Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 21:09

Fermerning o‘ziga qolgan bug‘doyini o‘rish uchun hokimlar kombayn bermayapti


Jizzax viloyati Zafarobod tumani hokimi fermerlarning rejadan ortgan bug‘doyini o‘rib olishini taqiqlab qo‘ydi. Bu haqda Ozodlikka shikoyat qilgan fermerlarning aytishlaricha, hokim tuman rejasi bajarilishi uchun shartnomadan tashqari yana har gektaridan besh sentnerdan bug‘doy topshirishni talab qilayapti. Tuman hokimligi rasmiysi shunday holat bo‘layotganini tasdiqlar ekan, fermerlarning rejadan ortiq bug‘doyini o‘rishiga ruxsat bermaslik kombaynlar yetishmasligi bilan bog‘liq ekanini iddao qildi.

Ismi sir qolishini so‘ragan zafarobodlik fermerlardan biri davlatga bug‘doy topshirish shartnomasini bajargan bo‘lsa-da, tuman hokimi o‘zidan yana bug‘doy topshirishni talab qilayotganini aytdi:

- Masalan, menda 20 gektar g‘allam bo‘lsa, shartnomadagi 56 tonna bug‘doyni topshirdim. Lekin, hokim bu yil boshqacha bo‘ladi, tuman rejasi bajarilishi uchun yana 5 tsentnerdan yordam qilasizlar, deb turibdi. Bu majburiy, bo‘lmasa stolimga arizangni tashla, deyapti. Planni bajarmagan fermerlarga esa, bozordan bo‘lsa ham sotib olib berasan, deyapti. Bozorda bir kilo bug‘doyning narxi 1000 so‘m bo‘layapti, davlatning xarid narxi esa 650 so‘m, deydi fermer.

Bu suhbatdoshning aytishicha, hokim qo‘shimcha bug‘doy topshirmagan fermerlarga rejadan ortttirgan bug‘doyini o‘rib olish uchun kombayn berishni taqiqlab qo‘ygan:

- Hozir kombaynlarning orqasidan militsiya xodimlari izma-iz yuribdi. Masalan, fermerning bug‘doyini o‘ra boshlaydi, plan to‘ldimi, bo‘ldi, shartta o‘rimni to‘xtatib, kombaynni olib chiqib ketayapti. Fermerlarning o‘zida kombayn yo‘q, barchasi MTPniki. Yana besh tsentnerdan bersang, o‘rib beradi, bo‘lmasa yo‘q, deydi. Shuncha mehnat qilsak, shartnomani bajarsak, o‘zimizning va ishchilarning haqi qolgan bo‘lsa, shuni ham ololmasak, axir bu nima degan gap, deydi fermer.

Ismi sir qolishini so‘ragan zafarobodlik boshqa bir fermer O‘zbekistonda prezident yangi bo‘lsa ham, g‘alla o‘rimidagi siyosat avvalgidek davom etayotganini aytadi:

- Mirziyoev prezident bo‘lib, xalq bilan muloqot yo‘lga qo‘yilganidan so‘ng, biz fermerlar ham juda xursand bo‘lgan edik. Lekin, sal ertaroq do‘ppini osmonga otibmizmi, deyman. Chunki, avvalgi yillar qanday bo‘lgan bo‘lsa, o‘shanday siyosat davom etayapti. Yana fermerlar ustidan zo‘ravonlik, yana reja bajarilishi uchun fermerlarni qaqshatish, yana melisa bilan qo‘rqitish. Axir, bu jazirama kunlarda bug‘doyning dalada qolib ketishi, kamida 10 foiz hosilni yo‘qotish¸ degani. Chunki, bug‘doy qurib-qaqshab ketsa, kombayn o‘rayotganda 10 foiz boshoq sinib yo‘q bo‘ladi”, dedi fermer.

Zafarobod tumani g‘alla tayyorlash shtabi boshlig‘i Shuhrat Haydarov, Ozodlik bilan suhbatda fermerlarning rejadan ortgan bug‘doyiga kombayn berilmayotganini tasdiqladi:

- Tumanning bug‘doy topshirish rejasi bajarilgandan keyin shartnomani bajargan fermerga “orolcha”(fermerning rejadan ortib qolgan bug‘doy er maydoni – tahririyat)ni o‘rishga ruxsat beriladi. Chunki, hali o‘rilmagan ming gektar bug‘doy turibdi. Avval qolgan fermerlarning bug‘doyi o‘rib olinadi, tuman rejasi bajarilsa, keyin ularning “orolcha”sini o‘rishga kirishadi. O‘zi tumanda 15 ta kombayn qolgan bo‘lsa, kombayn yetishmayotgan bo‘lsa. Bu, har yili bo‘layotgan gap, dedi shtab boshlig‘i.

Ayni paytda¸ Shuhrat Haydarov, hokimlik tomonidan fermerlarga qo‘shimcha 5 sentnerdan bug‘doy topshirish majburiyati yuklatilganini inkor qildi.

Fermerlarning rejadan ortgan bug‘doyini o‘rdirmaslik va tortib olish holatlari O‘zbekistonning boshqa hududlarida ham kuzatilmoqda.

Xususan¸ o‘tgan hafta Farg‘ona viloyati Furqat tumani ichki ishlar xodimlari fermerlarning kombaynlarini “hibs”ga oldi. Bu haqda Ozodlikka xabar bergan fermerlar¸ rejani 110-120 foiz qilib bajarganlariga qaramay, tuman hokimi fermerning o‘ziga qoladigan bug‘doyini o‘rdirishga ruxsat bermayotganidan shikoyat qilgan edi.

21 iyun kuni Andijon viloyati Izboskan tumanidagi “Cho‘nbog‘ish Qutbiddin” fermer xo‘jaligi boshlig‘i Husniddin Rajabov¸ uni yaqindan bilganlarning aytishicha, o‘zini osib qo‘ygan. Rajabovga yaqin fermerlarga ko‘ra, u rejadan orttirib¸ ishchilariga taqsimlash niyatida olib qo‘ygan bug‘doyini tuman hokimi tortib olgandan so‘ng, o‘z joniga qasd qilgan.

XS
SM
MD
LG