Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 16:49

Prezident yangi o‘quv yilida kontrakt to‘lovini oshirmaslikni buyurdi


Toshkent hukumatidagi mulozimning Ozodlikka bildirishicha¸ prezident Shavkat Mirziyoevning 23 iyun kuni chiqargan 3082-sonli qaroriga muvofiq¸ 2017-2018 yilgi o‘quv yilida oliy ta’lim muassasalarining bakalavr va magistrlik bosqichida o‘quvchilar to‘laydigan kontrakt summasi oshmaydigan bo‘ldi.

Hozircha jamoatchilikka e’lon qilinmagan bu qaror bo‘yicha Moliya va Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vazirligi o‘qishning yillik qiymatini o‘zgartirishsiz qoldiradi.

Har yili avgustning uchinchi o‘n kunligida – oliy o‘quv yurtlariga test sinovlari natijasi e’lon qilinganidan so‘ng jamoatchilikka taqdim etiladigan yangi o‘quv yili uchun to‘lov-kontrakt narxlari oshiriladi.

“Shuning uchun prezidentning bu qarori¸ har yili kontrakt narxi oshishidan bezillab qolgan kontraktchilarning ota-onalari uchun juda yaxshi xabar. Ular 2017-18 o‘quv yilida o‘qitish uchun oliygohlarga bu yilgi narxda to‘lashda davom etadilar”¸ dedi Ozodlik gaplashgan hukumat rasmiysi.

O‘zbekiston Moliya vazirligi va Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi 2016 yilning 17 avgustida tasdiqlagan bir yillik o‘qitish narxlari qiymati 2015 yilgiga nisbatan 15 foizga balandlagan edi.

Bu jadvalga ko‘ra¸ xalqaro munosabatlar, jahon iqtisodiyoti va xalqaro iqtisodiy munosabatlar hamda huquq 2016/2017 o‘quv yilida bakalavr va magistrlik bosqichidagi eng qimmat ta’lim yo‘nalishlari sifatida qolgan va ularda bir yillik o‘qish puli 9,85 million va 10 million 830 ming so‘m etib belgilangan edi.

Prezidentning 23 iyun kungi qarori asosida¸ bu yo‘nalishlarda o‘qish narxi yana ayni miqdorda qoladigan bo‘ldi.

Ozodlik suhbatlashgan hukumat mulozimi¸ prezidentning kontraktchilar va ular ota-onalariga bu “hadyasi” oliy o‘quv yurtlari tushumiga katta ta’sir qilmasligini aytadi.

“To‘g‘ri¸ o‘tgan yilgi 10 million so‘m bilan bu yilgisining farqi bor va inflyatsiya oshib borayapti. (2016 yil yozida bir AQSh dollari 6000 so‘m atrofida bo‘lgan¸ hozir esa¸ 8350 so‘mga teng – tahr.) Lekin bu yil universitetlarga superkontrakt bilan oladigan talabalar soni keskin oshirildi. Superkontrakt narxi esa¸ vazirlikliklar belgilagan qiymatdan 20 baravargacha balandligini inobatga olsangiz¸ universitetlar byudjetiga hech qanday ziyon yetmaydi”¸ dedi hukumat mulozimi.

Ozodlik bilan suhbatda O‘zbekistondagi ayrim oliygoh mas’ullari¸ prezidentning bu qaroridan xabari yo‘qligi¸ kontrakt narxlarining oshgan-oshmaganidan faqat Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi yangi jadvalni tasdiqlab, jo‘natganidan so‘nggina xabar topajaklarini bildirdilar.

Ozodlik ayni paytda bu mavzuga oid qo‘shimcha tafsilotlarni o‘rganmoqda. Yangiliklarni Ozodlikda kuzating!

XS
SM
MD
LG