Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:04

Maxsus byuro svet-gazdan qarzni "kuch qo‘llab" undirishga kirishdi


 Dubinka bilan qurollangan MIB xodimi
Dubinka bilan qurollangan MIB xodimi

1 iyuldan boshlab prezident Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan tuzilgan Majburiy ijro byurosi (MIB) aholining elektr va gazdan qarzini majburan undirishga kirishdi. Xabarlarga ko‘ra, MIB vakillari aholiga kuch qo‘llayotgan va ikki o‘rtada janjal chiqqan holatlar ham bo‘layapti.

Dubinka bilan qurollangan MIBchilar

Poytaxt mahalla yig‘inlaridan olingan ma’lumotga ko‘ra, 1 iyuldan boshlab, deyarli barcha mahallalarda MIB xodimlari ish boshlagan.

“Bizning mahallada uch kun ichida 1,5 million so‘m undirildi. Bu shu byuroning ishida. Oldin uyma- uy yurib, yalinib- yolvorsak ham svet-gazdan qarzni undira olmasdik. Bu byuro xodimlari biror uyga kirsa, agar qarzdorlik bo‘lsa, shu qarzni undirmaguncha, o‘sha uydan chiqmayapti”, dedi Chilonzor tumanidagi mahalla yig‘inlaridan birining faoli.

Ushbu byuro tuzilgan payti uning xodimlari 1 iyuldan 10 iyulgacha aholini qarzni to‘lashdan ogohlantirilishi va 11 iyuldan esa¸ to‘lolmaganlarning mulki musodara qilinishi aytilgan edi.

Biroq joylardan olingan xabarlarga ko‘ra, maxsus forma kiygan va dubinka bilan qurollangan MIB xodimlari 10 kun kutmasdan, 1 iyuldan boshlab qarz undirishga kirishgan:

“Kecha Yunusobodda yashaydigan xolamning uyiga kelishdi shu byuro xodimlari. Forma kiygan, hammasining qo‘lida dubinka bor. Yana kamariga bir narsalar osib ham olishgan. Ko‘rgan odam xavotirga tushadigan ahvolda. Bir paytlari “qora maskali”lar bor edi. Xuddi shularga o‘xshaydi. Vajohat bilan gerdayib yurishadi yana. Xolamning gazdan 180 ming qarzi bor ekan, “Pensiyadan beraman” desa ham ko‘nishmagan. Keyin xolam bizga qo‘ng‘iroq qilib qarz so‘radi. Olib borib berdik”, deydi toshkentlik qiz ismini ochiqlamaslik sharti bilan.

“Ham dubinkadan tayoq yeb, ham televizoridan ayrildi”

Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida yashovchi 55 yashar ayolning Ozodlik bilan suhbatda iddao qilishicha, MIB xodimlarining aholiga kuch qo‘llayotgan holatlar ham bo‘layapti:

“Bugun ertalab o‘sha formalilar qo‘shni mahallaga kelishdi. Nima bo‘larkin, deb qiziqib, tomosha qilishga bordik. Bir hovliga kirib, rosa baqir-chaqir, janjal qilishdi. Keyin eshitsak, dubinka o‘qtalib, bir-ikki marta uy egasiga tushirib ham qolibdi. U yerda er-xotin pensionerlar yashaydi. O‘g‘li Qozog‘istonga mardikorlikka ketgan. Uyda uch bola bilan kelin bor. Ozgina qarzi bor ekan, televizorini olib ketibdi. “O‘g‘lim pul jo‘natadi shundan to‘layman” desa ham rozi bo‘lishmagan”, deya iddao qildi suhbatdosh.

"MIBchilar hech kimni urishmadi"

Mirzo Ulug‘bek tumanidagi mahalla yig‘inlaridan birining raisi uning mahallasida MIB xodimlari tomonidan aholiga nisbatan kuch qo‘llash holatlari bo‘lmaganini ta’kidladi:

"Bizning mahallada uch kun ichida bitta ham odamni urishmadi. Lekin odamlarning o‘zlari pul to‘lamasa, bo‘lmasligini yaxshi tushinib etayapti. Faqat bitta oilada janjal chiqdi. Uydagi erkaklar qarzni to‘lashga rozi bo‘lishdi. 236 ming so‘m ekan qarzi. Lekin oila bekasi to‘lamayman, deb to‘polon qildi. Kecha to‘polon chiqqach, qaytib ketgandik. Lekin bugun o‘g‘li pulni olib kelibdi. Janjal chiqqan joyga meni darrov chaqirishadi. Boshqa bizda bunaqa holat bo‘lmadi", dedi mahalla raisi.

Qarzi borning O‘zbekistondan chiqishi taqiqlanadi

Majburiy ijro byurosi prezident Shavkat Mirziyoevning shu yil 29 mayda imzolangan «Elektr energiyasi va tabiiy gaz etkazib berish hamda iste’mol qilish sohasida to‘lov intizomini yanada mustahkamlash, shuningdek, ijro ishi yuritish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni asosida tuzildi.

Yangi tartibga ko‘ra, qarzdorlik to‘lanmagan taqdirda undiruv majburiy tartibda qarzdorning mol-mulkiga qaratiladi hamda uning O‘zbekiston hududidan chetga chiqishi taqiqlanadi.

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, respublika bo‘yicha energiya resurslaridan jismoniy va yuridik shaxslar qarzi 5 trillion so‘mga ( 29 iyun kungi Markaziy Bank rasmiy kursida, 1 milliard 263 million AQSh dollariga teng - tahr.) etgan.

Majburiy ijro byuro zimmasiga ushbu qarzni avgust oyi oxirigacha undirish majburiyati yuklangan.

XS
SM
MD
LG