Линклар

Шошилинч хабар
03 Sentabr 2026, Toshkent vaqti: 10:27

Ish va’dasi bilan Istanbulga keltirilgan qizlar o‘zbek “mama Roza”si qo‘liga tushdi

Istanbulga ish izlab kelgan qizning Ozodlikka taqdim etilgan surati.
Istanbulga ish izlab kelgan qizning Ozodlikka taqdim etilgan surati.

Turkiyada bola boquvchilik qilasan¸ deb 5 iyul kuni Toshkentdan Istanbulga olib kelingan urganchlik qizlar aeroportdayoq fohishalar tarmog‘ini yurituvchi xorazmlik ayol qo‘liga tushdi. Soni Ozodlikka noma’lum bu qizlardan birining darhol yordam so‘rab tanishlariga qilgan qisqa telefonidan¸ ularning qaerda¸ aynan kimlar qo‘lida ekanini aniqlashning imkoni bo‘lmadi. Turkiya politsiyasi va Istanbuldagi O‘zbekiston Bosh konsulligi voqea tafsilotini o‘rganishni va’da qildi.

Urganchlik 25 yashar Halima Hayitboeva 5 iyul kuni IMO orqali Sankt-Peterburgda yashovchi sobiq ish beruvchisiga telefon qilib¸ Istanbulga enagalik qilasan¸ degan va’da bilan olib kelgan ayolning aslida qo‘shmachi ekanini aytishga ulgurgan.

O‘zini Bek deb tanishtirgan piterlik yigitning aytishicha¸ 2012 yilda ikki opasi va pochchalari bilan Sankt-Peterburgga ish izlab kelgan Halima¸ uning qiziga boquvchilik qilgan va ular bilan birga yashagan.

2015 yilda O‘zbekistonga ketayotib¸ pasportiga deport urilganidan so‘ng Rossiyaga qayta olmagan Halima¸ aytilishicha¸ Istanbulga kelgunga qadar Urganchdagi kafelardan birida ofitsiantkalik qilib yurgan.

Otasi yo‘q¸ onasi va bir o‘g‘li bilan yashab yurgan ikki xonalik kvartirasi buzilishga tushgandan keyin¸ nihoyatda og‘ir ahvolda qolgan Halima¸ Bekning aytishicha¸ Rossiya yo‘li yopiqligi bois¸ Turkiyadan ish izlagan:

- Xorazmlik bir ayol unga Istanbulda nyankalik¸ yoki ofitsiantlik qilasan¸ degan va unga Istanbulga bilet olib bergan. Menga 4 iyul kuni Toshkentdan Istanbulga nyankalikka ketayapman¸ deb telefon qildi. Rossiyada nimaiki hujjat muammosi bo‘lsa¸ men ërdam berardim¸ shunga ish topganini aytib¸ maslahat so‘radi. Keyin 5 iyul ertalab soat 10 larda yana yig‘lab telefon qildi. Halimani kutib olganlar¸ darrov nima ish bilan shug‘ullanishlarini aytgan¸ shunga qo‘rqib ketgan – fohishalik bilan yo‘l kira qarzingni uzib berasan¸ depti. Lekin ko‘p gapira olmadi¸ qaerdaligini¸ kutib olganlar kimligini aytolmadi – telefonini kimdir urib-baqirib¸ tortib oldi. Shundan keyin bog‘lanishning iloji bo‘lmadi¸ deydi Ozodlikka bu voqea tafsilotlarini xabar qilgan piterlik o‘zini Bek deb tanishtirgan yigit.

Halima va u bilan kelgan boshqa qizlarning odam savdosi bilan shug‘ullanuvchi o‘zbekistonlik jinoiy guruh qo‘liga tushganini taxmin qilgan Bek¸ Halima hali toshkentdaligidayoq o‘ziga Istanbuldan ish topishni va’da qilgan ayol telefonini berganini aytib¸ bu raqamni Ozodlikka taqdim etdi.

Ozodlik muxbiri¸ Halima taqdiriga oydinlik kiritishni so‘rab¸ ushbu raqamga telefon qilganida¸ unga javob bergan¸ lahjasidan xorazmlik ekani anglashilgan ayol¸ haqorat bilan gapni qisqa qildi.

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:32 0:00
Бевосита линк

Ozodlik hozircha bu ovoz sohibasining shaxsini aniqlay olmadi. Halima Hayitboevaning Istanbuldagi taqdiriga oydinlik kiritishi mumkin bo‘lgan yagona shaxs¸ Ozodlikning boshqa muxbirlariga ham shu mazmunda bolaxonador so‘kinish bilan javob qildi¸ so‘ralgan savolga mutlaq javob bermay¸ telefonini o‘chirib qo‘ydi.

Ozodlik Halima Hayitboevaning Istanbulda odam savdosi bilan shug‘ullanuvchi guruh qo‘liga tushganiga oid xabar tafsilotini Istanbul politsiyasining tegishli bo‘limi¸ shuningdek¸ Istanbuldagi O‘zbekiston bosh konsulligi rasmiylariga ma’lum qildi.

Har ikkala rasmiy idora vakillari¸ bu voqea tafsilotini o‘z kanallari orqali taftish qilish va Halima Hayitboevani topib¸ unga ërdam berishni va’da qildi. (Ozodlik voqea tafsilotlarini kuzatishda davom etadi.)

Hozirda na Turkiyada qancha o‘zbekistonlik yashab-ishlaëtgani va na ulardan qancha aëlning o‘z ixtiyori yoki majburan fohishalik bilan shug‘ullanayotganiga oid ishonchli raqamlar yo‘q.

O‘zbekiston vatandoshlari Turkiyada vizasiz uch oy davomida turish huquqiga ega.

Turkiya matbuoti ahyon-ahyonda o‘zbekistonlik fohishalar ishlayotgan islovotxonaga reyd o‘tkazilgani haqida xabar tarqatsa-da¸ fohishalikda ushlangan o‘zbek ayollarining keyingi taqdiriga oid tafsilotlar jamoatchilikka deyarli ma’lum emas.

O‘zbekiston hukumati yosh xotin-qizlarning xorij¸ xususan¸ Turkiyaga chiqishini cheklash maqsadida¸ chiqish vizasi olish uchun ariza topshirgan 35 yoshga to‘lmagan ayollar uchun maxsus suhbatdan o‘tish¸ ota-onasi yoki turmush o‘rtog‘idan ruxsat olish talablarini qo‘ygan.

Ammo kuzatuvchilar¸ bunday ma’muriy to‘siqlarga qaramay¸ mamlakatdagi ishsizlik o‘zbekistonlik yosh xotin-qizlarni bilib¸ ba’zan esa¸ bilmay xorijdagi “mama Rozalar” qo‘liga o‘lja qilib berayotganini aytadi.

XS
SM
MD
LG