Roskomnadzor Telegram rahbariyatidan messenjerni axborot tarqatuvchi vosita sifatida ro‘yxatdan o‘tkazishni talab qilmoqda. Aks holda, hukumat Rossiya hududida bu tarmoqni blok qilishi mumkin. Ro‘yxatdan o‘tgan taqdirda, bu ijtimoiy tarmoq, foydalanuvchilarga oid personal ma’lumotlarni maxfiy xizmatlarga topshirish majburiyatini oladi.
Roskomnadzor Telegram ma’muriyatidan shifrlash kalitlarini so‘radi
Rossiyaning Aloqa, axborot texnologiyalari va ommaviy kommunikatsiyalarni nazorat qilish bo‘yicha federal xizmati, ya’ni Roskomnadzor Telegram rahbari Pavel Durovdan tarmoqdagi shifrlash kalitlari - foydalanuvchilar bir-biriga yo‘llayotgan xabarlar mazmuniga olib kiruvchi maxsus ma’lumotlarni maxsus xizmatlarga topshirishni talab qildi.
Federal xizmat rasmiy saytida tuzilma boshlig‘i Aleksandr Jarovning mesenjer egasi Pavel Durovga yo‘llangan maxsus murojaati chop etildi.
"Talabimiz bitta va u oddiy: Telegram tarmog‘ini boshqarayotgan kompaniya jo‘natilgan ma’lumotlar anketasini to‘ldirishi zarur. Shuningdek, Roskomnadzorga bu ma’lumotlarni axborot tarqatuvchilar ro‘yxatiga kiritish uchun rasmiy tarzda yuborishi kerak. Biroq biz messenjer ma’muriyatidan hanuzgacha javob olmadik", deb yozdi Roskomnadzor rahbari.
Aks holda, Roskomnadzor Telegram messenjerini bir necha kun ichida Rossiyada blok qilib qo‘yish bilan ogohlantirdi. O‘z talabini axborotni nazorat qilish xizmati rahbariyati “terrorchilarga qarshi kurash zarurati” bilan izohladi.
Idoraning messenjer rahbariyatiga bu talabi Rossiya Federal Xavfsizlik xizmati (FSB) 3 aprel kuni Sankt-Peterburg metrosini portlatgan, deb topilgan Akbarjon Jalilov terrorchilik aktini “Telegram messenjeri yordamida tayyorlagan”, deb e’lon qilganidan so‘ng yangradi.
"Xalqaro terror tashkilotlari a’zolari Rossiya Federatsiyasi hududida, asosan, Telegram messenjeridan faol foydalanib kelmoqda. Bu tarmoq terrorchilarga shifrlashning yuqori darajasiga ega bo‘lgan maxfiy chatlarni tuzish imkonini berib kelmoqda", deyiladi FSB rasmiy xabarida.
FSB xodimlari xalqaro terrorchilar “o‘zaro va chet eldagi kuratorlari bilan konspirativ aloqa qilish uchun” boshqa messenjerlardan ham foydalanayotganini ta’kidladi.
Aynan Telegram tarmog‘ining Rossiya jamiyati uchun “xavf-xatar” to‘g‘dirayotgani haqidagi mavzuni Rossiya markaziy telekanalining bosh propagandachisi sifatida tanqid qilinadigan Dmitriy Kiselev va boshqa telekanallar boshlovchilari ham ko‘tardi.
("Xavfli Telegram" - Rossiya 1 telekanalining maxsus reportaji)
Biroq, rus boshlovchilari WhatsApp, IMO, Viber kabi boshqa messenjerlar yoki Feysbuk, Odnoklassniki va Gugl chatlari ham terrorchilar tomonidan ishlatilishi mumkinligi to‘g‘risida og‘iz ochmadi.
Telegram asoschisi: Messenjerni yopish bilan terrorni to‘xtatib bo‘lmaydi
33 yashar Telegram asoschisi, tadbirkor Pavel Durov bu talablarga bo‘ysunmasligini aytib, foydalanuvchilar qoldirgan xabarlar boshqa mesenjerlarda ham to‘liq shifrlanishini eslatdi.
“VKontakte” tarmog‘idagi sahifasida u Telegram terrorchilar bilan bog‘liq chatlarni doimiy ravishda blok qilib keladi, deb ta’kidladi.
“Rossiya maxfiy xizmatlari bu kabi fojeadan ham aholi ustidan o‘z ta’sir doirasi va nazoratini kengaytirish yo‘lida foydalanayotgan bo‘lsa, bu achinarli holdir. Ijtimoiy tarmoqlarni alohida mamlakatda shifrlashdan voz kechtirish talabi yuzlab million odamni xakerlar hujumi va korruptsiyalashgan amaldorlar tovlamachiligi oldida himoyasiz qoldiradi. Ayni paytda, bunday chora teraktlar xataridan saqlamaydi – Parijdagi hodisalar kabi, terakt o‘tkazish uchun bir martalik telefon va shifrsiz SMSlardan foydalanish mumkin”, deb yozdi Pavel Durov.
Telegram egasi Roskomnadzorning bu talabini Konstitutsiyaga zid, deb hisoblashini ham ta’kidladi.
Durov davlat nazorat xizmati oldin ham shunday talablar qo‘yganini aytib keladi. U Roskomnadzor rahbariyatini messenjerlardagi shifrlash printsiplarini bilmaslikda aybladi va ularga “terrorchilik ustidan blokirovka qilish vositasida g‘alaba qozonish uchun Internetni yopib qo‘yish kerak”, deb pisanda qildi.
Rossiya prezidenti matuot xizmati rahbari Dmitriy Peskov “Dojd” telekanaliga intervyusida Telegram messenjeri Rossiyada blok qilinsa, Kreml boshqasiga o‘tishga hozirligini ma’lum qildi.
- Boshqa messenjerga o‘tamiz. Har holda bu yerda raqobat bor, tanlov bor, - dedi, ayni paytda, Roskomnadzor talabi asosiy qonunga zid emasligini ta’kidlagan Peskov.
3 yil oldin Rossiya Bosh vaziri Dmitriy Medvedev ba’zi rasmiylarning mamlakatda Twitter ijtimoiy tarmog‘ini blok qilish to‘g‘risidagi chiqishlarini tanqid qilgan edi.
Medvedev o‘zining Facebook sahifasida 16 may kuni “Ijtimoiy tarmoqlarni yopish to‘g‘risida ochiqchasiga gapirayotgan ba’zi rasmiylarga miyalarini ishlatishni tavsiya qilgan bo‘lardim”, deb yozgan edi.
2014 yilning 1 fevralidan boshlab, Roskomnadzor tashkilotiga Rossiyadagi Internet saytlarini blok qilish huquqini beradigan qonun kuchga kirgan.
2016 yilning iyunida Rossiya Davlat Dumasi “Yarovaya paketi” deb nomlangan “terrorchilikka qarshi” qonunlar to‘plamini qabul qilgandi. Qonunga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlar ma’muriyatlari terror xavfi mavjud, deb topilgan holatlarda maxsus xizmatlarga o‘z bazasidagi foydalanuvchilarga oid shaxsiy ma’lumotlarni berishi lozim.
Ayni qonunda Rossiyada internet-yozishmalar ustidan nazorat kuchaytirilishi va terrorchilikda gumonlanganlar 14 yoshidan jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkinligi belgilangan.
2016 yilning 6 dekabrida Rossiyada Internetning Rossiya segmentini boshqarish milliy tizimini ishlab chiqilgan edi.
Bundan oldinroq, Roskomnadzor “axborot tarqatuvchilar ro‘yxati”ga qaydga turishdan voz kechgan Line va BlackBerry messenjerlarini blok qilgan.
Roskomnadzor Rossiyada hukumat pozitsiyasidan ayri axborot tarqatuvchi bir nechta portal va saytni, jumladan Grani.ru, Kasparov.ru va “Ejednevniy jurnal” saytlariga to‘siq qo‘yish to‘g‘risida ham qaror chiqargan.
Unisi bo‘lmasa, bunisi...
Rossiya va O‘zbekistonda Telegram tarmog‘ining asosiy foydalanuvchilari qatorida millionlab o‘zbekistonlik bor.
Rossiyaning Kaliningrad shahrida mehnat qilayotgan Azamat Telegram mehnat muhojirlari orasida eng qulay aloqa vositasi bo‘lib qolayotganini aytadi.
- Mening ukalarim ham O‘zbekistonda Telegramdan foydalanishadi. O‘zbekistonda Telegram yaxshi ishlaydi, deydi. Bizga-ku, Rossiyada, farqi yo‘q – Internet bu yerda kuchli. WhatsApp, yoki Viber tarmog‘ida gaplashganda ovoz uzilib keladi. Yozganda ham tormojenie bilan pauza qilib ketardi. Telegramdan esa rasm-pasmlar tez keladi. Agarda haqiqatan yopib qo‘ysa Vayber, Odnoklassniki bor. Menga eng sozi - tinchkina telefon orqali gaplashaveraman, Rossiyadan arzon, dedi Azamat.
Telegram ma’muriyati bu tarmoq shaxsiy yozishmalar “eng qattiq qo‘riqlanadigan”, ishonchli messenjer, deb maqtab keladi.
Telegram serverlari 5ta mamlakatda joylashgan bo‘lib, undagi ayrim shifrlangan xabarlar muayyan vaqtdan keyin avtomatik tarzda o‘chib ketadi.
“VKontakte” tarmog‘i egasi Pavel Durov 2011 yilda uning eshigini buzib kirmoqchi bo‘lgan spetsnaz kuchlari harakatidan keyin shu messenjerni yaratish g‘oyasi tug‘ilganini aytadi. 2013 yilda tuzilgan messenjer salkam 3 yil ichida 100 million foydalanuvchiga ega bo‘ldi va hozirga kelib, bu ijtimoiy tarmoqda kuniga 10 milliard donadan ortiq xabar jo‘natiladi.