Линклар

Ramazon hayiti kuni Toshkent va Farg‘ona vodiysidagi shaharlarda xonadonlarda “Hayit salomi” marosimlari bo‘ldi. Bu kabi marosimlar 2012 yilda Toshkent shahar Xalq deputatlari kengashi qarori bilan taqiqlangan edi. Hatto, mahalla faollari bayram arafasida yangi kelin tushgan xonadonlarga kirib, "Hayit salom" o‘tkazmaslik haqida tilxat yig‘ardi.​

Ozodlik suhbatlashgan toshkentliklar ortiqcha dabdabozlik sifatida qoralanib, 2012 yildan taqiqlangan «Hayit salom» mahallalarda alohida ko‘tarinkilik bilan keng nishonlanayotganini aytmoqda.

Yaqinda kelin tushirgan toshkentlik qaynona Dilfuza opaga ko‘ra, o‘tgan yillarda mahalla qo‘mitalari bu tadbirni o‘tkazmaslik haqida tilxat olishgandi.

- O‘tgan yillarda bekitib qilganmiz. Mahalladan kelib «Hayit salom» qilmaysan, deb tilxat ham olib ketishgan. Bugun, xudoga shukur, oëq-qo‘limizni uzatib, orzu-havas qilib, «Hayit salom»lar qildik. "Kelin ko‘rdi" va "Kelin salomlar" kuni kecha paydo bo‘lgan odatlarimizmas. Bu ota-bobolarimizdan qolgan go‘zal urf-odatlar. Kelinlar o‘z latofati va pazandaligini namoyish qiladigan ko‘rik tanlov bu, - deydi yaqinda kelin tushirgan toshkentlik qaynona.

Kelin salom
Kelin salom

2012 yilning aprel oyida Toshkent shahar Xalq deputatlari kengashi “To‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlar xotiralariga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish to‘g‘risida” qaror qabul qilgan edi. Qaror ortidan har yili mahalla oqsoqollari hayit arafasida yangi kelin tushirgan xonadonlarga borib, "Hayit salom" o‘tkazmaslik borasida tayinlab kelishgan.

Lekin, qat’iy cheklovlarga qaramasdan, Ozodlik Toshkentning ayrim mahallalarida o‘tgan hayitlarda “Kelin salom”lar yashirincha o‘tkazilganini yozgandi.

Ozodlik suhbatlashgan Toshkentning Shayxontohur tumanidagi Yoqub Ziyoev mahallasida yashaydigan ko‘p farzandli ona Qutbi opa Mahkamovaga ko‘ra, bu safargi hayit oldidan hech kim kelib ogohlantirmagan:

- Bu yil hech kim kelib falon qil¸ falon qilma demadi. O‘tgan yillari kelin-kuyovlar hayit kuni kinoga borsin, teatrga tushsin, deb zo‘rlashlar bo‘luvdi. Endi bu narsa to‘g‘ri kemaydi bizga. Chillalik kelin uyda o‘tirsin. Juda unaqa oshirvormasdan chiroyli qilib, "Hayit choyi" berilgani ma’qul¸ - deydi Qutbi opa.

Tog‘ora ko‘targan aëllar
Tog‘ora ko‘targan aëllar

Kamtarga kamol yoki ekonom klass "Hayit salom"

Yaqinda kelin tushirgan toshkentlik qaynona Dilfuza opa dabdabasiz "Hayit salom" qilganini aytadi:

- Qudam bir xil o‘lchamdagi 12ta tog‘ora yubordi. Ustiga o‘ralgan dasturxonlar ham lo‘lini ishtonidek, har xil emas. Hammasi bir xil, novvot rangda did bilan ustiga zar tikilgan dasturxon. Bezatig‘lik xontaxtani ham ikki etaj qilmadik, ko‘z-ko‘z qilib. Dasturxondagi tarelkalar ham bir xilda. Chetiga zar tortilgan, ichiga guldasta tushirilgan qora farfor. Qoshiq-vilkalar esa Turkiyaning "Royal" firmasiniki, toza mol. O‘g‘limga (kuyov) bosh-oyoq sarpo keldi. Italiyada ishlangan toza charmli tufli. Birovlar tuflini ichiga yuz dollarlik pul soladi, barakali bo‘lsin deb. Biz buni qilmadik, bunaqa bachkana odatga qarshimiz. Keyin kostyum-shim va rubashka. Bo‘ldi. Qo‘shnimizga, masalan, soat va IPhone telefon ham sarpoda kelgan. Biz buni qilmadik. Kamtarga kamol, - deydi qaynona Dilfuza opa.

"Hayit salom" - qiz chiqarganlar uchun o‘lpon

"Hayit salom"lardagi ortiqcha hashamatni o‘z intermediyalarida 40 yildan beri tanqid qilib kelayotgan kulgi ustasi Sherqo‘zi G‘oziev bu tadbirni cheklash tarafdori.

Ayni paytda, san’atkor Toshkent shahar Xalq deputatlari kengashining bu to‘g‘risidagi qarori bekor qilinmaganini ham ta’kidladi:

- Bu qaror hali ham kuchda turibdi. Mahalla faollari bu qarorni yana bir o‘qib¸ qudasiga o‘lpon soladiganlarni tergasin! Yuragidan bir qismini yulib berdi, yana nima qilish kerak? Qudaning qizini ham uzatib berish kerakmi? Qiz chiqarganga qiriq yil tegma, degan maqolga ikki yuz foiz qo‘shilaman. O‘zbekchilikda bunday masalalarni echish juda qiyin bo‘larkan. Buning uchun ko‘pchilik xarakat qilish kerak ekan - deydi taniqli san’atkor.

Yana bir taniqli teatr va kino artisti Rashid Shadat ham “Hayit salom” tanqidchilaridan biridir.

- Isrofgarchilik bu. Juda oshirib yuborishgan shu kunlarda. Musobaqaga aylanib ketgan. Bu yerda qilsin-qilmasin, degan gap yo‘q. O‘ziga yarasha kamtarinlik bilan qilsa bo‘ladiku?! Qani edi, shunga ketgan pulning yarmini bolalar uyiga yoki qariyalar uyiga ehson qilsa, bundan katta savob bormi?! deydi Rashid Shadat.

Hayit dasturxoni
Hayit dasturxoni

Ozodlik suhbatlashgan toshkentlik qaynona Guli Ikromova "Hayit salom"ga ketadigan pul farzandlar kamoli uchun sarflansa, ma’qul bo‘ladi, deb hisoblaydi:

- Men qarshiman bunga. Meniyam ikkita kelinim bor. Ular baxtli yashasa shu yetadi menga. Bu o‘z umrini yashab bo‘lgan odat: U yoqdan tog‘ora olib kelsangiz, bu yoqdan tog‘ora kelsa. Bu bo‘lmagan narsa. Kun issiq. Yo‘lda kelguncha tog‘oradagi ovqatlar buzilishi mumkin¸ - deydi suhbatdosh.

Toshkentning “Kamolon” mahallasida yashashini aytgan Dilbar Usmonova Ozodlik muxbiri bilan suhbatda “Hayit salom" qiz chiqarganlar uchun o‘lpon”, deya ta’kidladi.

- Muhayyo qizim bir haftalik kelin bo‘lgan paytida Qurbon hayiti bo‘ldi. O‘zi qarzga botgan edik. Yana qarz qilib, elning rasmini qilib uy yasatdik, dasturxon bezatdik. Bitta ovqat qildik¸ shirinliklarni ham ozroq pishirdik. Keyin shuni ortidan qudam bilan san-manga ham bordik. Bir kunlik hayit uchun meni sharmanda qildi, deb mendan arazladi, o‘rtaga sovuqchilik tushdi. Shundan beri birov "Hayit salom" qilsa, ichim titrab turadi deydi¸ - suhbatdosh.

"Hayit salom" - libos va gastronomiya ko‘rgazmasi

O‘zbekistonlik san’atshunos Akmal Rizaev "Hayit salom" tadbirini submadaniyat, deb atadi:

- Bu o‘ziga xos teatr yoki san’at performensi. Agar buni oddiylashtirsangiz, tarovat yo‘qoladi. Mahalladagilar kelinni interyeri va gastronomiyasi hamda kulinariyasini tomosha qilishadi. Bezatilgan stol esa san’atdagi barokko uslubini eslatadi. Ayniqsa, hozir banan, kivi va ananas kabi tropik mevalardan bo‘lgan ulkan vaza xontaxta o‘rtasida turishi urf bo‘lgan. Dasturxon esa izobilie (to‘kin-sochinlik) namunasi kabi. Parcha va harir liboslardagi kelinning qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib choy quyish sahnasi, kiyim almashtirishi - bularning hammasi shaharlik o‘zbeklarga xos submadaniyatdir. Buni ijobiy ëki salbiy, demasdan qanday bo‘lsa, shunday qabul qilish kerak. Taqiqlanishiga esa umuman qarshiman. Odamlar o‘zlari topgan pulni qanday xohlasa, shunday sarf qilish erkiga ega, - deydi san’atshunos.

"Hayit salomi" yoki oltin suvi yuritilgan tog‘ora

Toshkent shahri va viloyatida Ramazon va Qurbon hayitlarida yangi tushgan kelinlar "Hayit salomi" berish an’anasi shakllangan.

An’anaga ko‘ra, yangi kelinlar Ramazon hayitida uch kun, Qurbon hayitda esa bir kun dasturxon bezab mehmon kutishadi. Kelinlar mahalla-kuyda yashovchi xotin-qizlar, bolalar, qarindoshlarga "Kelin salom" qilib, ularni mehmon qiladi.

"Hayit salom"ni cheklash haqida qaror chiqqan 2012 yilga qadar quda taraf hayitda 40ta tog‘orada pishiriq yuborish odati shakllangan edi.

Bu yil Toshkentda "Hayit salom" uchun bir necha yuz AQSh dollaridan 13 ming dollargacha harajat qilinayotgani haqida ma’lumot bor.

"Bu tadbir uchun oltin qoplamali (susalnoe zoloto) tog‘oralardan bir nechtasini ijaraga olish narxi esa 100 dollardan boshlanadi", deydi O‘zbekistonlik san’atshunos Akmal Rizaev.

XS
SM
MD
LG