Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 05:13

Jizzax va Samarqanddan Toshkentga kelib-ketuvchilarning yo‘li 24 kilometrga qisqardi


O‘zbekiston – Qozog‘iston davlat chegarasida “Oq oltin – Selinniy” va “Malik – Sirdaryo” o‘tkazish punktlarining rasmiy ochilish tantanasi 11 iyulda o‘tkazildi. Mazkur chegara punktlari orqali Toshkent-Termiz yo‘nalishidagi M-39 trassasi o‘tgan. Tantana Janubiy Qozog‘iston viloyati rasmiylari tomonidan uyushtirilgan.

Chegara punktlari va M-39 yo‘lning ochilish tadbirida O‘zbekiston va Qozog‘iston hukumati vakillari hamda jamoatchilik ishtirok etdi.

Trassaning qayta ochilishi Jizzax, Samarqand tomondan Toshkentga keluvchilar va ketuvchilarning yo‘lini qisqartirishi aytilmoqda.

O‘zbekiston – Qozog‘iston davlat chegarasida “Oq oltin – Selinniy” va “Malik – Sirdaryo” o‘tkazish punktlarining ochilishi ortidan o‘zbekistonliklarga M39 yo‘lining Qozog‘iston hududidan o‘tuvchi qismidan foydalanishga imkoniyat yaratildi.

Shu paytgacha haydovchilar 17-post deb ataluvchi yo‘l-patrul xizmati maskanidan Chinoz yo‘l-patrul xizmati maskanigacha Sirdaryo viloyati hududida 70 kilometrga yaqin yo‘l bosishar edi. To‘g‘ri yo‘l ochilishi bilan ushbu masofa 46 kilometrni tashkil etadi.

Trassaning qayta ochilishi Jizzax, Samarqand tomondan Toshkentga keluvchilar va ketuvchilarning yo‘li 24 kilometrga qisqarganini anglatadi.

Oldinroq berilgan xabarlarga qaraganda, O‘zbekiston-Qozog‘iston davlatlar chegaralarining qayta ochilgan o‘tkazish punktlarida kesib o‘tishda yengillashtirilgan pasport nazorati yo‘lga qo‘yiladi va kirish chiqish shtamplari bosilmaydi.

Janubiy Qozog‘iston viloyati hokimligi matbuot xizmatining bildirishicha, “Malik – Sirdaryo” chegara punktning ochilishi bu erdan bir kunda 200 avtomobil va 5 ming odam o‘tishini ta’minlaydi.

Janubiy Qozog‘iston viloyatining hokimi Janseit Tuymebaev tantanada: "2006 yili yopilgan yo‘lning qayta ochilishi ikki davlat prezidentlari kelishuvining natijasi bo‘ldi", - deb bildirgan.

Dastlab, mazkur chegara punktlari va M-39 trassasining ochilishi to‘g‘risida 13 fevral kuni Qozog‘istonning O‘zbekistondagi elchisi Erik Utembaev ma’lum qilgan edi. Utembaev mazkur yo‘l fevral oyi oxirigacha ochilishiga umid bildirgan.

Biroq keyinroq bu yo‘l va chegara punktlari 15 mayda ochilishi e’lon qilindi. Ushbu ikkita chegara punktini ochish bo‘yicha prezident Mirziyoev 26 aprel kuni maxsus qarorni imzolagan.

Toshkentdan Samarqandgacha bo‘lgan yo‘lni 24 kilometrga qisqartiruvchi M-39 yo‘li Qozog‘istonning Maqtaaral tumani hududidan o‘tadi.

Bu punktlardan yuk tashuvchi avtomobillar va tijorat tovarlarini ortgan mashinalar o‘tishi taqiqlangan.

XS
SM
MD
LG