4 iyul kuni AQSh ma’muriyati Shimoliy Koreya qit’alararo ballistik raketa sinovi o‘tkazganini tasdiqladi hamda ushbu sinov ortidan AQSh va uning ittifoqchilariga nisbatan “yangi tahdid ortayotgani”dan ogohlantirdi.
Pentagon ham, Davlat kotibi Reks Tillerson ham so‘nggi sinovlar Shimoliy Koreyaning harbiy texnologiya borasida ilgari siljiganini ko‘rsatganini e’tirof etdi. Rasmiy Pxenyan esa raketa vodorod bombasi singari «yirik va og‘ir» yadroviy kallaklarini tashishini aytib maqtandi.
Tillerson bayonoti AQSh o‘z qo‘shinlari Janubiy Koreya bilan birga Koreya qirg‘og‘idan tashqaridagi suvga raketa uchirib, kuch namoyish qilgani va o‘z armiyasi mintaqadagi istalgan nishonga "aniq zarba berish qudratiga ega ekani"dan ogohlantirgani ortidan e’lon qilindi.
- Janubiy Koreya bilan Qo‘shma Shtatlar hamkorlikda o‘tkazgan ushbu raketa sinovi ikki mamlakat "Shimoliy Koreya ig‘volariga jim qarab turmaslikka qaror bergani"ni namoyish qildi¸ dedi Janubiy Koreya Bosh qo‘mondonligi shtabi matbuot kotibi Ro Je-Chen 5 iyul kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida.
Tillerson Pxenyanning 3 iyuldagi raketa sinovi butun dunyoga tahdid ekanini aytdi va bunga qarshi xalqaro miqyosda chora ko‘rishga chaqirdi:
- Dunyo mamlakatlari Shimoliy Koreyaga yadro quroliga ega bo‘lish borasidagi harakatlari oqibati yomon bo‘lajagini ochiq namoyish qilishi lozim. Global tahdidni bartaraf qishi uchun global harakat zarur. Shimoliy Koreya ishchilariga ish berayotgan, unga iqtisodiy yoki harbiy yordam ko‘rsatayotgan va yoki BMT Xavfsizlik Kengashi qarorlarini bajarmayotgan har qanday mamlakat xavfli rejimni qo‘llab-quvvatlayotgan bo‘lib chiqadi, dedi AQSh diplomatik idorasi rahbari.
Ushbu ogohlantirishning¸ birinchi galda¸ Shimoliy Koreyaning minglab ishchisiga ish berib¸ Pxenyan bilan iqtisodiy aloqalarga ega Rossiya va Xitoy sha’niga bildirilgani aytilmoqda.
Barcha mamlakatlarni choralar ko‘rishga da’vat etgan Tillerson¸ AQSh "Shimoliy Koreyaning yadro quroliga ega bo‘lishiga yo‘l qo‘ymasligi"ni aytib, aks holda Vashingtondan javob bo‘lajagiga shama qildi.
BMT bosh kotibi Antonio Guterresh ham raketa sinovini qoraladi hamda bu voqeani «Xavfsizlik Kengashi qarorlarini qo‘pol tarzda buzish» va «vaziyatning xavfli tarzda taranglashuvi» deb atadi.
Guterresh AQSh, Yaponiya va Janubiy Koreya iltimosiga javoban 5 iyul kuni tushdan keyin ushbu masala bo‘yicha favqulodda majlis o‘tkazishni rejalashtirgan.
Pentagon vakili Shimoliy Koreya qit’alararo ballistik raketani sinovdan o‘tkazgandan so‘ng «o‘zimiz va ittifoqchilarimizni himoya qilishga tayyormiz hamda Shimoliy Koreyaning o‘sib borayotgani tahdidiga qarshi to‘liq imkoniyatlarimizni ishga solamiz», deb bayonot berdi.
Shimoliy Koreyaning davlatga qarashli axborot vositalari Hwasong-14 raketasi 933 kilometrga uchib borgani, 39 daqiqalik parvoz vaqtida 2802 kilometr balandlikka chiqqani haqida xabar berdi.
Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen In bayonotida raketa sinovini Amerikaning 4 iyulda nishonlanadigan Mustaqillik bayramiga «sovg‘a» deb atadi.
Ekspertlar Pxenyanning raketa sinovini muvaffaqiyatli deb ataganiga shubha bilan qarayapti. Ular fikricha, koinotga atom bombasi bilan uchib chiqqan qit’alararo ballistik raketaning Yer atmosferasiga qaytib kirishi dargumon.