Линклар

Bu o‘quv yilidan mamlakatdagi barcha oliy tibbiyot bilim yurtlarida davolash, harbiy-tibbiyot, pediatriya bo‘yicha o‘qish avvalgi 7 yil o‘rniga 6 yil qilib belgilandi. Sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, tibbiy-biologik ish bo‘yicha talabalar 5 yil o‘rniga 4, tibbiy profilaktika bo‘yicha 6 yil o‘rniga 5 yil o‘qiydi.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi mulozimining Ozodlikka aytishicha, yangi o‘zgarishlar bu yil 1-bosqichga qabul qilinadigan talabalar, shuningdek, 2 va 3 bosqich talabalariga taaluqlidir.

- Bu, asosan, ijtimoiy fanlarning qisqartirilishi evaziga bo‘ladi. Bo‘lg‘usi shifokorlar endi mutaxassisliklari bo‘yicha ko‘proq o‘qishadi, - dedi vazirlik mulozimi.

Shu paytgacha oliy tibbiyot ta’limi bilim yurtlarida gumanitar va ijtimoiy-iqtisodiy fanlar umumiy o‘quv soatlarining 15-20 foizini, asosiy mutaxassislik bo‘yicha fanlar esa 40-50 foizni tashkil qilgan edi.

Vazirlik mulozimiga ko‘ra, endi yangi o‘quv yilidan boshlab, ijtimoiy-iqtisodiy fanlar bloki 7 foizgacha qisqartirilib, davolash ishi va tibbiyotga oid fanlar hajmi 85 foizgacha ko‘paytiriladi.

Qisqa vaqt ichida ko‘proq mutaxassis

O‘zbekiston oliy tibbiyot bilim yurtlaridagi bu o‘zgarishlar mamlakat shifoxonalarida tibbiyot kadrlari yetishmovchiligiga tezroq barham berish urinishi sifatida qaralmoqda.

Sog‘liqni saqlash vazirligidagilar ham o‘qish muddatining qisqartirilishi tibbiyot kadrlari yetishmovchiligi qoplanishini 15 foizga tezlashtiradi, byudjet mablag‘ining maqsadli sarflanishiga imkon beradi, degan ishonchda.

- Qisqa vaqt ichida malakali tibbiyot mutaxassislari ko‘proq chiqariladi. Oldin talaba keraksiz fanlar uchun vaqtini va pulini behuda ketkizgan bo‘lsa, endi kerakli fanlarni qisqa vaqtda o‘zlashtiradi, bir yilga ketadigan pulini tejaydi, kerakli mutaxassislikni olib ishini boshlaydi, - deydi vazirlik mulozimi.

Malakali shifokor bo‘lish uchun 6 yillik ta’lim yetarlimi?

Tibbiyot sohasi mutaxassislari shifokor bo‘lish uchun 6 yillik o‘qish kam ekanini aytishadi.

Toshkentdagi Yurak jarrohlik markazi shifokori Risolat Qosimovaga ko‘ra, tibbiyot uchun asli 7 yillik ta’lim ham ozlik qiladi.

- Bu yerda biz duradgor yoki mashinist chiqarayotganimiz yo‘q. Inson hayotini ishonib topshirish mumkin bo‘lgan mutaxassislarni chiqarish haqida gapiryapmizku, - deydi Qosimova.

Ismi sir qolishini istagan boshqa bir o‘zbekistonlik shifokor esa O‘zbekistondagi tibbiyot bilim yurtlarida bilim sifati pastligi, asosiy e’tiborni ta’lim muddatiga emas, sifatini yaxshilashga qaratish kerakligini aytadi.

- Bilim yurtlaridagi ahvol hozirgiday bo‘ladigan bo‘lsa 10 yil o‘qisa 6 yil o‘qisa ham yaxshi mutaxassis chiqmaydi. O‘quv sifatini oshirish kerak, - deydi shifokor.

Malakali shifokorlar chetga ketyapti, malakasizlar qolyapti

O‘zbekistonda hozir 7ta oliy tibbiy bilim yurti bor. Har yili shu oliygohlardan 2 mingdan ortiq shifokor chiqadi.

Bu esa chet davlatlarga ketib qolgan malakali shifokorlar o‘rnini to‘ldirish uchun kamlik qiladi, deb hisoblaydi mamlakatdagi sog‘liqni saqlash tizimini yaxshi biladigan, hozir Yamanda jarroh bo‘lib ishlaydigan o‘zbekistonlik shifokor Rustam Ro‘zmetov.

- Hozir bu yerda raqamlar haqida gap ketyapti. Lekin tibbiyot sohasi malakali mutaxassislarni istaydi. Malakali shifokorlar esa O‘zbekistondan chet davlatlarga ketib qolyapti, malakasizlar qolyapti. Men ishlaydigan kasalxonada O‘zbekistondan 7 vrach bor. Shifokorlarni oyliklarini oshirsa, tibbiyot sohasini isloh qilsa, sug‘urta tizimlarini joriy etib muolajani qisman pullik qilsa, menimcha, shifokorlar ketib qolmas edi. Korrupsiya ham kamayardi. Hozirgi ahvolda masalan men O‘zbekistonda ishlashni xohlamayman, chunki menga u erda Yamandagidan yaxshiroq sharoit berishmaydi, - deydi Ro‘zmetov.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, hozir mamlakatda 70 mingdan ziyod shifokor bor. Ya’ni, 32 million aholiga ega O‘zbekistonda har 10 ming odamga 20 shifokor to‘g‘ri kelyapti.

XS
SM
MD
LG