Линклар

Turkiyada bola boquvchilik qilasan¸ deb 5 iyul kuni Chimkent orqali Istanbulga olib kelingan urganchlik va farg‘onalik ikki qizning Turkiyada fohishalar tarmog‘ini yurituvchi o‘zbek aëli qo‘liga tushgani haqidagi Ozodlik maqolasidan ta’sirlangan faollar qizlarni qutqarishdi.

Rossiya¸ AQSh va Turkiyadagi faollar Ozodlik muxbiri bilan Facebookda yozishib¸ bu qizlarni qo‘shmachilar qo‘lidan ozod qilish tashabbusi bilan chiqishdi.

Urganchlik 25 yashar Halima Hayitboeva 5 iyul kuni IMO orqali Sankt-Peterburgda yashovchi sobiq ish beruvchisiga telefon qilib¸ enagalik qilasan¸ degan va’da bilan Istanbulga olib kelgan ayolning aslida qo‘shmachi ekanini aytgani Ozodlik radiosida e’lon qilinganidan keyin "qutqarish tadbiri" boshlandi.

"Istanbuldagi tanishlarim yordamga bordi", deydi o‘zini Bek deb tanishtirgan piterlik yigit.

Qo‘riqchining jasorati

Bekning aytishicha¸ Turkiyadagi qo‘riqchilik shirkatida ishlaydigan Xorazm viloyatidan kelib ishlab yurgan X. ismli yigit 8 iyul, shanba kechqurun Halima Hayitboevani qutqargan:

"Hayitboeva yonida bir dugonasi bilan uyda kiyib yuradigan kiyimlarida qochib chiqishdi. Hozir ular havfsiz joyda. O‘zbekistonning Istanbuldagi konsulxonasiga 11 iyul kuni ertalab borib yordam so‘rashmoqchi. Ular «mama-Roza» va «papa Roza»lar tarafidan qattiq qo‘rqitilgan"¸ deydi qiyin ahvolga tushgan ayollarga yordam ko‘rsatgan yigit.

"Aldov qurboni bo‘ldik"

Qizlarni qutqarishda qatnashgan yana bir faolga ko‘ra¸ Halima Hayitboevadan yigirma kuncha oldin qo‘shmachilar qo‘liga tushgan Madina ismli farg‘onalik qiz ham qutqarilgan:

"Madina ham aldab olib kelinganini aytdi. U kelganidan so‘ng 4 ming dollar harajat qildik sen uchun, deb bo‘yniga qarz ilishgan. 20 kun davomida kuniga 15-20 mijozga xizmat qilib, qarzini uch ming dollarga tushirgan. U Hayitboevaga qo‘shilib pritondan qochdi. Hozir u O‘zbekistonga qaytmoqchi¸ ammo o‘zi tushgan ahvol haqida yaqinlari habar topishidan qo‘rqadi"¸ deydi faol.

Ozodlik muxbiri qo‘shmachilar qo‘liga tushgan bu ikki qiz bilan alohida¸ alohida bir soatdan ko‘proq suhbatlashdi. Halima Hayitboevaning Ozodlik muxbiriga aytishicha¸ u aldov qurboni bo‘lgan:

"Rossiyada bola boquvchi edim. 2014 yili otam o‘lganida O‘zbekistonga borganimda mening pasportimga Rossiyadan deport qilindi deb bosilgan ekan. Keyin bir chiqonim (dugonam) Istanbulda nyankalik yoki ofitsiantlik qilasan deb ishga taklif qildi. Keyin meni O‘zbekiston chegarasidan Qozog‘istonga olib o‘tishdi. Qozog‘istonga ishga boradi, deyishdi chegarachilarga. Bir guruh qizlarni Chimkentda yig‘ishdi", deya o‘z "sarguzashtlari"ni hikoya qilgan Halimaga ko‘ra, 4 iyul kuni Istanbulga uchib borishgan:​

"O‘zbekistonliklarga viza kerak emas ekan. Aeroportda dugonam kutib oldi. Keyin Oqsaroy degan joydagi kvartiraga olib bordi. Bahor degan kattaqo‘rg‘onlik «mama Roza» va pistolet bilan qurollangan Nuriddin degan «papa Roza» kutib oldi. Dugonam meni ularga topib bergani uchun qo‘shmachilardan 500 dollar olibdi. Meni fohishalikka majburlashmoqchi ekanini tushunganimda darrov Sankt Petrburgda bolasiga qaragan tanishim Bek akaga telefon qildim. U Ozodlik muxbiriga aytdi. Keyin maqolani o‘qiganlar meni qutqarishdi"¸ deydi Halima Hayitboeva.

Piterlik Bekning Ozodlikka aytishicha¸ 2012 yilda ikki opasi va pochchalari bilan Sankt-Peterburgga ish izlab kelgan Halima¸ uning qiziga boquvchilik qilgan.

2015 yilda O‘zbekistonga ketayotib¸ pasportiga deport urilganidan so‘ng Rossiyaga qayta olmagan Halima¸ aytilishicha¸ Istanbulga kelgunga qadar Urganchdagi kafelardan birida ofitsiantlik qilgan.

Otasi 3 yil oldin olamdan o‘tgan, onasi va bir o‘g‘li bilan yashab turgan ikki xonalik kvartirasi buzilishga tushgandan keyin¸ nihoyatda og‘ir ahvolda qolgan Halima¸ Bekning aytishicha¸ Rossiya yo‘li yopiqligi bois¸ Turkiyadan ish izlagan.

Ozodlik Halima Hayitboevaning Istanbulda odam savdosi bilan shug‘ullanuvchi guruh qo‘liga tushganiga oid xabar tafsilotini Istanbul politsiyasining tegishli bo‘limi¸ shuningdek¸ Istanbuldagi O‘zbekiston bosh konsulligi rasmiylariga ma’lum qildi.

Har ikkala rasmiy idora vakillari¸ bu voqea tafsilotini o‘z kanallari orqali taftish qilish va Halima Hayitboevani topib¸ unga yordam berishni va’da qildi.

Hozircha bu idoralardan taftishga oid tafsilotlar kelgani yo‘q.

Hozirda na Turkiyada qancha o‘zbekistonlik yashab-ishlayotgani va na ulardan qancha ayolning o‘z ixtiyori yoki majburan fohishalik bilan shug‘ullanayotganiga oid ishonchli raqamlar yo‘q.

Turkiyadagi fohishaxonalarda o‘tkazilgan reydlar paytida O‘zbekiston vatandoshlari tashkil qilgan islovot tarmog‘i fosh qilingani haqida Ozodlik yozgan edi.

XS
SM
MD
LG