Линклар

Шошилинч хабар
08 май 2024, Тошкент вақти: 23:52

Anvar qori Tursunov: Menga tuhmat qilishmasin, soatim oltindan emas!


Anvar qori Tursunov
Anvar qori Tursunov

Toshkent shahar bosh imom-xatibi Anvar qori Tursunov Ozodlik bilan suhbatda qo‘lidagi soati oltin emasligini aytdi. 59 yashar imom xatibning Toshkentdagi xalqaro press-klubdagi yig‘ilishda qatnashgan paytda qo‘liga taqqan soati ijtimoiy tarmoqlarda bahslarni qo‘zg‘atgan edi.

Facebookdagi o‘ndan ortiq sahifalarda minglab o‘zbek yuzerlari orasida "Anvar qori Tursunov 20 ming dollarlik oltin soat taqishi joizmi?", "Musulmon kishi moddiy manfaat topish uchun imom bo‘ladimi?" degan savollar atrofida bahslar urchidi.

Анвар қори Турсунов билан суҳбат
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:06:44 0:00
Бевосита линк

Tarmoqda bahs qizishi barobarida Ozodlik muxbiri Abdulla Iskandar Anvar qori Tursunovning o‘zi bilan suhbatlashib masalaga oydinlik kiritdi.

Quyida Anvar qori Tursunov talabi bilan tahrirsiz suhbat:

"Eshiting voqeani..."

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Anvar qori soati
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Anvar qori soati

​- Abdulla Iskandarman, yaxshimisiz taqsir?

- E omonmisiz¸ salomatmisiz?

- Bitta mavzuni yoritaylikmi yoritmaylikmi shuni sizdan so‘rab qo‘ying deyishdi. Yoritmang desangiz, yoritmaymiz.

- Nima ekan u?

- Siz qo‘lingizga taqqan soatingizga ijtimoiy tarmoqlarda masxara qilinib¸ hajv qilib¸ e’tiroz bildirib¸ kinoya bildirib, minglab memlar paydo bo‘ldi.

- Hozir men to‘g‘risini aytib beraymi?

- Ha.

- Eshiting bo‘lgan voqeani. Hayitdan oldin mening eski soatim buzilib qoldi. O‘sha yerda yaxshi bir ukamiz turgan ekan. Soatimni burayotgan edim¸ chiq etib buzilib qoldi buraydigan joyi. Boshqa soatim bor edida. “Qori aka¸ mana bu sizga hayitlik” deb ertasiga soat olib kelib berdi. “Kattagina ekan. Ko‘zi nima ekan?” dedim-da, qo‘limga taqib oldim. Keyin buni bo‘lmagan gaplar bilan... “Necha pul turadi bu soat?” desam¸ “Men amirlikdan 200 dollarga olganman qori aka. Sizga sovg‘a,” dedi. Shu bo‘lgan gap. Buni endi 20 ming dollar¸ bir balo¸ astag‘firulloh. Shunaqa ham tuhmat bo‘ladimi? Olloh taolo Qur’onda “Fatabayyanu”. Bir narsani o‘zimdan so‘rash kerak edi¸ olib bunday tekshirish kerak edi. Masalan, men oltin soat taqmayman hech qachon. Qanaqa gap bu? Xudodan qo‘rqmaydimi bular? Uyat bormi bularda?

- Butun ijtimoiy tarmoq shu mavzu bilan turib shu mavzu bilan uxlab , shu mavzu bilan uyg‘onmoqda.

-Ko‘rdim¸ eshitdim.

"Jumada ham aytaman"

- Keyin bu narsani Rossiyadagi poplar masalasida muhokamasi bo‘lgan edi. O‘shanga o‘xshagan bo‘layapti bu mavzuni yoritish. Agar istasangiz¸ bizlar orqali chiqib, vaziyatga oydinlik kiritishingiz mumkin.

- Men aytaman¸ jumada ham aytaman. Jumada ularga o‘zimni nimamni aytaman. Lekin ular Xudodan qo‘rqishsin. Mening gapim shu. Shu gapimni yetkazib qo‘ying. Xudodan qo‘rqishsin. Odam agar musulmon bo‘lsa¸ Olloh taolo "fatabayyanu" deb "Hujurot" surasida aytib turibdi. Mana hozir qo‘limda turibdi. Nechta odamga ko‘rsatdim. 250 dollarga olganman, dedi. Men nimasini ham bilganim yo‘q. Hayit kuni hayitlik, deb berdi. Bu hech qanaqa unaqa soat emas. Xohlasanglar¸ kelib qo‘limdan olib ko‘rsin.

"Men unaqa badavlat emasman"

Bu degani nim o‘zi bu fitnami? Men unaqa badavlat odammasman. Otamni uyida turaman hozir. Kelib uyimni ko‘ringlar mana. Uch sotix uyda turaman. Oltmishga kiryapman bitta uy ham qurmadim. Beshta bolam bor¸ onamni boqaman. Kim qiziqsa, uyimga kelib ko‘rsin.

- Anvar qori eng so‘nngi rusumdagi BMV 6 avtomobilini minadi, degan ham gap bor...

- Lo Iloho Illolloh. Ana ko‘rdizmi . (kuladi) Astfurulloh. Kelib tekshirishsin ko‘rishsin. Nimada yuraman ekan?

- BMV 6 da!

- BMV yo‘q menda. Oddiy kaptivani eski nusxasi borku. O‘shani minaman. O‘shaniyam tijoratchi o‘g‘lim obergan. Eskisini oberdi. Yangisini emas.

Suiqasddan omon qolgan imom

59 yoshli Anvar qori Tursunov O‘zbekistonda eng ko‘zga ko‘ringan rasmiy din ulamolaridan hisoblanadi.

2009 yilda Anvar qori suiqasdga nishon bo‘lgan edi.

31 iyul tunida uch nafar shaxs Anvar qorini o‘zining uyi tashqarisida 9 joyidan pichoqlagan.

Hujumchilar voqea joyidan qochishga muvaffaq bo‘lgan. Toshkentda yirik qidiruv amaliyoti o‘tkazilgan.

Qoriga suiqasd yuzasidan 70 ga yaqin odam hibsga olingan. Ammo mahkama yopiq bo‘lgan.

Suiqasd buyurtmachilari va jinoyat motivlari haqida ma’lumot berilmagan.

Anvar qori Tursunov 2015 yil noyabr oyidan boshlab "Minor" jome’ masjidida imom-xatibi sifatida ishlab keladi.

Anvar qori Tursunov bungacha Shayxontohur tumanidagi "Xoja Ahrori Valiy" masjidi imom-xatibi edi.

Anvar qori Tursunov 1958 yil Toshkent shahrida tug‘ilgan bo‘lib, 1981 yil Toshkent Davlat universiteti (hozirgi O‘zMU)ning filologiya fakultetini, 2001 yil Toshkent Islom institutini tamomlagan.

Anvar qori Tursunov 1999 yildan buyon Toshkent shahar bosh imom-xatibi vazifasida faoliyat yuritib kelmoqda. U 1989—1992 yillarda Qur’oni karimning birinchi o‘zbekcha tarjimasiga (Shayx Alouddin Mansur tarjimasi) muharrirlik qilgan.

XS
SM
MD
LG