Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 04:12

Farg‘onada fermer rejadan ortgan bug‘doyini o‘rib ololmayapti, kombaynlar “hibs”ga olindi


Farg‘ona viloyati Furqat tumani ichki ishlar xodimlari fermerlarning kombaynlarini “hibs”ga oldi. Bu haqda xabar bergan fermerlarning aytishlaricha, garchi ular rejani 110-120 foiz qilib bajargan bo‘lsa-da, lekin tuman hokimi fermerning o‘ziga qoladigan bug‘doyini ham o‘rdirishga ruxsat bermayapti. Yozning saratonida qaqshab pishgan bug‘doy hosili to‘kilib ketmoqda. Rasmiylar bu viloyat hokimining topshirig‘i ekanligini aytmoqda.

Furqat tumanidagi ilg‘or fermerlardan biri bo‘lgan 70 yashar Ochil Begmatovning Ozodlikka aytishicha, fermerlar bug‘doy rejasini ortig‘i bilan bajargan bo‘lsa-da, lekin fermerning o‘ziga qoladigan bug‘doyini o‘rib olmasligi uchun militsiya ularning kombaynlarini “hibs”ga olmoqda:

- Bizning tuman bug‘doy planini bajardi. Bu yil bug‘doy yaxshi bo‘ldi. Lekin plan to‘lgandan keyin fermerlarning xususiy kombaynlarini MTPga olib kirib berkitib qo‘ydi. Kecha ham mening oldimga 7ta melisa keldi. “Kombayningizni oborib qantarib qo‘yamiz ekan”, dedi. Ammo men bermadim. Kim shunday buyruq bergan, hokimmi, prokurormi yoki boshlig‘ingmi, farqi yo‘q, pechati bilan qog‘oz olib kelasan, keyin olasan, dedim, deydi Ochil Begmatov.

Фарғонада фермерларнинг комбайнлари "ҳибс" қилинди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:35 0:00
Бевосита линк

Uning aytishicha, mahalliy hokimlar prezidentning siyosatiga qarshi ish olib boryapti:

- Qarang endi, bularning xalqqa dushmanligini. Fermerlarning dalada qolgan bug‘doyi qovjirab, to‘kilib ketyapti. Bu bir. Ikkinchidan, fermer tezroq erni bo‘shatib, o‘rniga ikkinchi ekin ekishi kerakku. Axir fermer planni to‘ldirsa, shartnomani bajarsayu endi o‘ziga qoladigan bug‘doyni o‘rib ololmasa, ishchilariga berolmasa, bu dushmanlik emasmi? Kecha o‘sha melisalarga “senlarda ham vijdon bormi”, dedim. Buyruq, deydi. Prezidentimiz xalqni qaqshatma, uning dardiga quloq sol deb turibdiyu, lekin bularning ishi xalqni rahbarlarga qayrash bo‘lyapti. Yana bitta holat, ortiqcha bug‘doyini o‘rdirganlarning uyiga militsiya, prokuror borib, majburan olib ketyapti. Mana kecha eri o‘lgan bir fermer ayol oldimga yig‘lab keldi, dedi Ochil Begmatov.

Furqat tumanining Tomosha hududidagi ismi sir qolishini so‘ragan fermerlardan biri ham, rejadan ortgan bug‘doyini o‘rdirgan fermerning kombayni “hibs”ga olinganiga guvoh bo‘lganini aytdi:

“Bizning hududdagi kombayni bor fermerlardan biri rejani ortig‘i bilan bajarib, uyiga 5700 kilo bug‘doy to‘kkan ekan. Kecha kombayn so‘ragani borsam, nachalnik melisa uyidagi bug‘doyini olib ketib, kombaynini qamab qo‘yibdi. Bizning hududdagi fermerlar rejani 110-120 foiz bajarib qo‘ygan bo‘lsa-da, lekin 4-5 gektar yerdagi bug‘doyi qovjirab yotibdi. Mana, kuyib, to‘kilib yotibdi bug‘doy. Uvol bo‘lyapti, lekin o‘rgani qo‘ymaydi. Masalan gektaridan 50 sentner olish mumkin bo‘lgan holda, fermer olsa endi 30 tsentner oladi. Men bularning bu ahmoqona siyosatiga hech ham tushunmadim”, deydi fermer.

Furqat tumani hokimligining o‘zini tanishtirmagan mulozimi, fermerlarning rejadan ortgan bug‘doyini o‘rishga ruxsat etilmayotganini, kombaynlarning “hibs”ga olinayotganini tasdiqladi:

“Bu bizning yangi bo‘lgan hokimning emas, balki viloyat hokimining buyrug‘i. Viloyat bug‘doy rejasini to‘ldirishi uchun saqlab turgan bo‘lsa kerak. To‘g‘ri, biz ham fermerlarni tushunamiz, mehnat qilgan, o‘ziga olishi kerak, ishchilariga berishi kerak. Lekin, buyruq tepadan, kelgan”, dedi hokimlik mulozimi.

Furqat tumani ichki ishlar bo‘limining navbatchisi militsiya xodimlari kombaynlarni qamab qo‘yayotganini inkor qildi:

“Militsiyaning bunday vakolati yo‘q, bizning xodimlar bunday tadbirda qatnashgani yo‘q”, dedi navbatchi militsiya xodimi.

Farg‘ona viloyati hokimligidan bu masalaga munosabat olishning imkoni bo‘lmadi.

Farg‘ona viloyatida kombaynlarni qamab qo‘yish holati o‘tgan yil ham kuzatilgan edi.

XS
SM
MD
LG