Ozodlikka bog‘langan bir necha tadbirkorning ma’lum qilishicha, ularga bir kilogramm shakar narxini 5200 so‘mdan ortiq sotmaslik talabi qo‘yilmoqda. Selektor yig‘ilishida hukumatdan bu haqda ko‘rsatma olgan soliq inspeksiyasi xodimlari shakarni bu narxdan oshiq sotganlarni jazoga tortmoqda. Ayni paytda, tadbirkorlar 1 kilo shakar ulgurji narxining o‘zi 5200 so‘mdan oshib ketganini aytmoqdalar.
Toshkent shahridagi Shayxontohur tumanidagi oziq-ovqat do‘konlaridan birida ishlaydigan tadbirkorning aytishicha, soliq inspeksiyasi xodimlari bir kilogramm shakarni 5200 so‘mdan qimmat sotgan do‘konchilarni jazoga tortmoqda:
“Davlat soliq inspektorining gapiga ko‘ra, 18 iyun kuni kechqurun selektor yig‘ilishida ular shakarning kilosini 5200 so‘mdan ortiq sottirmaslik haqida topshiriq olishgan. Ular do‘konlarga qo‘qqisdan bostirib kelishyapti va hech narsadan xabari yo‘q tadbirkorlarni jazolayapti. Vaholanki bu haqda ular ogohlantirilmagan”, deydi tadbirkor.
Uning aytishicha, murabbo qilish mavsumi kelgani bois, shakarni ulgurji sotadiganlar narxni oshirgan:
“Toshkentdagi shakar ulgurji sotiladigan joylarda bir qop, ya’ni 50 kilogramm Xorazm shakari 275 ming so‘m, Angren shakari esa 265 ming so‘m bo‘lyapti. Bu, bir kilo shakar 5500-5600 so‘mdan ulgurji olinyapti degani. Tadbirkor qanday qilib buni o‘z zarariga sotadi. Men o‘zim soliqchidan shu haqda so‘rasam, u “siz qopi 4750 so‘m turadigan joydan sotib oling”, deydi. Qaerda ekan o‘sha joy, deb so‘rasam, “men bilmayman, bu yuqoridan tushgan topshiriq biz bajarishimiz kerak”, deb aytadi”, deydi tadbirkor.
Andijon shahridagi bozorlardan biridagi tadbirkor ham, shakarning ulgurji nraxi qimmatlab ketganligi bois uni arzon sotish iloji yo‘qligini aytadi:
“Andijon shahar bozarlarida shakarni 5200 so‘mdan sotasan deb tadbirkorlarni majburlayabdi. Men shakarning 1 qopini Andijon Jahon bozoridan 265 ming so‘mdan olyapman, o‘zimizga 5300 so‘m tushgan shakarni kanday qilib ziyoniga sotaman. Hozir ijuda ko‘pchilik tadbirokrlar soliqchilarning jazosidan qo‘rqib shakar sotmay qo‘ydi. Natijada shaharda shakar tanqisligi vujudga keldi”, deydi tadbirkor.
Buxoro viloyatining Olot tumanidan bo‘lgan tadbirkor Sheralining aytishicha, shakar narxi o‘tgan yilga nisbatan qariyb ikki baravar qimmatlagan:
- O‘tgan yil shu payt bir qop shakarning narxi 150 ming so‘m edi. Bu yil 250-260 ming so‘mgacha chiqib ketdi. Bu dollar bo‘lmadi, balo bo‘ldi. Shu ko‘tarilgandan keyin hamma narsaning narxi oshgan, deydi Sherali.
O‘zbekiston Soliq qo‘mitasining o‘zini tanishtirmagan mulozimi Ozodlik bilan suhbatda shakar narxining o‘sishiga sun’iy to‘siq qo‘yilganini tasdiqladi:
“Bu bizga ham juda og‘riqli masala bo‘lib qoldi. Tadbirkorlar so‘nggi ikki kun ichida bizga ham “shakarni kilosini 5500 ming so‘mdan olib, qanday qilib 5200 so‘mdan sotaman”, deb savol beraverib charchatib yubordi. Sizga ham ularga aytgan javobimni aytaman. Shakarning narxiga biz sun’iy to‘siq qo‘yganimiz yo‘q. Bu bizning tashabbus emas. Bizga 5200dan oshmasin deyilgan, shu topshiriqni bajaryapmiz, bundan oshiq sotganni akt qilyapmiz”, dedi mulozim.
O‘zbekistonda har yili murabbo mavsumida shakar taqchilligi kuzatiladi va buning ortidan shakar narxi keskin ko‘tarilib ketadi.
O‘zbekistonda bu mahsulot “Xorazm shakar” va “Angren shakar” shirkatlarida ishlab chiqariladi va uning miqdori aholini bemalol ta’minlashga etishi aytiladi.
O‘tgan yilning shu payti 1 kilo shakarning narxi 3200 so‘mdan 3700 so‘mgacha bo‘lgan.
O‘zbekistonda shakar importi bilan shug‘ullangan “Baho shakar” - Bahodir Karimjonov 2013 yilda mamlakatdan qochib chiqib ketgan edi.
O‘zbekiston shakar monopolistlari ro‘yxatida "Baho shakar"dan so‘ng "Obid shakar" bilan "Turg‘un shakar" laqabli tadbirkorlar turishi aytiladi.
2014 yilning boshida Toshkent viloyatidagi "Angren" maxsus industrial hududda kuniga bir ming tonna shakar ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lgan yangi zavod ishga tushgan edi.
1998 yilda esa Xorazm viloyatida "Xorazm shakar" qo‘shma korxonasi ishga tushirilgandi.