Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 14:56

AQSh BMTni sanksiyani buzayotgan Eronni jazolamayotir, deya tanqid qildi


AQShning Birlashgan Millatlar Tashkilotidagi doimiy vakili Nikki Haley Xavfsizlik Kengashini Eronga qarshi hech qanday chora ko‘rmayotgani uchun keskin tanqid qildi.

Uning fikricha, bu mamlakat «Xavfsizlik Kengashi joriy qilgan sanksiyalarni «qayta-qayta va atay» buzib kelmoqda.

Xavfsizlik Kengashi ushbu qonunbuzarliklarga qarshi chora ko‘rish yo‘lida kichik qadamlarni ham qo‘ymadi, – dedi Haley kengashning 29 iyun kungi majlisida. – Biz Eron tomoniga BMT qarorlarini namoyishkorona bajarmasligiga qarab turmasligimizni ko‘rsatib qo‘yishimiz shart.

Sanksiyalarning aksariyat qismi bir yarim yil oldin, yadro dasturini cheklash xususida dunyoning yetakchi mamlakatlari bilan tuzilgan bitimdan so‘ng, bekor qilingan edi. Ammo, Eronga nisbatan yadro dasturi bo‘yicha bitimga kirmagan qurol-yarog‘ embargosi va boshqa cheklovlar haligacha amal qilib turibdi.

BMT Bosh kotibining siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Jeffri Feltman Xavfsizlik Kengashiga Antonio Guterrishning uchinchi ma’ruzasi haqida qisqacha ma’lumot berdi. Ma’ruza Eronga qarshi 2231-qarorda belgilab qo‘yilgan sanksiyalarni qo‘llashga bag‘ishlanadi.

Bosh kotibning ma’ruzasida Eron Xavfsizlik Kengashining 2231-qarorini buzayotgani ochiq-oydin aytilgan. «Endi kengash bunga qanday chora ko‘radi?» degan savol tug‘iladi, – dedi Haley.

Ammo Xavfsizlik Kenashining hech bir a’zosi Eronga qarshi biror chora qo‘llash haqida taklif bermadi. Diplomatlarning aytishicha, veto qo‘yish huquqiga ega bo‘lgan Rossiya bilan Xitoyning aksariyat choralarga rozi bo‘lishi dargumon.

Rossiya tomoni majlisda Guterrishning ma’ruzasidagi ayrim xulosalardan qoniqmaganini bildirdi.

Ma’ruzada Fransiya harbiy-dengiz kuchlari 2016 yil martida Hind okeani shimolida qurol-yarog‘ qo‘lga tushirilgani bayon qilinadi. Feldmanning aytishicha, BMTning «qo‘lga tushirilgan qurol-yarog‘ Eronda tayyorlanganiga va ushbu mamlakatdan jo‘natilgani»ga ishonchi komil.

Yana aytilishicha, Eron 27 yanvar kuni ballistik raketa uchirgan edi, ammo Xavfsizlik Kengashida bu raketa uchirilishiga qanday javob berish xususida murosaga erishib bo‘lmadi.

Raketa sinovlariga qarshi qanday chora ko‘rish mumkinligi to‘g‘risida biror kelishuv yo‘q. Biroq, Guterrishning ma’ruzasida Eron «tanglikni keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan ballistik raketalarni uchirmaslik»ka da’vat etiladi.

Bir yil muqaddam Guterrishining o‘tmishdoshi Pan Gi Mun Eronning ballistik raketalar uchirayotganini yadro dasturi bo‘yicha bitimning «konstruktiv ruhiga mos kelmasligi»ni aytgan edi.

BMT qarorida Eron yadro quroli tashishi mumkin bo‘lgan ballistik raketalar ustida ish olib borishni sakkiz yil to‘xtatib turishga «da’vat qilinadi». Tehron bilan Moskva qaror matnida bu hol majburiy ekani ko‘rsatilmaganini aytmoqda.

AQSh prezidenti ma’muriyati kelishuvni qayta ko‘rib chiqmoqda, Tramp uning imzolanishini «falokat» deb atadi. Ammo Haley, «qayta ko‘rib chiqish tugallanmaguncha, olgan majburiyatlarimizga mos ish tutamiz va Eron ham shunday qilishini kutamiz», dedi.

BMT Xavfsizlik Kengashining boshqa a’zolari, jumladan, AQShning yaqin ittifoqchilari yadro dasturi bo‘yicha bitimni tarixiy voqea, deb atagan va buning uchun Eronni maqtagan edi.

Britaniyaning BMTdagi doimiy vakili o‘rinbosari Piter Uilson bitimni «diplomatiyaning yaqin vaqt ichida erishgan eng muhim yutuqlaridan biri» deb atadi.

Endi esa Uilson Haleyning Eronning raketa sinovlari taqiqini buzayotgani va qurol-yarog‘ sotayotgani masalasi ko‘rib chiqilishi kerakligi haqidagi gaplarini ma’qulladi.

Haley Qo‘shma Shtatlar kelgusida bunday qoidabuzarliklarga «ko‘z yuma olmasligi», BMT qarori bilan taqiqlangan yuklarni tashishga yo‘l qo‘ymasligi, shuningdek, Eronga qarshi o‘z sanksiyalarini qo‘llashini ma’lum qildi.

XS
SM
MD
LG