Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 11:10

Qozog‘istonda 9 oila OIV yuqqan bolasini davolashdan bosh tortmoqda


OIVga chalingan chimkentlik qizaloq, 2010 yil
OIVga chalingan chimkentlik qizaloq, 2010 yil

Janubiy Qozog‘istondagi 9 oila OIVga chalingan farzandlarining kasalligi OITSga aylanib ketishi olidini olishga qaratilgan tibbiy muolajadan bosh tortmoqda. Viloyat hokimiyati esa ota-onalarni muolajani kuch qo‘llash vositasida davom ettirishidan ogohlantirdi.

Qozog‘iston qonunchiligi sog‘liqni saqlash sohasi xodimlariga OIV/OITS (Orttirilgan immun taqchilligi virusi/Orttirilgan immun taqchilligi sindromi)ga chalingan bemorlarga nisbatan majburiy davo choralarini qo‘llashga izn beradi.

Mabodo chimkentolik ota-onalar fikridan qaytmasa, davlat idoralari xodimlari 10ga yaqin oilaga nisbatan bu chorani qo‘llashga majbur bo‘lishidan ogohlantirmoqda.

Bu oilalarning bolalari 10 yil muqaddam Chimkent shahridagi shifoxonada tomiriga zararlangan qon quyish oqibatida OITS qo‘zg‘aydigan virus yuqqan 150 bola safida bo‘lgan. Bu bolalardan 10 nafari o‘sha vaqtda nobud bo‘lgan edi.

Ozodlik muxbiri farzandining tibbiy muolaja olishini istamayotgan oilalardan faqat bittasi bilan gaplashishga muvaffqa bo‘ldi. Ismi oshkor qilinishini istamagan oila OIVga qarshi dorilarni o‘g‘liga bermayotganini tan oldi.

Uning fikricha, dorining nojo‘ya ta’sirlari bo‘lishi mumkin.

Farzandimizning o‘zi biror narsani na icha, na eya oladi, – dedi Turkiston shahrilik ota. – Unga OIVga qarshi dorilarni berib ko‘rdik, lekin ularni yuta olmaydi. Bo‘g‘ziga tiqilib qolyapti, yana badaniga toshma toshib ketyapti.

Shimkent shahridagi OITS yuqtirgan bolalarning huquqlarini himoya qilish bilan shug‘ullanuvchi Bolalarni OITSdan himoya qilish jamg‘armasiga rahbari Jannetta Jazikbaevaga ko‘ra, ayrim ota-onalar manbasi noaniq «diniy sabablar»ni bunga ro‘kach qilsa, boshqalari farzandlarining ahvoli «yaxshi», deya tabbiy muolajani rad etmoqda.

Bolalarni OITSdan himoya qilish jamg‘armasining Chimkent bo‘limi boshlig‘i Jannetta Jazikbaeva (arxiv)
Bolalarni OITSdan himoya qilish jamg‘armasining Chimkent bo‘limi boshlig‘i Jannetta Jazikbaeva (arxiv)

Jamg‘arma vakillariga ko‘ra, farzandlari OIV yuqtirib olgan oilalarning kamida to‘qqiztasi farzandlarining hayotini saqlab qoluvchi tibbiy muolajalarni olishdan bosh tortmoqda.

Shunday oilalardan biri Sariag‘ach tumanida yashaydi va ularning ikki farzandi OIV yuqtirgan, bittasining ahvoli yomonlashib bormoqda.

Ular hatto analiz topshirgani ham kelmaydi, – dedi Chimkent shahridagi Ona va bola salomatlik markazi boshlig‘i muovini Murat Agabaev. – Mahalliy doktorlar politsiya xodimlari hamrohligida analiz olgani ularning uyiga borishga majbur bo‘ldi.

Jazikbaeva vakili bo‘lgan nodavlat tashkiloti Sariag‘ach tumani hokimiga ushbu masalada yordam so‘rab xat yubordi. Chunki, ota-onani politsiyayu prokuraturani aralashtirib bo‘lsa ham 14 yashar bolani davolatishga ko‘ndirish kerak. Chunki bu – hayot-mamot masalasi.

Jazikbaeva oilaga oid ma’lumotlarni oshqor qilmadi, chunki mavjud qonunchilik bemor va oilasi haqida ma’lumotlar maxfiy tutilishini talab qiladi.

Bemorlarning oilasi jamiyatda yakkalab qo‘yilishidan qo‘rqib, bemor qarindoshlarining ahvolini oshkor qilishni istamaydi.

Bu holatda ayrim vrachlar farzandlari hayotini xavf ostiga qo‘yadigan ota-onalarni ota-onalik huquqidan mahrum qilishni taklif etmoqda. Viloyatdagi hokimiyat idoralari vakillari esa «vaziyatni qonun doirasida hal etishga harakat qilayotgani»ni aytmoqda.

2006 yilda Janubiy Qozog‘iston viloyatida OIV epidemiyasi ro‘y bergan. O‘shanda ko‘plab bemorlar davlatga qarashli bolalar kasalxonasida zararlangan qon quyilishi oqibatida virus yuqtirib olgani aniqlangan edi.

21 nafar tibbiyot xodimi va amaldor sovuqqonlik hamda korrupsiyada ayblanib, sudga tortilgan. Bir necha vrach qamoq jazosiga hukm qilingan.

Virus yuqtirib olgan oilalar 10 ming dollargacha bo‘lgan bir martalik tovon puli oldi, bolalarga esa 18 yoshga to‘lguncha oylik nafaqa puli belgilandi. Eng yosh bemor 2 oylik chaqaloq, qolgan ko‘pchiligi endi atak-chechak qila boshlagan bolalar edi.

Omon qolgan bolalar umrbo‘yi davolanishga majbur. Ko‘plab ota-onalar farzandlari ijtimoiy ayiruvchilik va kamsitishga duch kelayotganini aytmoqda.

Hokimiyat vakillarining aytishicha, o‘n yil oldin virus yuqtirib olgan bolalar qanaqa kasal ekanini biladi, ammo mutaxassislar boshqa bolalar hali yosh bo‘lgani uchun ularga kasalidan xabar berishga erta deb hisoblaydi.

XS
SM
MD
LG