‘quv dasturlarini takomillashtirish zarur, degan jumladan.

Prezidentning 78-maktab bazasida 11 yillik maktabni qayta tiklash¸ kollej tizimining bolalar ta’lim-tarbiyasiga salbiy ta’siri haqidagi bilvosita gaplari poytaxt jamoatchiligi orasida Toshkentdagi Borovskiy nomidagi Tibbiyot kollejining 2-kurs o‘quvchisi Jasur Ibrohimovning o‘z kollejdoshlari tomonidan urib o‘ldirilishidan tug‘ilgan ehtiroslar hovuri bosilmay turib aytildi.

15 iyun kuni Ozodlikning Sog‘liqni saqlash vazirligidagi manbasi¸ bu voqeadan prezidentning g‘azabga tushgani va Borovskiy kollejini tugatish haqida og‘zaki buyruq berganini bildirgan edi.

Ozodlik suhbatlashgan o‘qituvchi va ota-onalar¸ Jasurning o‘limi O‘zbekiston ta’lim sohasida ko‘pdan kutilgan o‘zgarishlarga turtki bo‘lishi mumkinligini aytmoqda.

Ayni paytda¸ 16 iyun kuni Toshkent vaqti bilan kunning ikkinchi yarmida Ozodlik bog‘langan O‘zbekiston Xalq ta’limi¸ shuningdek¸ Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vazirligi rasmiylari¸ prezidentning bunday taklifidan hali bexabarliklarini bildirdilar.

Bizning ishimiz kundalik yangiliklarini kuzatish emas. Hali eshitmadik bu gapni. 11 yillik maktabga qaytishni tajribadan o‘tkazish taklifini biz berganimiz yo‘q. Prezident taklif qilgan bo‘lsa¸ demak¸ 11 yillikka qaytilsa kerak”¸ degan mazmunda gapirdi har ikkala vazirlik mutasaddilari.

“Majburiy kollej tizimi bolalarimiz boshiga bitgan balo bo‘ldi!”

Shoira¸ huquq faoli va kollejda o‘qishga majbur o‘sayotgan avlod onasi Dilorom Ishoqova¸ yillardan beri 11 yillik maktab tizimining tugatilib¸ majburiy kollej tizimiga o‘tilganini tanqid qilib kelmoqda.

Prezident Mirziyoevning 78-maktabda tajriba sifatida eski¸ butun dunyoda sinovdan o‘tgan 11 yillik maktab tizimiga qaytish tomon ilk qadam qo‘yganini olqishlagan Ishoqova¸ majburiy kollej tizimini o‘tish davridagi o‘spirinlar hayotidagi eng og‘riqli jihatlardan biri ekanini ta’kidlaydi:

- O‘zbekiston ta’lim tizimini yoppasiga majburiy ravishda kollej tizimiga o‘tkazish bolalarimiz ta’limi¸ dunyoqarashi¸ ularning xulq-atvoriga nihoyatda yomon ta’sir qilayotgan asosiy omilga aylandi. 9-sinfni bitirayotgan bolaning dunyoqarashi¸ xulq-atvori juda mo‘rt bo‘ladi. Shunday qaltis bir paytda bolalarimizni o‘zi o‘rgangan muhitdan yulib olib¸ kollejga tashlayapti. Odatda o‘zbeklar juda kamdan-kam holatlarda o‘z mahallasidan uzoqdagi maktabga bolasini beradi. Chunki mahallada hamma bir-birini taniydi¸ biror nojo‘ya harakat qilsa¸ ota-ona darrov xabar topadi¸ mahalla ham bolaga darrov tanbeh beradi¸ nojo‘ya harakatdan to‘xtatishga urinadi. Ana shunday mo‘rt bolani ikki-uchta transport almashtirib¸ shaharning boshqa rayonidagi kollejga¸ mutlaq notanish muhitga tashlashadi. Bunday keskin burilish oqibatlarini¸ bolalar o‘qish saviyasining pasayishi va kollej talabalari o‘rtasidagi jinoyatchilikning oshishida ko‘rib turibmiz¸ deydi o‘z o‘g‘li misolida bu tizim ta’sirini bevosita boshdan kechirgan Ishoqova.

“Yaxshi niyat bilan joriy qilingan kollej tizimi o‘zini oqlamadi”

Ismi ochiqlanmasligini istagan toshkentlik maktab o‘qituvchisi¸ O‘zbekistonda kollej-litsey tizimiga o‘tishdan ko‘zlangan maqsad¸ bolalarga ta’lim barobarida kasb-hunar ham berish bo‘lganini eslaydi:

- Maqsad¸ jaydari qilib aytganda¸ har bir bitiruvchining noni butun bo‘lsin¸ ertaga oliy o‘quv yurtiga kirolmasa ham¸ qo‘lida bir hunari bo‘lsin¸ ishlik bo‘lsin¸ degan mazmunda edi. Lekin amalda bu narsa o‘zini oqlamadi. Bola hali kim bo‘laman¸ degan savolga javob topib ulgurmay¸ unga kasb-hunar tanlash majburiyati yuklandi. Oqibatda¸ kim bo‘laman¸ degan savol javobini bola emas¸ ota-ona yoki ularni kollejlarga tarqatishga majbur bo‘lgan o‘qituvchilar hal qiladigan bo‘ldi. Ota-onalar tibbiyotga kir¸ har na ukol qilib kun ko‘rarsan¸ ha buxgalteriyaga kir¸ hamma joyda ish topiladi¸ degan asosda qaror berib kelmoqda. Vaholanki¸ bolaning bu savolga javobi ancha kech shakllanadi¸ bu paytga kelib¸ uning qo‘lida kollej diplomi¸orqasida behudaga sarflangan uch yil bo‘ladi. Muhimi¸ bu tizim O‘zbekistondagi ishsizlik muammosini hal qila olgani yo‘q¸ aksincha¸ uni yanada chuqurlashtirdi. Bugun kollejni bitirgan bolalarning aksar ko‘pchiligi ish topa olmay¸ o‘qishga kira olmay¸ Rossiyada yuripti¸ deydi ikkala farzandi uchun kollej tanlashning qanchalar qiyin bo‘lgani misolida bu suhbatdosh.

O‘zbekiston ta’lim tizimini isloh qilish jarayonida 1992 yildan tajriba sifatida kollej va akademik litseylar joriy qilina boshlagan bo‘lsa¸ 11 yillik maktab tizimining butunlay bekor qilinib¸ uch yillik majburiy o‘rta maxsus kasb-hunar ta’limiga o‘tish 2009 yilga kelib yakunlandi.

O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi rasmiysining Ozodlikka bildirishicha¸ hozirda O‘zbekistonda 1441 ta kasb-hunar kolleji¸ 41 akademik litsey mavjud.

Xalq ta’limi vazirligi saytida keltirilgan raqamlarga ko‘ra¸ O‘zbekistonda jami 9680 ta maktab bor va ularni 2016 yili 466 007 nafar o‘quvchi bitirib¸ majburiy kasb hunar ta’limi muassasiga uzatilgan.

XS
SM
MD
LG