Линклар

2015 yildan beri "Islom davlati" ekstremistik guruhi safiga 1141 nafar tojikistonlik qo‘shilgan. Ulardan 300 ga yaqini Suriya va Iroqdagi janglarda o‘ldirilgan¸ 70 nafari o‘z ixtiëri bilan vatanga qaytgan.

Bu raqamlarni Tojikiston prezidenti huzuridagi Strategik tadqiqotlar markazi direktori o‘rinbosari Sayfullo Safarov Dushanbeda o‘tkazilgan matbuot anjumanida keltirdi.

O‘tgan yili Tojikiston rasmiylari Suriya va Iroqning jangovar harakatlar boraëtgan hududlaridan 60 nafar tojikistonlikning vatanga qaytib¸ xavfsizlik tizimlariga taslim bo‘lganini e’lon qildi.

Ularning aksariyatiga¸ aytilishicha¸ mamlakat Jinoyat Kodeksining 401-moddasi qo‘llanilgan.

Bu modda esa¸ qurolli guruhlar tarkibidagi noqonuniy faoliyatdan¸ xorij davlati hududidagi jangovar harakatlardan ular tugashini kutmasdan o‘z ixtiyori bilan voz kechgan tojikistonlarni¸ faoliyatida boshqa jinoyat unsurlari bo‘lmasa¸ jinoiy javobgarlikdan ozod etishni nazarda tutadi.

2015 yilda parlament ikkala palatasi tomonidan ma’qullangan bu o‘zgartishga ko‘ra¸ o‘z qilmishiga tavba qilmaganlarga 10 yildan 20 yilgacha qamoq jazosi tayinlanadi.

Sayfullo Safarovning aytishicha¸ Tojikiston hukumati Suriya va Iroqdagi hududlarini boy beraëtgan “Islom davlati” safida jang qilgan tojiklarning vataniga qaytishidan jiddiy xavotirda:

- Suriya va Iroqdan o‘z ixtiyori bilan qaytib¸ qamoqqa chap berganlar¸ Tojikistonda beqarorlik yoki xalq isyoni boshlangan taqdirda¸ hukumat uchun bosh og‘rig‘iga aylanishi mumkin. Shu bois hukumat¸ birinchi navbatda Tojikistondagi tinchlik va osoyishtalikni saqlab qolishning muhimligini yaxshi tushunadi. Qolaversa¸ o‘z qilmishiga samimiy tavba qilganlarga nisbataniliqlik bor¸ deydi Safarov.

Tojikistonlik tahlilchi Faridun Hodizoda, tavbasiga tayangan sobiq ishidchilarning normal hayotga qaytishi uchun davlat tizimlari barcha chorani ishga solishi kerakligini aytadi. Ayni paytda¸ "Islom davlati" mag‘lub etilganidan so‘ng¸ chorasizlikdan vataniga qaytaëtganlardan nihoyatda ehtiyot bo‘lish lozim¸ deydi Hodizoda:

- Ularda haqiqiy urush tajribasi bor. Ular vatanga professional qotil bo‘lib qaytayapti va shu bois nafaqat Tojikiston¸ balki butun mintaqag uchun tahdidga aylanmoqda¸ deydi bu tahlilchi.

Ayni paytda¸ Hodizoda¸ Suriya yoki Iroqdan qaytgan har bir jangariga alohida yondashuv kerakligini ham qayd qiladi. Bundaylar orasidan¸ IShID safiga aldov bilan olib ketilganlarni ajratib olish lozim¸ deb qo‘shimcha qiladi bu tahlilchi.

Keyingi oylar ichida Suriya va Iroqdagi istehkomlarini boy berayotgan "Islom davlati"ning¸ aytilishicha¸ yuzlab jangarisi Afg‘onistonga ko‘chib o‘tgan.

Markaziy osiyolik jangarilar¸ o‘z vataniga yaqinroq bo‘lish uchun¸ asosan Afg‘oniston shimoliy hududlariga kelmoqda. Afg‘on rasmiylari o‘zbek va tojik ishidchilarining chegara hududlarida to‘planayotgani haqida bir necha bor bayonot berdi.

Ular bir qismining¸ 2015 yilda «Islom davlati»ga bay’at bergan "O‘zbekiston islomiy harakati"ga qo‘shilgani taxmin qilinmoqda.

«Islom davlati» tomonidan tuzilgan xaritada Afg‘oniston¸ Pokiston¸ Tojikiston va Eron sharqiy hududlari "Xurosoni buzurg" - "Buyuk Xuroson" degan umumiy nom bilan atalgan.

O‘zini bu hudud amiri deb atagan Hafiz Saidxonning Afg‘oniston-Pokiston chegarasiga qilingan havo hujumlari oqibatida o‘tgan yil o‘ldirilgani aytiladi.

Keyingi oylar ichi Afg‘oniston hududi¸ xususan poytaxt Kobulda bir necha terror hujumi uyushtirgan «Xurosoni buzurg» guruhi safida qancha jangari borligi aniq emas.

Kobul hukumati taxminicha¸ Afg‘onistonda «Islom davlati» bayrog‘i ostida jang qilayotganlar soni 2000 nafarga yaqindir.

XS
SM
MD
LG