Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 10:24

Andijonda rejadan ortiq bug‘doyini hokim tortib olgan fermer o‘zini osgani iddao qilindi


Marhum fermer yashagan uy
Marhum fermer yashagan uy

Andijon viloyati Izboskan tumanidagi “Cho‘nbog‘ish Qutbiddin” fermer xo‘jaligi boshlig‘i Husniddin Rajabov hamkasblarining iddao qilishicha, u 21 iyun kuni o‘zini osib qo‘ygan. Ularga ko‘ra, Rajabov rejadan orttirgan va ishchilariga taqsimlash niyatida olib qo‘ygan bug‘doyini tuman hokimi tortib olgandan so‘ng, o‘z joniga qasd qilgan. Fermerlar, shuningdek, tuman hokimi militsiya xodimlarini uyma-uy yurib, bug‘doy qidirishga safarbar etganini aytadi. Ammo, Izboskan tuman hokimligi mazkur iddaolarni inkor qilmoqda. Hodisa yuzasidan tuman prokuraturasi surishtiruv ishi ochgan.

Izboskan tumanining Obod mahallasida istiqomat qilgan 38 yashar fermer Husniddin Rajabov 21 iyun kuni o‘z joniga qasd qildi.

Bu haqda Ozodlikka xabar bergan, ismi sir qolishini so‘ragan fermerlardan birining iddao qilishicha, Husniddin tuman hokimining tazyiqlariga chiday olmay, uyiga kelib o‘zini osgan:

“Husniddin g‘ayratli fermerlardan biri edi. Tuman hokimi Akmaljon Jamolov hozir hamma fermerlardan rejadan ortiq bug‘doyini tortib olmoqda. Husniddin ham ishchilarimga bo‘lib beraman, qarzlarimni to‘layman deb rejadan ortgan bug‘doyini olib qo‘ygan ekan. Shuni hokimning buyrug‘i bilan olib ketishibdi. Husniddin stressga tushib o‘zini osib qo‘yibdi”, dedi fermer.

Andijon viloyati prokuraturasining o‘zini tanishtirmagan mulozimi fermerning o‘z joniga qasd qilganini tasdiqladi:

“Shunday voqea bo‘lgan. 1979 yilda tug‘ilgan, “Cho‘nbog‘ish Qutbiddin” fermer xo‘jaligi rahbari Husniddin Rajabov 21 iyun kuni yarim kechasi o‘z uyining tom to‘siniga o‘zini osib, halok qilgan. Ayni paytda bu ish bilan Izboskan tumani prokuraturasi shug‘ullanmoqda. Hozircha, uning nima sababdan o‘z joniga qasd qilgani ma’lum emas”, dedi mulozim.

Ismi sir qolishini so‘ragan izboskanlik boshqa fermer ham tuman hokimi fermerlarning rejadan orttirgan bug‘doyini tortib olayotganini aytdi:

“Men 50 gektar yerga g‘alla ekib, 150 tonnaga shartnoma qildim va shuncha donni qabul punktiga topshirdim. Yana majburiyatga 10 foiz degandi, unga ham 15 tonna topshirdim. Lekin bu bilan ham qutulmadim. Hokim yana 30 tonna g‘alla topshirasan deb, majbur qilyapti. Nega men davlat rejasidan ortiqcha yana 45 tonna g‘alla topshirishim kerak? Xo‘jaligimda ishlaydigan 70 nafar ishchilarimga nima beraman? U becharalar faqat shu bug‘doy uchun ishlaydi. Nega hokim bizni talayapti? “Agar topshirmasang, ishtoningni boshingga kiydirib, ko‘cha aylantiraman”, deb do‘q qiladi. Prezidentimizning xalqparvarlik siyosatiga qarshi boryapti, bu hokim”, deydi fermer.

Uning aytishicha, hokimning buyrug‘iga asosan ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i militsiya xodimlarini fermerlarning uyiga borib qancha bug‘doyi borligini tekshirishga safarbar etgan.

Husniddin Rajabov o‘zini o‘z uyida osgan
Husniddin Rajabov o‘zini o‘z uyida osgan

Ozodlik fermerlarning bu iddaolariga munosabat olish uchun Izboskan tumani hokimiyati bilan bog‘landi. Tuman hokimi Akmaljon Jalolov g‘alla o‘rimini tekshirishga ketgani uchun uni topishning imkoni bo‘lmadi.

Tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Otabek Rahimov, Ozodlik bilan suhbatda fermerning o‘z joniga qasd qilishi sababini bilmasligini aytar ekan, fermerlarning rejadan ortiq bug‘doyini tortib olinayotgani haqidagi gaplarni inkor qildi:

“Birinchidan, rejadan tashqari fermerning bug‘doyini hech kim olib qo‘yayotgani yo‘q, bunday gap bo‘lmagan. Ikkinchidan, agar shunday holat bo‘lgan bo‘lsa kelib o‘rganishingiz mumkin, lekin bunday gap bo‘lmagan”, dedi hokim o‘rinbosari Otabek Rahimov.

O‘zbekistonda hokimlik mulozimlari, fermerlarning o‘z joniga qasd qilish hollari tez-tez uchrab turadi.

2015 yili Andijon viloyati Izboskan tumanida fermerlik qilgan 29 yoshli Nodirbek Haydarov tuman hokimi va prokurori o‘tkazgan majlisdan chiqib, o‘zini osib qo‘ygan edi.

Ozodlik manbalariga ko‘ra, hokim va prokuror fermerni bug‘doy rejasini bajarmagani uchun qattiq koyigan va u majlisdan chiqib, qishloq xo‘jaligi bo‘limi hojatxonasida o‘z joniga qasd qilgan.

Undan oldin, Xorazm viloyatining Hazorasp tumanida paxta planini bajarmagani uchun tuman hokimligi mulozimi tomonidan haqoratlangan fermer Habibullo Egamberdiev uyiga qaytgach, o‘zini osgandi.

2013 yilda Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumani hokimligida o‘tkazilgan majlis paytida mahalliy fermer Tursunali Sodiqov ichki ishlar bo‘limi rahbari tomonidan kaltaklanganidan bir kun o‘tib yurak hurujidan vafot etgan edi.

XS
SM
MD
LG