Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 05:33

Jizzaxda gaz ballonli mashina portlashidan bir odam halok bo‘ldi


Jizzaxdagi "Chuqur" shoxobchasining portlashdan keyingi manzarasi
Jizzaxdagi "Chuqur" shoxobchasining portlashdan keyingi manzarasi

Jizzax viloyat prokuraturasi Jizzax shahrida metan gaz balloni o‘rnatilgan mashinaning portlashi bilan bog‘liq hodisani o‘rganmoqda. 30 iyun kuni ertalab Jizzax shahri markazidagi “Chuqur” deb nomlangan avtomobilga yoqilg‘i quyish shoxobchasida Neksiya avtomobiliga o‘rnatilgan metan gaz balloni portlashi oqibatida bir odam halok bo‘ldi, to‘rt odam jarohatlandi.

Voqea guvohlarining Ozodlikka aytishlaricha, portlash natijasida Neksiya bo‘laklarga ajralib ketgan.

Jizzaxdagi "Chuqur" shoxobchasining portlashdan keyingi manzarasi.
Jizzaxdagi "Chuqur" shoxobchasining portlashdan keyingi manzarasi.

Jizzax shahar Ichki ishlar bo‘limining o‘z ismini aytmagan xodimi gaz ballonli Neksiya mashinasi portlashidan bir odam halok bo‘lgani, ikki odam o‘ta og‘ir ahvolda va yana ikki odam yengil jarohat bilan kasalxonaga olib ketilganini tasdiqladi.

Portlash sabablarini viloyat prokuraturasi tergov qilmoqda.

- Neksiya mashinasining portlashiga uni orqasidagi ballondan gaz utechkasi sabab bo‘lganmi yoki gaz to‘ldirish jarayonidagi utechka sabab portlash bo‘lganmi, buni tergovchilar o‘rganyapti,- dedi IIB mulozimi.

Ozodlik mashina portlashi oqibatida halok bo‘lgan odam shu AYoQShda mashinalarga gaz to‘ldiruvchi bo‘lib ishlagan 24 yoshli Komil Toshpo‘latov ekanini aniqladi.

Marhumning qaynonasi Gulnora opa Ozodlik bilan suhbatda kuyovining jasadi mayda bo‘laklarga bo‘linib ketganini aytdi.

- Shunday portlash bo‘lganki, jasad parcha-parcha bo‘lib ketgan, yuvishga yaramadi, kuyovimni yuzini ham ko‘rolmadik. Oqqa o‘rab olib kelishdi, yuvmasdan ko‘mdik. Qizim shokda, olti oy hali bo‘lmagandi turmush qurganiga, - deydi Gulnora opa.

Hozirda marhumning yaqinlari viloyat huquq-tartibot idoralaridan portlash sabablarini obdon tergov qilib, aybdorlarni jazolashni talab qilmoqda.

Jizzaxdagi "Chuqur" shoxobchasining portlashdan keyingi manzarasi.
Jizzaxdagi "Chuqur" shoxobchasining portlashdan keyingi manzarasi.

O‘zbekistonda benzin tanqis va qimmatligi bois ko‘pgina yengil mashinalar, shuningdek, avtobus va yuk mashinalari gaz bilan yurishga o‘tib olgan.

Benzinning aholi daromadigan nisbatan qimmatligi sababli ko‘pchilik avtomobillariga gaz ballon o‘rnatishni afzal biladi.

Ammo, O‘zbekistonda ballonli mashinalar avariya payti portlab ketishi bilan bog‘liq baxtsiz hodisalar ko‘p bo‘lgan.

- O‘zbekistonda haydovchilar mashinasini orqasida bomba olib yurada, deyishadi. Aslida bu haqiqat. Lekin benzin qimmat bo‘lsa haydovchi nima qilsin. Gaz ballonda yurish ikki baravar arzonga tushyapti-da, - deydi jizzaxlik haydovchi.

Gaz balloni portlashi bilan bog‘liq eng dahshatli hodisa ikki yil avval Toshkent shahrining Qo‘yliq bozori yaqinida ro‘y bergandi.

O‘shanda ham Neksiyaga o‘rnatilgan gaz balloni portlagan va mashinadagi to‘rt kishi halok bo‘lgan edi.

Bunday hodisalarning kelgusida oldini olish maqsadida O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi rasmiylari barcha haydovchilarga o‘z avtomobillarining holatini, xususan, o‘rnatilgan gaz ballonlarini tez-tez tekshirib borishni tavsiya qiladi.

XS
SM
MD
LG