Линклар

Шошилинч хабар
15 ноябр 2019, Тошкент вақти: 12:47

Toshkentda tazyiqqa uchragan “O‘zbek Pikassosi” Moskvada ko‘rgazma ochdi (VIDEO)


Moskvada eski rassom do‘stim KUKA ning ko‘rgazmasi ochildi. Sevindim.

KUKA taxallusi bilan tanilgan 66 yashar toshkentlik rassom Hikmat G‘ulomov o‘z vaqtida Markaziy Osiyoda avangard tasviriy san’at kashshoflaridan biri bo‘lgan edi.

1984 yili u bilan ilk marta uchrashganimda KUKA tan olinmagan¸ Rassomlar uyushmasidan haydalgan¸ rasmiy doiralar e’tirof qilmaydigan¸ kamsitilgan¸ xo‘rlangan bir rassom edi.

Sovet paytida Pikassodan ilhomlanib modernistik izlanishlar qilgan formalist o‘zbek rassomi KUKA haqidagi afsonalar og‘izdan og‘izga ko‘char edi.

Тошкентда тазйиқ қилинган рассом Москвада кўргазма очди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:09:06 0:00

KGB nazoratidagi KUKA

KUKA o‘shanda KGB(SSSR Davlat xavfsizlik qo‘mitasi) nazoratida edi.

Ostrovskiy nomidagi Toshkent Teatr va rassomlik institutini 1975 yili tugatgan Hikmat G‘ulomov "Sovet tasviriy san’ati va sovet tuzumini sevmasligini" ochiq ifoda qiladigan "dissident" sifatida nazoratga olingan bo‘lsa ham¸ rassom formalistik izlanishlarni davom ettira oldi.

Hikmat G‘ulomovning 1976 yil chizgan asari
Hikmat G‘ulomovning 1976 yil chizgan asari

1976 yilda KPSS markaziy qo‘mitasining "Yosh ijodkorlarni rag‘batlantirish" qarori asosida Hikmat G‘ulomov Toshkentda endi ochilgan Ilhom teatri foyesida ko‘rgazma tashkil qildi.

Bu ko‘rgazma avangard uslubidagi asarlardan tarkib topgan Markaziy Osiyodagi ilk ko‘rgazma bo‘ldi.

Ko‘rgazma bor yo‘g‘i ikki kun umr ko‘rdi. O‘sha davr mafkurasi bu rasmlarni "sotsialistik turmush uchun xavfli" deb topib, taqiqlab qo‘ydi.

U chizgan rasmlarni ko‘rgan mulozimlar Hikmat G‘ulomov aqldan ozibdi deb o‘ylashgan.

Pirovardida Hikmat G‘ulomov ruhiy hastaxonada majburan "davolandi".

Sovet jazo psixaterapiyasi chizgan asarlari uchun uni ruhiy xasta deb topgani ortidan KUKA bir muddat jamoatchilikdan izolyatsiya qilindi.

O‘zbekiston rassomlar uyushmasi safidan o‘chirildi. Rassomga maxsus do‘konlardan mo‘yqalam va bo‘yoq sotib olish taqiqlab qo‘yildi.

Rassomning bu avtoportreti mulozimlarni g‘azabga keltirgan edi
Rassomning bu avtoportreti mulozimlarni g‘azabga keltirgan edi

KUKA rasmlari

San’at bilimdonlari Kuka deb ulug‘laydigan rassom Hikmat G‘ulomovning ikkita asarigina O‘zbekiston g‘arbidagi muzeyda saqlanib qoldi. Qolganlari yo‘qolib ketdi.

Hikmat G‘ulomov asarlarida Pikasso ta’siri seziladi
Hikmat G‘ulomov asarlarida Pikasso ta’siri seziladi

1984 yilda Urganch suratlar galereyasini shakllantirish Sovet O‘zbekistoni Madaniyat vazirligi tarafidan menga ishonib topshirilganida darhol Hikmat G‘ulomovni izlashga kirishdim.

O‘zbekiston rassomlar uyushmasi kadrlar bo‘limiga borib, Hikmat G‘ulomovni so‘rab surishtira boshladim.

"Kuka allaqachon o‘lib ketgan jinnixonada" deyishdi. Yana birovlar "Kuka narkoman bo‘lib lomkada yotibdi"¸ deyishdi. Boshqalar esa "Kuka ulug‘ tangri tog‘larida shomonlar bilan birga Dzen Budda ta’limotini o‘rganmoqda" deyishdi.

Ammo hech kim anig‘ini aytmadi. Rassom Bahodir Jaloldan so‘rasam, Marina Sokolova biladi, dedi

San’atshunos Marina rassom Chingiz Ahmarovga qo‘shni edi. Eshikni taqillatdim.

​Oriqlab ketgan va ilgarigi Marinani eslatuvchi ikki katta ko‘zi qolgan ayol eshikni ochdi.

Savolni eshitib qo‘rqib ketdi.

"Zachem vam Kuka? Ostavte menya v pokoe," deb yuzlarini qo‘llari bilan yopdi.

Bilishimcha, Kuka yuzasidan Sokolova bir necha marta KGBga dopros bergani bois katta stressda edi.

Kukaning suratlarini sotib olmoqchiman, dedim.

Sovet payti uchun xos bo‘lmagan bir jumla edi bu.

Xullas, Larisa bilan yetaklashib Toshkentning olis bir burchidagi Qorasuv massivining ko‘p qavatli uylardan biriga bordik.

Nihoyat Kukani topdik.

Charaqlagan quyosh

Kichkinagina¸mo‘g‘ulbashara bir yigit edi.

Hayot ezib tashlagan bo‘lsa ham, ko‘zlari ironiya va qitmirlik bilan to‘la edi.

O‘sha paytda xaridorgir bo‘lgan jinsi shimlarni tikib sotib kun ko‘rayotgan edi.

Marina meni tanishtirdi.

Harholda Hikmat G‘ulomov ruhiy xastaxonadan chiqqanidan keyin uni yo‘qlagan ilk muzey xodimi edim men.

Kuka rasmlarini yoyib tashladi.

Huddi qora bulut qoplagan osmonni quyosh yorib chiqqanday bo‘ldi.

Uning rasmlaridan chiqqan yorug‘likni kuchli projektor bilan qiyoslash mumkin.

Ayniqsa avtoportretlar.

Kuka o‘zini sariq masxaraboz¸ kloun tarzida tamsil qilgan edi.

Xullas Kuka (Hikmat G‘ulomov) ning 10ta asarini GEKga (Davlat Badiiy ekpertiza komiissiyasi) olib bordim.

Rasmlarni Kukani o‘zi arqon bilan bog‘lab, yelkasiga ortib ko‘tarib bordi. "Inqilob" xiyoboni (Hozirgi Amir Temur xiyoboni)ga yondosh DXV (Badiiy ko‘rgazmalar direksiyasi) binosinig rutubatli ayvoni Kuka asarlari yorug‘idan yorishib birdan ravshan bo‘lib ketgani esimda.

Hatto bu ravshanlik GEK a’zolarining muz yuraklarini ham erita oldi.

Sotsializm temasidagi rutubat kartinalardan charchagan komissiyaning jiddiy a’zolari nihoyat oldilarida haqiqiy rassomning haqiqiy asari turganini his qilishgan edi.

GEK rahbari¸ Madaniyat vazirligi tasviriy san’at boshqarmasi boshlig‘i Margarita Sokolova tabassum va qoniqish bilan meni qo‘llab-quvvatlagani esimda.

"Bu nima bu?"¸ so‘radi komissiya raisasi Margarita Sokolova.

Bu savoldan Kuka noqulay ahvolga tushib: "Eto Shuxrat zastavil menya" deb menga xijolat bilan qaradi.

Men qat’iyat bilan Urganch galereyasida zamonaviy kolleksiya zarurligini aytdim.

"Nega?" deyishdi GEK vakillari.

"Urganchga chet elllik turistlar ko‘p keladi. Ular uchun maxsus modern kolleksiya lozim," desam, sababni jo‘yali, deb topishdi.

Oxir oqibat Hikmat G‘ulomovning ikki asarini Urganch galereyasi uchun xarid qilinishiga izn berishdi.

Hikmat G‘ulomovning "Kaktusli natyurmort" va "Avtoportret" asarlari hozir Urganch suvratlar galereyasi fondida saqlanmoqda.

Aniqroq aytsak, davlat xazinasida.

Keyin Hikmat G‘ulomovni uchratmadim.

Uning uyidagi 500 dan ortiq rangtasvir asarining keyingi taqdiri noma’lum.

Hikmat haqida so‘rasam, "Kuka charx ishlatmasdan xuddi qaldirg‘och in yasagan kabi ko‘za yasayapti Tibetda," deyishdi.

Yana birovlar esa Kukani Braziliyadagi aborigenlar yeb qo‘yganiga ishonishadi.

"Sindirishga urinishdi, lekin sinmadim"

Hikmat G‘ulomov bilan uchrashuvdan 33 yil o‘tib unga qo‘ng‘iroq qildim.

- E Shuhratjon bormisiz. Tirikman hali Mark Tven aytganidek, meni o‘lganim haqidagi xabarlar bo‘rttirilgan. 1976 yilda meni sindirishga urinishdi¸ lekin sinmadim¸ - deydi rassom.

Rassom bir yarim soatlik suhbatda 1976 yili taqiqlanganidan beri ko‘rgan kechirganlari¸ azobu uqubatlarini hikoya qildi.

Nafis san’at g‘oyasiga ishongan¸ go‘zallikni maslak deb bilgan darvesh hikoyasi edi bu.

Formalizm bilan boshlangan va realistik uslubda davom etayotgan ijod yo‘lining o‘rtasida rassom kulol bo‘lib charxsiz ko‘za yasab yurganini esladi.

Charxsiz ko‘zani faqat qaldirg‘ochlar va Kuka yasay oladi.

Odatda ko‘za aylanib turgan charx ustidagi loydan yasaladi.

Ammo qaldirg‘och o‘zining loydan bo‘lgan ko‘za kabi uyasini charxsiz quradi.

Tumshug‘ida loy keltirib sekin-sekin yasaydi.

Odam bu ishni qilishi uchun o‘ta xotirjam bo‘lmog‘i va qaldirg‘och kabi chug‘urlab, yaratganga tinimsiz sano va hamd aytmog‘i kerak.

Kuka buni uddaladi. Ammo keyinchalik KUKA o‘zi yasagan ko‘zalar ichida g‘oyib bo‘ldi deyishdi.Rassomga quloq solamiz:

- Uslubim o‘zgardi. Men realizmga qaytdim. Yo‘q bo‘lmadim balki borliqni aks ettirishning yangi vositasini kashf qildim. Bu kashfiyotim ham e’tiborsiz qoldi. Yana vaqt konyunk’turasiga mos tushmadi. Lekin yo‘qdan bor¸ bordan yo‘q bo‘lmaydi. Moskvadagi ko‘rgazmam odamlar orasida qiziqish uyg‘otdi¸ - deydi huddi 33 yil oldingi bolalarcha soddalik bilan Hikmat G‘ulomov.

Rassomning yangi asari
Rassomning yangi asari

Aslida Moskva art-bomondi Hikmat G‘ulomov ko‘rgazmasiga mutlaq befarq bo‘ldi.

Taniqli munaqqid va art nashrlar bu ko‘rgazma haqida biror jumla ëzishni o‘ziga ep ham ko‘rmadi.

- Rasmlarim sotilmayapti¸ moddiy qo‘llovga muhtojman¸ - deydi so‘nggi 40 yil ichida doimiy qashshoqlikda yashayotgan rassom.

U tug‘ilganida siyosiy hushyor o‘zbek bobosi uni ko‘rib Xitoy rahbari Mao Tsze Dunga o‘xshar ekan, deb aytgan¸ qozoq bobosi esa yo‘q bu Mao Tsze Dun emas - bu Ko‘ka, deydi. Shundan keyin Hikmatjonni yaqinlari Ko‘ka deb atashdi. Ko‘ka Chimkent qozoqlarida "hurmatli" anglamida keladi. "O‘" harfi bo‘lmagani bois "ko‘ka" "kuka"ga aylanib, rassomga taxallus bo‘lib ëpishdi.

Kuka asarlari Urganch muzeyiga olingan 1984 yildan beri yer kurrasi quyosh atrofida aylana¸ aylana yillar kechdi.

Uni tazyiq qilgan SSSR to‘ntarilib tarix chuquriga ko‘mildi. Sovet davri mulozimlari ham yoshini yashab, oshini oshab o‘lib ketdi.

Ammo Toshkentda tug‘ilib bashariyat rassomiga aylangan Hikmatjon asarlari yorqin ranglari ila bokiraligicha turibdi.

O‘zbekiston rasmini chizishni sizga kimdir buyurtma qilsa nimani chizardingiz¸ deb so‘rayman suhbat adog‘ida.

- Bu albatta pozitiv motivli rasm bo‘lar edi. Balkim rassom Saryan o‘z vatanini chizgan kabi yorqin ranglar. Balkim lirika (chuqur xo‘rsinadi). Koshki shunday rasmni chiza olsam. Men tug‘ilib o‘sgan yurtimni shunday sevamanki, uni aks ettirish mushkul. Bunday rasmni chiza olamanmi o‘zi, - deydi Moskvada yashayotgan rassom Hikmat G‘ulomov.

XS
SM
MD
LG