Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 14:53

Tramp va Putinning qo‘l berib ko‘rishgani ortida nima gaplar bor?


Rossiya bilan AQSh rahbarlarining barcha uchrashuvlariga tarix, harbiy qudrat, jahonda mavjud tartib yuzasidan o‘zaro raqobat qiluvchi qarashlar nuqtai nazaridan baho berilib kelgani ma’lum. 7 iyul kuni Vladimir Putin bilan Donald Trampning uchrashuvini o‘sha uchrashuvlarga qiyosan tarixiy deb atash uning ahamiyatini erga urmaydi.

Yadro quroliga ega ikki yirik davlat o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar so‘nggi 30 yil ichida eng past nuqtaga tushib ketdi hamda sovuq urush davridagi harbiy qarama-qarshilikka o‘xshab ketayotgani bilan odamlarni tashvishga solmoqda.

Tramp prezidentligining dastlabki olti oyi AQSh razvedkasining Rossiya Amerikaning prezident sayloviga aralashgani va go‘yo bu Trampning g‘alaba qozonishiga sabab bo‘ldi, degan xulosasi sabab juda sertashvish bo‘ldi.

Ayni choqda uchinchi muddat prezidentlik qilayotgan Putin Rossiyaning qayta oyoqqa turayotgan qurolli kuchlarini to‘liq nazorat qilmoqda, obro‘si oshib bormoqda. Ammo mamlakat iqtisodiyotining ahvoli og‘ir, aholi qarib bormoqda, korrupsiya epidemiya tusini olgan, siyosiy tizim esa tobora Putin shaxsiga bog‘lanib qolmoqda.

Tramp Kreml bilan til topishish xususida qayta-qayta gapirmoqda. U ham o‘tmishdoshlariday buning uchun yaxshi munosabatlar va ijobiy yondashuv qo‘l kelishiga ishonadi.

Barak Obama Rossiya 2008 yili Gruziyaga bostirib kirgandan so‘ng Putin bilan aloqalarni «qayta ishga tushirish»ga urinib ko‘rgan edi. Kichik Jorj Bush 2001 yilda Putinning ko‘ziga qarab, uning «ko‘nglida nima borligi»ni ko‘rganini aytganini ko‘pchilik ancha vaqt gapirib yurdi.

Bill Klinton esa Putinning o‘tmishdoshi Boris Yelsin bilan qadrdon va uni murakkab 90-yillardagi prezidentlik davrida – bir marta chin ma’noda – qo‘llab-qo‘ltiqlagan edi.

Agar Tramp tarixni takrorlashdan qochadigan bo‘lsa, hech bir yutuqqa erisha olmaydi.

Ikki prezidentning dastlabki uchrashuvidan quyidagi beshta xulosaga kelish mumkin.

Xonada kim bor edi?

Uchrashuv arafasida AQShlik sinchilaru rossiyalik kuzatuvchilar Putin bilan Tramp uchrashishi kerak bo‘lgan xonaga kimlar kirishi mumkinligi xususida rosa bosh qotirdi.

Nihoyat, o‘sha kishilar ikki mamlakat diplomatboshilari va tarjimonlar ekani aniq bo‘ldi.

Kirmay qolganlardan biri Oq Uyning Rossiyaga oid masalalar bilan shug‘ullanuvchi vakili Fiona Hill edi. Ko‘pchilik uning hozir bo‘lishini kutgani sabab kirmay qolganini AQSh tarafini chuqur bilim, til, Putinning ehtiyotkorligi va Rossiyada ro‘y berayotgan voqealardan yaxshi xabardor kishidan mahrum qildi, degan xulosaga keldi.

Tillerson ham oqu qorani yaxshi tanisa-da, uning asosiy kasbi – biznes yuritish: ishi ulkan ExxonMobil kompaniyasiga rahbarlik qilish, Rossiyaning davlatga qarashli ulkan neft kompaniyasi «Rosneft» bilan shartnomalar tuzishdan iborat bo‘lgan.

Ayni choqda tashqi ishlar vaziri Lavrov diplomat sifatida uch prezident bilan ishlagan, uning Qo‘shma Shtatlar bilan dimlomatik munosabatlari Sovet rahbari Leonid Brejnev davriga qadar cho‘zilib ketadi.

Qo‘l berib ko‘rishish

Tarmpning qo‘l berib ko‘rishishi va tana harakatlari uning dunyo mamlakatlari rahbarlari bilan munosabatlari kuzatuvchilari uchun lakmus qog‘oziga aylandi.

Yaponiya bosh vaziri Sindzo Abening qo‘lini 19 soniya siqib turgani, Germaniya kansleri Angela Merkelning qo‘lini siqib qo‘yishni esdan chiqargani, Fransiya prezidenti bilan kimo‘zarga qo‘l siqishgani – barcha-barchasi Tramp bu bilan chet ellik hamkasblariga nima demoqchi bo‘lganiga qiziqadigan ishqiboz ruhshunoslar uchun tayyor xo‘rak bo‘ldi.

U Putin bilan xos uchrashuv oldidan suratga tushish marosimida qo‘l siqib ko‘rishdi. Bu oldingi marosim tadbirlari oldida aytarli ahamiyatli bo‘lmadi. Ular sal oldinroq G20 rahbarlari yig‘ilayotgan pallada norasmiy tarzda ham ko‘rishgan edi.

Qisqa, rahbarlar muzokara stoli atrofiga yig‘ilayotgan payt tasvirlangan video klipda Tramp qo‘lini Putinga cho‘zayotgani va kulib turib, uning tirsagiga urib qo‘yayotgan aks etgan. So‘ngra u yonma-yon turishganda Putinning yelkasiga ham qoqib qo‘ydi.

– Siz bilan uchrashish – men uchun sharaf, – dedi Trapm Putinga.

U esa:

– Siz bilan ko‘rishganimdan xursandman, – deb javob qaytardi.

– Ular o‘rtasidagi munosabat iliq va sammiy bo‘ldi, – dedi keyinchalik Tillerson jurnalistlarga.

Xo‘sh, ularning ilk qo‘l berib ko‘rishishi haqida nima deyish mumkin? U ko‘pi bilan ikki soniya davom etdi.

Soat chiqillaydi betinim

Dastlab uchrashuvga G20 guruhi sammiti doirasida 35-40 daqiqa vaqt ajratilgan edi. Biroq uchrashuv 2 soatu 15 daqiqaga cho‘zildi. Shuncha vaqt ikki prezident faqat ob-havoyu qaysi galstukni tanlash haqida gaplashmagani aniq.

Abe bilan kechroq uchrashishni kutib turgan jurnalistlarga Putin Tramp ikkovi Ukraina, Suriya, terrorchilikka, kiberjinoyatchilikka qarshi kurash va kiberxavfsizlik masalalarini muhokama qilganini aytdi. Ammo tafsilotlarga to‘xtalmadi.

Hali uchrashuv tugamay turib, tomonlar Suriya masalasida kelishuvga erishgani to‘g‘risida mish-mish tarqaldi. Shu paytgacha Qo‘shma Shtatlar bilan Rossiya Islom davlati jangarilariga qarshi parallel urush olib borayotgan va maqsadiga erishish uchun turli vositalardan foydalanayotgan edi.

Lavrov keyinchalik jurnalistlarga ikkala prezident o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishgani va u Suriyaning ayrim joylarida 9 iyul kuni boshlanishini aytdi.

Kelgusi kunlarda ham Moskva, ham Vashingtonda ushbu uchrashuv haqida turli bayonotlar berishi tayin. Ismi oshkor bo‘lishini istamagan rasmiy shaxslarning muhokama qilingan muhim masalalar yuzasidan fikrlarini matbuotga sizdirishini gapirmasa ham bo‘ladi.

Tillersondan, nega uchrashuv bunchalik cho‘zilib ketdi, deb so‘ralganda, «gaplashadigan gaplar yig‘ilib qolgan edi», deb javob berdi.

Kosa tagidagi nimkosa

Aksariyat hollarda bunday uchrashuvlar chog‘ida aytilmagan gaplarning ahamiyati aytilganidan kam bo‘lmaydi.

Lavrov Rossiyaning Qo‘shma Shtatlar tortib olgan ikkita diplomatiya ob’ektini qaytarib olish haqida hech narsaga kelishilmaganini ma’lum qildi. Ma’lumki, Obama ma’muriyati ularning Rossiyaning o‘tgan yil dekabrida saylov kampaniyasiga aralashganini iddao qilib, tortib olgan edi.

Rossiya bu haqda hamma yoqqa jar solgan va javoban AQShning diplomatik mulkini tortib olish bilan tahdid ham qilgan edi.

Lavrov o‘sha kuni AQSh Ukraina bo‘yicha maxsus vakil tayinlagani, u Minsk kelishuvini amalga oshirish, Ukrainadagi mojaroga barham berish bilan shug‘ullanishi xususidagi xabarni e’tiborsiz qoldirdi.

Tillerson bildirgan izohlardan xulosa qilinadigan bo‘lsa, Minsk shartnomasiga qo‘l qo‘ygan tomonlarga zimmasiga olgan majburiyatlarni bajarish yuzasidan bosim o‘tkazish bo‘icha hech qanday kelishuv bo‘lmagan.

Yana qurollar ustidan nazorat o‘rnatish bo‘yicha sovuq urush vaqtida erishilgan bitim ayni paytda Moskva bilan Vashington o‘rtasida tortishuvlarga sabab bo‘layotgani, Trampning Polshaga safari chog‘ida bergan bayonoti ham tilga olinmadi.

U Hamburgdan oldin Varshavaga safari chog‘ida Rossiyaning ancha vaqtdan beri davom etayotgan o‘ch olish siyosatiga qarshi NATO qarab turmasligini aytgan va Moskvani Yevropaning ayrim mamlakatlari barqarorligiga putur yetkazayotgani uchun tanqid qilgan edi.

Tramp yana Polsha harbiylariga «Petriot» rusumidagi raketadan hujum quroli sotilishiga ruxsat bergan va ushbu mamlakatning Rossiyaga muxolif kayfiyatda bo‘lgan o‘ng qanot hukumatini maqtagan edi.

Qovushmagan xatti-harakat

Tramp bilan Putinning oldida turgan, ammo ikkalasi ham inkor etayotgan eng katta muammo Rossiyaning 2016 yilgi prezident saylovi kampaniyasiga aralashgani muammosidir.

Tillersonning aytishicha, Tramp uchrashuvni ushbu masalani ko‘tarish bilan boshlagan. Ruslar – Putin ham, Lavrov ham – aralashgan bo‘lsak, isbot topib beringlar, deb aytgan.

– Prezident Tramp Putinga bir necha holatda Rossiyaning aralashuvi haqida bosim o‘tkazdi. Putin bunday aralashuvni inkor qildi, menimcha, u o‘tmishda ham shunday qilgan edi, – dedi Tillerson jurnalistlarga.

Ayni choqda Lavrov:"Tramp Putindan Rossiya saylov kampaniyasiga aralashmaganini aniq eshitdi", deb aytdi. Uning aytishicha, tomonlar kiberjinoyat va kiberxavfsizlik bo‘yicha qo‘shma ishchi guruhi tuzish to‘g‘risida kelishib oldi.

Agar tarixdagi misollarga qaralsa, bu ish boshi berk ko‘chaga kirib qolishi aniq.

Ruslar bilan amerikaliklar o‘tmishda ham kibernetika masalalari bo‘yicha hamkorlik qilishga urinib ko‘rgan, ammo Rossiya hukumati vatandosh hakerlarni rasmiy va norasmiy loyihalarga jalb qilgandan so‘ng bundan sa’y-harakatlar o‘z-o‘zidan to‘xtab qolgan edi.

Qo‘shma Shtatlar esa rus hakerlarini ulkan kompyuter hujumlari uchun ta’qib va ekstraditsiya qilgan edi.

Bundan tashqari, Rossiyaning aralashuvi masalasi ta’qib qilinadigan hodisaga ham o‘xshamaydi. Tramp uchun Rossiyaning saylovni – AQSh razvedka hamjamiyati xulosa qilganiday – uning foydasiga hal qilishda yodam berishga harakat qilganini tan olish saylovdagi g‘alabasiga va prezidentligi qonuniy ekaniga shubha tug‘dirishi mumkin.

Putin uchun Rossiya AQShdagi saylovga aralashganini tan olish ekspertlarning ushbu mamlakat Yevropaning Vashingtonga ittifoqchi bo‘lgan ko‘plab mamlakatlari saylovlariga aralashayotganini ham tasdiqlashiga sabab bo‘ladi.

Amerikaliklar esa bunga qarab turmasligi va o‘ch olishi mumkin.

XS
SM
MD
LG