Линклар

Шошилинч хабар
12 ноябр 2019, Тошкент вақти: 20:48

1 iyuldan iste’molchi gaz-svet uchun qarzini yo to‘liq uzadi¸ yoki jazoga tortiladi


Elektr hisoblagich, illyustrativ surat

1 iyuldan boshlab prezident Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan tuzilgan Majburiy ijro byurosi aholining svet-gazdan qarzini majburan undirishga kirishadi. Ozodlik gaplashgan byuro xodimiga ko‘ra, 1 iyuldan 10 iyulgacha aholi qarzni to‘lashdan ogohlantiriladi, 11 iyuldan esa¸ to‘lolmaganlarning mulki musodara qilinadi yoki ular tarmoqdan uziladi.

1 iyuldan 10 iyulgacha qarzdorlar ogohlantiriladi

Elektr energiyasi va gaz iste’molchilari¸ prezident qaroriga muvofiq¸ har oyning 10 sanasiga qadar avvalgi oyda foydalanilgan energiya resurslari uchun to‘liq hisob-kitob qilishi shart.

Aholidan kommunal to‘lovlarni vaqtida undirish va yillar davomida yig‘ilgan qarzdorlikni yopishga mas’ul qilingan yangi tashkilot - Majburiy ijro byurosi Toshkent viloyati bo‘limining Ozodlik suhbatlashgan rasmiysi bu jarayonning ayni kunlarda qanday borayotganini tushuntridi.

"1 dan 10 iyulgacha ogohlantirish ishlari bo‘ladi, shu 10 gacha to‘lang, nima qilib bo‘lsa ham degan mazmunda. 11 chislodan boshlab, qarzdorlarning ro‘yxati tuziladi, majburiy undirish boshlanadi. Uyma-uy yurgan gruppada sud departamenti vakili, byuroning inspektori ham bo‘ladi. O‘sha yerda mulki hisob-kitob qilinadi va rozi bo‘lsa egasi, musodara bilan qarzi uziladi. Rozi bo‘lmasa, svetdan uziladi", dedi shaxsi ochiqlanmasligini so‘ragan mulozim.

O‘zbekiston aholisi zimmasidagi kommunal to‘lovlardan yig‘ilgan qarzni undirishga mas’ul qilingan Majburiy ijro byurosi respublika Bosh prokuraturasi qoshida tuzildi.

Byuro prezident Shavkat Mirziyoevning shu yil 29 mayda imzolangan «Elektr energiyasi va tabiiy gaz yetkazib berish hamda iste’mol qilish sohasida to‘lov intizomini yanada mustahkamlash, shuningdek, ijro ishi yuritish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni asosida tuzildi.

"100 foiz predoplata tizimiga o‘tiladi"

Majburiy ijro byurosi mulozimiga ko‘ra, tez orada butun mamlakat bo‘ylab 100 foizlik avvaldan to‘lov tizimiga o‘tish¸ buning uchun esa respublika miqyosida kommunal to‘lovning avtomatlashtirilgan elektron tizimiga o‘tishga hozirlik ko‘rilmoqda.

Yillar davomida viloyatdagi elektr tarmoqlari idorasida yuqori lavozimda ishlagan bu mulozim, Majburiy ijro byurosi xodimlari, aholining noroziligi va katta-kichik nizolar bo‘lishiga hozirligini tan oldi.

"Janjal bo‘ladi, odamlar o‘rganib, tartibga tushib olguncha voy-dod qiladiganlaram bo‘ladi. Lekin, elektr toki - 2009 yildan beri tovar hisoblanadi. Magazinda pulini to‘lab, tovar olganday, elektrga ham 100 foiz oldindan to‘lab, keyin olinadi. Endi istalgan davlatga qarang - elektr bilan gaz predoplatada. (avvaldan to‘lov tizimi - tahr). O‘zbekiston ham shunga o‘tadi", dedi mulozim.

5 trillion so‘m - 1,2 milliard dollarlik qarz

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, respublika bo‘yicha energiya resurslaridan jismoniy va yuridik shaxslar qarzi 5 trillion so‘mga ( 29 iyun kungi Markaziy Bank rasmiy kursida, 1 milliard 263 million AQSh dollariga teng - tahr.) etgan.

Ozodlik bilan suhbatlashgan mulozimga ko‘ra, bu qarzning katta qismi avvaldan qayd etilgan va qarzdorlarga shu paytgacha qarzini uzish uchun qayta va qayta muddat berilgan.

"Endi shu muddat berilmaydi. Vaqtida to‘lamasa, svet-gazdan uziladi. Keyin, qayta ulanish uchun eng kam ish haqining ikki barobariga teng miqdorda jarima to‘laydi, 300 ming so‘mga yaqin bo‘ladi. Buning o‘rniga vaqtida to‘lash yaxshiroq bo‘ladida endi", dedi bu mulozim.

Byuro qarzni ikki oy ichida undirishi kerak

Sirdaryo viloyati hokimligidan olingan ma’lumotga ko‘ra, bu viloyatda Majburiy ijro byurosini ochish bilan bog‘liq tashkiliy masalalar haligacha yakuniga yetmagan.

Shunday bo‘lsa-da¸ byuro rahbariyatiga o‘z ishini 1 iyuldan boshlash va elektr-svetdan yig‘ilgan qarzni avgust oyi oxirigacha yopish shartligi aytilgan.

"Kecha viloyat hokimi byuroga bino ajratish bo‘yicha farmoyish berdi. Bugun byuroning binosi ishga tayyor bo‘ladi. 1 iyuldan ish boshlanadi, buyruq bor", dedi viloyat hokimlining ismini aytmagan mulozimi.

Qarzini yashirgan 1 yilgacha qamalishi mumkin

Gazeta.uz nashrining yozishicha, 28 iyun kuni Toshkentdagi xalqaro press-klubdagi yig‘ilishda qatnashgan Majburiy ijro byurosi direktor Botir Qudratxo‘jaev so‘nggi ikki yil ichida gaz va elektr tarmoqlariga noqonuniy ravishda ulanish hollari 48 foizga ortganini aytgan.

Bu holatlar bo‘yicha chiqarilgan sud yoki boshqa tashkilotlar qarorlarining faqat 45 foizi ijro etilgan.

1 iyuldan boshlab, tarmoqlarga noqonuniy ulangan jismoniy shaxslar va ularga yordamlashgan davlat idoralari ishchilari eng kam ish haqining 25 baravaridan 75 baravarigacha jarima yoki 240 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki bir yilgacha axloq tuzatish bilan jazolanadigan bo‘ldi.

Inspektorlar yashirgan 50 mld. so‘mlik qarz

O‘zbekiston Bosh prokuraturasining Soliq, valyuta jinoyatlari va jinoiy daromadlarni qonuniylashtirishga qarshi kurash departamenti boshlig‘i o‘rinbosari Vyacheslav Pakning ma’lum qilishicha, so‘nggi 15 kun ichida alohida jismoniy shaxslar zimmasidagi 50 milliard so‘mlik qarz o‘chirib tashlangani aniqlangan.

Xalqaro press-klubdagi chiqishida rasmiy bu qonunbuzarlikning "O‘zbekenergo" va "O‘ztransgaz" tashkilotlari inspektorlariga qarashli elektron jihozlar va hujjatlarni byuro balansiga o‘tkazish paytida aniqlanganini aytdi.

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, 2016 yil va 2017 yilning birinchi yarmida "O‘zbekenergo" va "O‘ztransgaz" idoralarining 665 xodimi to‘lovlarni undirishdagi qonunbuzarligi uchun jazolangan.

Odatan, alohida shaxslar zimmasidan o‘chirilgan qarz, oy oxirida, aholi zimmasiga bo‘lib tashlanib, majburan undirilishi haqida Ozodlikka ham shikoyatlar kelgan. Bunday holatlarni tan olgan prokuratura mulozimi Byuroning ishida bunga yo‘l qo‘yilmasligi uchun hamma choralar ko‘rilishini va’da qildi.​

O‘zbekistonda jami 8 million iste’molchi bor

Bosh prokuratura mulozimi Bekzod Mavlonov bergan ma’lumotga ko‘ra, hozir mamlakatda mavjud 6 milliondan ortiq elektr energiya iste’molchisining 4 yarim millionida elektron hisoblagichlar bor. Qolgan bir yarim millionida esa induksion (eski) hisoblagichlar saqlanib qolmoqda.

Gaz ta’minotida mavjud jami 3 million iste’molchining katta qismida hisoblagichlar umuman yo‘qligi aytildi.

Bunday holda iste’mol qilingan elektr va gaz miqdorini yashirish mumkinligi bois, hozir avtomatlashtirilgan tizimga o‘tishga hozirlik ko‘rilayotgani ham aytildi. Rasmiy xabarga ko‘ra, bu tuzilma masofadan turib boshqariladi va har bir noqonuniy aralashuv mas’ul idoralardagi onlayn tizimda ko‘rinadi.

XS
SM
MD
LG