Линклар

Шошилинч хабар
10 май 2024, Тошкент вақти: 21:11

Qurultoy: 11 yillik umumta’lim tizimiga o‘tish O‘zbekistonni qoloq davlatlar safiga qo‘shishi mumkin!


Prezident Shavkat Mirziyoev yaqinda Toshkent shahri maktablaridan birida “tajriba sifatida 11 yillik ta’limni qayta tiklash zarurligini” ta’kidlagani ortidan Xalq ta’limi vazirligi va “keng jamoatchilik” bu taklifni “ ommaviy ma’qullash” ma’rakasini boshlab yubordi. O‘zbekiston telekanalida chiqish qilayotgan o‘qituvchi opalar “11 yillik ta’limga qaytishni eng oqilono va ming dardga davo” deya alqashdi.

Ozodlikning "Qurultoy" dasturida qatnashgan mutaxassislar esa¸ 11 yillik ta’limga qaytishning salbiy oqibatlaridan gapirishdi.

Қурултой эшиттириши
Илтимос кутинг
Киритиш (Embed)

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:47:23 0:00

Chexiyadagi Bohemiya universtiteti o‘qituvchisi Xolnazar Omonov nazarida bu qaytish O‘zbekistonni qoloq davlatlar klubiga a’zo qilib qo‘yadi va O‘zbekistonning dunyo ta’lim sohasida kechayotgan olamshumul o‘zgarishlardan chetda qolishiga sabab bo‘ladi.

Bu fikrni ta’lim muammolarini yoritib kelayotgan toshkentlik blogger Sardor Salim ham ta’kidladi:

- Barcha o‘tmishga emas, kelajakka ko‘z tikkan, taraqqiy etish istagida bo‘lgan millatlar 12 yillik ta’lim tizimini tanlayotgan bir vaqtda biz zamonaviy shart-sharoitlarda samarasizligini ko‘rsatgan 11 yillik tizimga qaytayotganimizga sabab nima? Bu savolga muxtasargina qilib, o‘rta ta’lim tizimidagi tanazzul, deya javob berish mumkin. Maktab (kollej va litseylar) o‘z funksiyasini bajarmayapti. Biroq ba’zilar o‘ylaganidek, sovet modelidagi 11 yillik o‘rta maktab tizimiga qaytishning o‘ziyoq ta’lim sifatini yaxshilamaydi.

"Qurultoy"da ishtirok etgan jurnalist Nazokat Azim 1997 yildan oldin mavjud bo‘lgan 11 yillik ta’lim qayta tiklanishi zarurligini urg‘ulaydi:

- Tiklash kerak. Shunda xuddi avvalgidek, kim istasa maktabda qolib, o‘qishni davom ettiradi, kim hohlasa kasb-hunar kollejlarida o‘qiydi. Muammo - maktab darsliklarida va o‘qituvchilarda. Yangi o‘quv yiligacha maktab darsliklarini chiqarishga ulgurisharmikan, deb qayg‘urayapman. Agar chiqarilgan taqdirda ham¸ bunday qisqa vaqt mobaynida ularning sifatli bo‘lishi odamni o‘ylantiradi. Tabiiyki, o‘qituvchilarni ham qayta o‘qitish, darsliklarga doir uslubiy qo‘llanmalar bilan ta’minlash talab etiladi.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ 11 yillik maktab ta’limi uyiga sovchi kelayotgan qizlarga ham qo‘l keladi:

- Necha yil o‘qishdan ko‘ra¸ o‘qishning sifati muhimroq. Agar haqiqatan ham bolalarning bilim olishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatuvchi dasturlar ishlab chiqilsa, nur ustiga a’lo nur, lekin bor programmani cho‘zib yoki takrorlab, bolalarning bir yillik vaqtini o‘g‘irlash insofdan emas. Buning ustiga¸ bizda 18 yoshli qizlarning uyiga sovchi kela boshlaydi. Erta turmush qurish an’anasiga rioya qiladigan oilalarimizdagi qizlarimiz, 9-sinfni bitirib, biror kasbga ega bo‘lganlari maqsadga muvofiq¸ deya ta’kidlaydi Nazokat Azim.

Fotorassom Umida Ahmedova sovet davridagi ta’lim tizimi samarasini ma’qullab gapirdi.

Blogger Sardor Salim bu gaplarni noilmiy iddaolar deb atadi:

-Ushbu iddaolardan tashqari aksariyat izohlarda uchrayotgan 11 yillik ta’limning eng muhim afzalligi bu – “sovet ittifoqida biz shunday o‘qiganmiz, shu ta’lim tizimi bilan Belka va Strelkani kosmosga uchirganmiz” ekan. Endi nega 200 ga yaqin davlatdan 163 nafari maktablarini 12 yillik ta’limga o‘tkazayotgani sabablarini ko‘rib chiqaylik.

Zamonaviy dunyo taraqqiyotining muhim qonuniyatlaridan biri ta’lim vaqti tobora uzayib borayotganidir. Ko‘proq millatlar bejizga maktab ta’limini 12 yillik tizimga (boshlang‘ich – 4 yil, o‘rta – 5 yil va o‘rta maxsus - 3 yil kollej yoki litsey) o‘tkazmayapti. O‘quvchi o‘zlashtirishi zarur bo‘lgan ma’lumotlar hajmi yildan-yilga kattarib bormoqda – uni o‘zlashtirish, yangi qobiliyat va malakalarga ega bo‘lish tobora ko‘proq vaqtni va yangi mazmunni talab qilayapti.

Dunyoda 12 yillik maktab ta’limiga asoslangan muayyan xalqaro ta’lim standarti shakllangan. AQSh, Kanada, Yaponiya, Shvetsiya, Fransiya o‘rta maktabida – 12 yil, Germaniya, Chexiya, Italiya, Shveysariyada – 13 yil, Niderlandiyada – 14 yil o‘qiladi. Rivojlangan davlatlarning barchasida oliy o‘quv yurtiga kirish uchun kamida 12 yillik o‘rta ta’lim talab qilinadi. Basharti biz 11 yillik ta’limga qaytsak, o‘zbek maktabining bitiruvchisi xorij universitetiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri kira olmaydi, yana bir-ikki yil ularning maktabida o‘qib berishga majbur bo‘ladi. Xususan, shunday muammoga men ham duch kelganman. Germaniyaning Haydelberg universiteti tanlov komissiyasi o‘zbek maktabi attestatini 11 yillik bo‘lgani uchun tan olmagan. Yana bir yil o‘zbek oliy o‘quv yurtida ham o‘qiganim jonimga oro kirgan, o‘sha bir yil 12-o‘rta ta’lim yili o‘rniga o‘tgan¸ deydi o‘zbekistonlik blogger.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ mintaqadagi davlatlar ham ta’lim sohasida yuqori standartga intilmoqda:

- Post-sovet davlatlari ham 12 yillik tizimga yo allaqachon o‘tgan, yo o‘tishni niyat qilgan. Xususan, Ukraina (2018) va Qozog‘iston (2020) ham tez orada bu tizimga o‘tishni rejalashtirgan. Biz Rossiyaga taqlid qilishni, undan ilhomlanishni yaxshi ko‘ramiz. Lekin Rossiyaning o‘zida ham sovet o‘rta ta’lim modelidan voz kechib, 1-4 (boshlang‘ich maktab), 5-10 (o‘rta) va 11-12 (yuqori) formulasiga o‘tish niyati bor. Xo‘sh, ular shunday qilsa, biz yana axmoq bo‘lib, 12 yillikka qaytamizmi? Nahotki shunchalar betayin bo‘lsak!¸ deya ritorik savol qo‘ygan Sardor Salim ¸ta’limdan maqsad nima o‘zi degan savolga ham oydinlik kiritdi:

-Ta’limning maqsadi voyaga yetmaganlarni mahalla-ko‘yning ko‘z oldida saqlash, yurish-turishi, kiyinishi, o‘zini tutishini nazorat qilish yoki yoshlar o‘rtasida o‘z joniga qasd qilish, erta tug‘ruq, turli oqimlarga qo‘shilib qolish kabi vajlar bilan ularni “doimiy infantil yosh bola” statusida saqlab qolish emas. Ta’lim tizimining maqsadi sipo, oq ko‘ylak, qora shim kiygan olomonni etishtirish ham emas.

Ta’lim tizimining bosh maqsadi mustaqil fikrlaydigan avlodni shiddat bilan o‘zgarayotgan global dunyoda yashab ketishga tayyorlash, ularni boshqa mamlakatdagi tengqurlariga nisbatan raqobatbardosh qilish va shu orqali millatning ravnaqini ta’minlashdir. Yoshlari kasbsiz, mahorat va malakasiz, mustaqil fikrlamaydigan, o‘rganishni o‘rganmagan millatlar zaiflashib, boshqa millatlarga yem bo‘lishini tarix 1001 marta isbotlab bergan.

Mana shu tarixdan saboq chiqargan holda¸ O‘zbekiston zamon talablariga javob berish maqsadida 12 yillik ta’lim tizimini postsovet hududida birinchilardan bo‘lib joriy etdi. Birinchi prezident Islom Karimov 1990 yil 3 avgustda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishlardan birida respublikada barcha sohalar qatori ta’lim tizimi ham butunlay izdan chiqqani, o‘quv muassasalari achinarli ahvolga kelib qolganini aytib o‘tgan edi. 1997 yilda qabul qilingan “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonun va "Kadrlar tayyorlash milliy dasturi" zamonaning kun tartibidagi muammolarni hal etish uchun o‘z davrining ilg‘or va uzoqni ko‘zlagan tashabbusi bo‘lganini boshqa postsovet respublikalari ham endigina – bizdan 20 yil keyin bu yo‘ldan yurishni rejalashtirgani ko‘rsatib turibdi.

Lekin ta’lim tizimidagi islohotlar ko‘zlanganidek amalga oshirilmadi yoki allaqachon ma’nan eskirdi. Bizga hozir ta’limning yangi islohoti kerak, lekin bu islohot o‘quv yillar sonini qisqartirish yoki ko‘paytirishdan iborat bo‘lmasligi lozim¸ deya ta’kidlaydi blogger Sardor Salim.

XS
SM
MD
LG