Линклар

Birvarkayiga to‘rt respublikaning xalq artisti Komiljon Otaniyozovning tavallud kuni davlat miqësida nishonlanmoqda. O‘zbek ashulachiligida Ozarbayjon torini urf qilgan hofiz Komiljon Otaniyozov tug‘ilganiga 21 iyul kuni yuz yil to‘ladi.

Bu sana arafasida Toshkentdagi “Turkiston” saroyida Komiljon Otaniyozov ijodiga bag‘ishlangan kecha bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Madaniyat vazirligi tomonidan taniqli hofiz tavalludining 100 yilligiga bag‘ishlab tashkil etilgan adabiy­musiqiy tadbirda qatnashgan filolog olim Masharip Saparovning aytishicha¸ tadbir katta musiqa bayramiga aylanib ketgan.

O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Minhojiddin Hojimatov ochib bergan bu tadbirda musiqashunos olim Otanazar Matyoqubov va boshqa san’atkorlar qo‘shiqchi ijodiy merosi haqida gapirishgan.

Karimov iqtidori davrida hofizning 80 va 90 yillik yubileylarini o‘tkazilmagan va uning Urganch shahridagi haykali yiqib tashlangan edi. Bundan tashqari Otaniyozov ismi musiqa bilim yurti va filarmoniyadan olib tashlangan edi.

“Mahtumquli g‘azallari Komiljon Otaniyozov ijrosida” degan monografiya muallifi¸ filolog olim Masharip Saparovning aytishicha¸ hofizni eslash tadbiri yangi rahbariyat tashabbusi bilan amalga oshgan:

- Mirziyoev saylov oldi uchrashuvlarida Komiljon aka tug‘ilgan Bo‘yrachi qishlog‘iga borib u kishini nomini abadiylashtiraman deb va’da berdi va bu va’da bajarildi¸ deydi suhbatdosh.

Komiljon Otaniëzovning Karimov davrida unutilgan nomini ulug‘lash haqida joriy yil yanvarida mamlakatning muvaqqat prezidenti bo‘lgan paytidayoq Shavkat Mirziyoev Xorazm viloyatiga tashrifi paytida aytgan edi.

Prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoev xorazmliklar bilan saylovoldi uchrashuvida 2017 yilda O‘zbekiston xalq artisti Komiljon Otaniyozov tavalludining 100 yilligini keng nishonlash, mashhur hofiz nomi bilan ataladigan zamonaviy ijod markazi va uning tarkibida go‘zal bog‘ tashkil etishni taklif qilgan edi.

Shuningdek Mirziyoev Xorazmda yiqib tashlangan Komiljon Otaniyozov haykalini qaytadan barpo etish haqida ham tavsiya bergan edi.

Komiljonimni yod etsam

Ozodlikning “Chodirhayol” dasturida Komiljon Otaniyozov ijod yo‘liga uni tanigan va bilganlar bilan suhbat asosida nigoh tashladik.

O‘zbekiston xalq shoiri Omon Matjon Ozodlik bilan suhbatda Komiljon Otaniëzovni tog‘ cho‘qqisiga o‘xshatdi

- Xorazmda tog‘lar yo‘q deyishadi¸ men esa tog‘lar bor deb aytaman. Faqat bu tog‘lar odam qiyofasida zohir bo‘lgan. Ogahiy¸ Munis kabi shoirlar Hojixon¸ Komiljon kabi hofizlar Xorazmning tog‘laridir¸ degan shoir Ozodlik bilan suhbatda hofizga atab yozgan she’ridan parcha o‘qidi:

- Ruhimga bir sado kelur Komiljonimni yod etsam

Dilga nurli navo kelur Komiljonimni yod etsam

Qadim dengiz Orol to‘lar¸ Sir¸ Jayhunga hayol to‘lar

To‘lin bo‘lar¸ hilol to‘lar Komiljonimni yod etsam

Dillarda bor sog‘inch ziyo¸ ishq bois aylanur dunyo

Shu bir nomda ming hikmat jo ¸Komiljonimni yod etsam...

Vremyani to‘xtatgan xofiz

O‘tgan asrning oltmishinchi yillarida O‘zbekiston televideniesi o‘z ko‘rsatuvlarini efirga uzatganida Markaziy Televideniening “Vremya” dasturini olib ko‘rsatishga majbur edi.

“Vremya” dasturi boshlangani onda barcha o‘zbek dasturlari to‘xtatishi lozim bo‘lgan.

Toshkentning Boshliq mahallasidagi teledasturlarni efirga uzatish respublika idorasining 1967 yilgi "TV-zona 4" degan daftarida bir ChP (Favqulloda hodisa) qayd qilingan.

Bu daftarda yozilishicha, o‘sha yilning noyabr oyi kunlaridan birida “Vremya” programmasi efirga uzatilmasdan uning o‘rniga Komiljon Otaniyozov konserti berilgan.

Teleuzatish markazidagi texnik Komiljon Otaniëzovning muxlisi bo‘lgani bois Moskvani ulashni unutib qo‘ygan va pirovardida hayfsan olgan.

Xozir Britaniyada istiqomat qiladigan olim Ahmadjon aka Xorazmiy o‘sha voqeani yaxshi eslaydi:

- Moskvaning Vremya degan programmasi kelgan paytda hamma narsa taqa-taq to‘xtab, Vremya berardi. O‘sha paytda Komiljon Otaniyozov ashula aytib turgan edi, konserti bor edi televizorda. Birdan Komiljon Otaniyozov ashulasini tugatmasdan Vremya boshlavordi. Ikki minut o‘tar-o‘tmas Vremyani to‘xtatdi-da, yana Komiljon aka ashula aytib yubordi. To‘rt minut o‘tar-o‘tmas yana Vremya ko‘rsatib yubordi. Undan keyin yana Komiljon aka ashula aytdi. Televizor tugaguncha aytdi o‘ziyam, deydi Ahmadjon Xorazmiy.

Suhbatdoshga ko‘ra, Sovet Ittifoqining eng asosiy teledasturini to‘xtatish o‘sha paytdagi mafkuraga qarshi borish bilan teng bo‘lgan.

Bu voqeadan sal o‘tmay Mushtum jurnalida Komiljon Otaniyozov tanqid qilingan karikatura paydo bo‘ldi.

Karikaturada Otaniyozov xotinlar kabi kokil soch qo‘ygan tarzda gavdalantiriladi. Rasm izohida esa "Otaniyozov o‘zi erkak bo‘lib, xotinchalish qo‘shiqlar aytdi", deb yozilgan edi.

Ana shundan keyin hofiz respublikani tark qilib, bir muddat Turkmanistonda ijod qilishga majbur bo‘lgani aytiladi.

Xorazm mash’ali

Shoir va jurnalist Hamid Ismoilning “Men sevgan ashula” kitobida Komiljon Otaniyozov deya “Xorazm mash’ali” ta’riflanadi.

Ozodlik bilan suhbatda Hamid Ismoyil “Komiljon Otaniyozovni esga olsak. "Mash’al Xorazm" degan ibora esimga keladi” deb gap boshladi.

- Komiljon Otaniyozov haqida hech bir inson hech qachon biron bir yomon gap aytmagan. Rost-da, toshkentlik ana u hofiz it urishtirar emish, bunisi xotinboz ekan, uchinchisi yana allanima, — deb mish-mishlar tarqalib yurgan bir paytda — Komiljon-aka haqida atigi bir marta — o‘yinchoqlar do‘koning mudirasi Movluda-opaning to‘yiga kelganida uni ko‘rganlar — nuroniy ko‘zli, plash kiygan odam ekan, deb aytishlaridan boshqa hech narsa eshitmaganman. Buvim ham shu to‘yga borgan edilar: «Akamlarga o‘xshar ekan», — degan soddagina gapni ko‘tarib kelganlar. Bu degani esa buvimning ta’birida eng yuqori maqtov edi. Yoqub-xo‘ja tog’amdek sof inson afsuski, umrimda, Navoiy hazratlari aytgandek, kamrak topilardi degan Hamid Ismoyil buvisi Komiljon Otaniyozovning Mahtumquli g‘azaliga bastalagan “Tushimda bir bulbul ko‘rdim” qo‘shig‘ini tancha oldida o‘tirib eshitganligini xotirlaydi.

Dushimda bir bulbul go‘rdim,

Urkib galmish gulzorima,

Qaysi bog‘ning bulbuli bu,

Qaysi bog‘chaning norindan.

Go‘rmisham sahar chog‘lari,

Siynama botmish dog‘lari,

Boshda qaro popoqlari

Nozikdur ko‘ngul torindan.

Yuzi oyga sho‘la solar,

Husni quyoshdan boj olar.

Ayting, yorim qachon galar,

Chiqsam daryo kanorina.

Yoqdi mani ul nozanin,

Ado bo‘ldi ro‘i zamin,

Hech bir kimsa maning kabi

Ayrilmasin nigorindan.

Kommunist bo‘lishini rad qilgan hofiz

"Komiljon Otaniyozov kuylaydi" degan plastinkadan hofizning Kommunist partiyasini va Sovet hukumatini ulug‘lovchi qo‘shiqlari o‘rin olgan.

SSSRning “Melodiya” ovoz yozish studiyasining oltin fondidan o‘rin olgan bu yozuvlarda nafaqat kommunizm madhiyalari, balki diniy-mistik, hazil-folklor va suvora yo‘nalishidagi qo‘shiqlar mavjud.

“Melodiya” studiyasida ovoz ëzdirgan hofiz SSSRda katta mavqega ega bo‘lgan. Bundan tashqari, Sovet kino qo‘mitasi "Komiljon Otaniyozov kuylaydi" degan filmni suratga olgan.

Otaniyozovni yaxshi bilgan Ahmad Xorazmiyga ko‘ra, hofizga bir necha marotaba Kommunistik partiyaga kirish taklif qilingan.

Komiljon Otaniyozov turli sabablar bilan o‘zini kompartiyadan olib qochgani aytiladi.

Ahmadjon akaga ko‘ra, ana shundan keyin Komiljon Otaniyozovga Sotsialistik mehnat qahramoni unvoni berish masalasi kun tartibidan olib tashlangan:

- Komiljon Otaniyozovga “Siz partiyaga o‘ting. Shunda sizga “Sotsialistik mehnat qahramoni” univoni beramiz tezda” degan paytda partiyaga o‘tmasdan, unvondan voz kechgan shu odam. 50 yoshga kirgan paytda unga “Sotsialistik mehnat qahramoni”ni bermoqchi bo‘lishgan.

Unutilish

Komiljon Otaniyozov olamdan o‘tgan 1975 yilda uning nomini abadiylashtirish to‘g‘risida hukumat qarori chiqdi.

Bu qarorga ko‘ra, u o‘qigan maktab va Xorazm viloyat filarmoniyasiga Komiljon Otaniyozov nomi berildi. Filarmoniya oldida uning tor ushlab turgan haykali o‘rnatildi.

O‘zbekiston mustaqil bo‘lganidan keyin maktablarni atoqli odamlar nomi bilan yuritishga barham berildi.

Oqibatda hofiz o‘qigan maktab Komiljon Otaniyozov nomidan mosuvo bo‘ldi.

Filarmoniyaning viloyat bo‘limi "O‘zbeknavo" tarkibiga kirganidan keyin Komiljon Otaniyozov nomidan voz kechdi.

Keyingi yillarda Urganch shahrini qayta qurish amaliyoti paytida Otaniyozov ijod qilgan filarmoniyaning tarixiy binosi yiqitildi.

Bino oldidagi haykal ham sindirib tashlandi.

O‘zbekistonda rahbar almashganidan keyin esa hofizga yana haykal tiklashga qaror qilindi.

Hofiz ijodi haqida kitoblar chop qilina boshlandi.

Otaniyozov ijodini tadqiq qilgan munaqqid¸”Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali tanlov hay’ati a’zosi¸ nemis muzikashunosi Angelika Yung ozodlik bilan suhbatda “Komiljon Otaniyozov estetikasi siyosiy konyunkturadan balandda turishiga” e’tibor qaratdi. Suhbatdoshga ko‘ra¸ “Otaniyozovdan qolgan musiiqiy meros unga qo‘yilgan eng yaxshi haykaldir”

XS
SM
MD
LG