Линклар

Qayta ish boshlagan “Abu Saxiy” o‘z xizmat haqini yanada arzonlatdi


Qariyb olti oyga cho‘zilgan uzilishdan so‘ng¸ O‘zbekistondagi eng yirik kargo xizmatini yo‘lga qo‘ygan "Abu Saxiy" import mollarni olib kiritishni qayta boshlagan.

Xitoy¸ Turkiya va boshqa davlatlardan import mollarini O‘zbekistonga olib kirishi 2017 yil yanvar oyidan boshlab to‘xtab qolgan “Abu Saxiy” shirkati o‘tgan oydan o‘z kargo xizmatini qayta tikladi. Ozodlik suhbatlashgan “Abu Saxiy” mijozlariga ko‘ra¸ marhum prezident Islom Karimovning kuyovi Timur Tillaevga qarashli bu shirkat nafaqat o‘z faoliyatini qayta tiklagan¸ balki xizmat narxini avvalgiga nisbatan arzonlatgan ham.

Boj to‘lovi bozorini kasod qilgan savdogar xursand..

Ozodlik suhbatlashgan o‘zbekistonlik tadbirkorlar Toshkent¸ vodiy va janub viloyatlari bozorlarida yillardan beri “Abu Saxiy” orqali Xitoydan olib kelingan nooziq-ovqat mahsulotlari bilan savdo qiladi.

Keyingi olti oy davomida "Abu Saxiy" ana ochildi¸ mana ochildi"¸ degan mish-mishlar bilan yashagan bu savdogarlar shirkat kargo faoliyatining qayta boshlanganini o‘zlari uchun “uzoq kutilgan xushxabar” deb atadilar.

Abu Saxiy” to‘xtagandan keyin o‘zimiz Xitoydan mol olib kelib ko‘rdik. Rastamojka qildirdik¸ ikki baravar qimmatga tushib¸ bozorimiz qariyb kasod bo‘ldi. O‘tgan oy ishga tushdi¸ deb xabar kelgandan keyin¸ Xitoydan yana tovar oldik¸ “Abu Saxiy” 12 kun deganda yetkazib berdi”¸ deydi yillardan beri “Abu Saxiy” orqali olib kelinayotgan Xitoy tovarlari bilan savdo qilib kelayotgan kichik tadbirkorlardan biri.

Bu¸ qolaversa¸”Abu Saxiy” kargo xizmatidan foydalanib kelayotgan yana boshqa ikki savdogarning Ozodlikka aytishicha¸ ayrim juz’iy o‘zgarishlarni istisno qilganda¸ shirkat ish uslubi deyarli o‘zgarishsiz qayta tiklangan.

Mol keldi¸ deb SMS yuborishgandan keyin¸ “Abu Saxiy” bozori ichidagi omborxonaga bordik. Kassada bizga kargo raqamini berdi¸ falon pul to‘laysiz¸ deyishdi. Avvallari kassada dollarni bozor narxidan ham qimmatroq hisoblab¸ so‘mda to‘lardik. Bu gal¸ naqd dollarda¸ falon joyda¸ falonchiga to‘laysiz¸ deyishdi. O‘zgarish shu. Lekin yana oldingidek Xitoydan yuborilgan tovarlarning rastamojka qilinganini ko‘rsatuvchi bir hujjat berishmadi. Mollarimizni dokumentsiz olib chiqdik”¸ dedi Ozodlik bilan suhbatda shaxsi ochiqlanmasligini so‘ragan savdogarlardan biri.

Bu va “Abu Saxiy”ning Ozodlik suhbatlashgan boshqa mijozlari¸ O‘zbekiston hududiga boj to‘lovlari to‘lab kiritilganini tasdiqlovchi hujjatlarsiz olingan o‘z tovarlarini sotishning tavakkalchilik ekani va bundan ancha xavotirda ekanlarini yashirmadilar.

Oldinlari “Abu Saxiy”ga tegishmaydi¸ deb ishonib yurardik. Endi boshqalar zamoni keldi¸ “Abu Saxiy”dan tovar olganlardan rastamojka qog‘ozlari so‘rab qolishsa¸ nima bo‘ladi¸ qo‘rqib o‘tiribmiz”¸ deydi Ozodlik suhbatlashgan yana bir savdogar.

“Abu Saxiy”ning na ishi to‘xtab qolgani¸ na qayta ochilgani rasman e’tirof etildi

O‘zbekiston marhum prezidentining kuyovi Timur Tillaevga qarashli “Abu Saxiy” shirkati 2017 yil yanvaridan boshlab Xitoy va Turkiya kabi davlatlardan yuborilgan import tovarlarini o‘z mijozlariga yetkazishni to‘xtatib qo‘ygani haqida savdogarlardan Ozodlikka ko‘plab shikoyatlar kelgan edi.

Bu murojaatlar asosida Ozodlikning O‘zbekiston Bojxona va Soliq qo‘mitasi rasmiylari bilan qilgan mikrofonsiz suhbatlarida¸ mulozimlar shirkat kargo faoliyatining tekshirilayotgani va ular tugaguncha import mollari olib kirish to‘xtatilganini bildirgan edi.

«Bu to‘g‘ri xabar. Proverka bor u yerda. “Abu Saxiy” mollari oldindan past baholangani uchun¸ endi kak polojeno¸ me’yoriy hujjat bo‘yicha to‘lanadigan stavkalar qayta ishlab chiqilayapti. Bu faqat “Abu Saxiy”ga tegishli. Hozir “Abu Saxiy”ning oldingi stavkalari nimaga asoslanganini to‘liq tekshirib chiqishayapti. Hamma bor u yerda (davlat nazorat organlari¸ jumladan prokuratura¸ soliq va bojxona qo‘mitalari rasmiylari nazarda tutilayotgan bo‘lishi mumkin – tahr.) Shuning uchun ularning hamma narsasi to‘xtab turipti. Bu tekshiruvlar tugasa¸ olib kelingan mollar me’yoriy hujjatlarga asosan hamma to‘lovlari to‘lanib¸ olib chiqiladi. Endi “Abu Saxiy” ham kak polojeno ishlaydigan bo‘ladi”¸ degan edi yanvar oyida Ozodlik gaplashgan Davlat Bojxona qo‘mitasining “Abu Saxiy”da borayotgan tekshiruvlarga aloqadorligini aytgan rasmiysi.

Ozodlikning "Abu Saxiy" kargo faoliyati to‘xtab qolgani sabablariga oid yanvar oyida yuborgan savollariga yozma javob bergan shirkat egasi Timur Tillaevning AQShdagi advokati¸ faoliyat to‘xtaganini inkor qilgan edi.

Abu Saxiy” o‘zbek rasmiylari tomonidan tekshirilayotgani yo‘q va unga qarshi hech qanday ayb ilgari surilgani ham yo‘q. Bayramlar mavsumi munosabati bilan biznes ko‘lami keyingi paytlarda qisqardi¸ lekin bu noodatiy hol emas; bu hol har yil shu paytda kuzatiladi. “Abu Saxiy” o‘z faoliyatini odatiy tartibda davom ettirmoqda”¸ deb javob bergan edi Tillaev advokati 19 yanvar kuni Ozodlikka yuborilgan yozma javobida.

“Abu Saxiy” “kak polojeno" ishlaydigan bo‘ldimi?

13 iyul kuni Ozodlik suhbatlashgan Bojxona qo‘mitasi mulozimi¸ «Abu Saxiy» mijozlarining shirkat o‘tmishdagi kabi import mollarining boj to‘lovi to‘lab olib kiritilganini tasdiqlovchi hujjat bermayotgani bilan bog‘liq xavotirlariga javob berdi.

«Abu Saxiy» bitta emas¸ yuzlab¸ minglab savdogar molini olib kirayapti. Kelgan kargodan har bir savdogarning molini ajratib¸ unga boj to‘lovi to‘lanmaydi. Shuning uchun «Abu Saxiy» ham har bitta savdogarga maxsus hujjat berolmaydi. Hammasi kategoriya¸ kodlar bo‘yicha birato‘la hisoblanib¸ shundan boj to‘lanadi. Savdogarlar qo‘lida «Abu Saxiy» bilan tuzilgan shartnoma va kargo uchun to‘langan kvitantsiya bo‘lsa¸ bo‘ldi¸ shuning o‘zi bu mollarning kontrabanda emasligini tasdiqlashga etadi. Keyin¸ savdogardan bunaqa hujjatni hech kim so‘ramaydi ham. "Abu Saxiy klientlariga hozirgacha qanday tegilmagan bo‘lsa¸ bundan keyin ham tegilmaydi"»¸ dedi Ozodlik suhbatlashgan bojxona rasmiysi.

Tillaevlarning "yangi-eski" javobi

“Abu Saxiy”ning boj to‘lovlari to‘lamay¸ yoki sun’iy tarzda arzonlatilgan to‘lovlar to‘lash orqali O‘zbekistonga import mollari olib kiruvchi asosiy monopolistga aylangani haqida yillardan beri mavjud tanqidlarga javob bergan Timur Tillaevning advokati Ozodlikka bunday e’tirozlarni bir necha bor rad etgan edi.

Tillaevning AQShdagi advokati 2017 yil yanvar oyida Ozodlikka “Sizga bundan oldin ham ta’kidlaganimizdek¸ “Abu Saxiy” soliqlarni to‘laydi va hech qachon soliq va boj to‘lovlari bo‘yicha imtiyozdan foydalangan emas. Buning aksini iddao qilish¸ yolg‘ondir”¸ degan bayonot yo‘llagan edi.

Ozodlikning “Abu Saxiy” mijozlari ayni kunlarda o‘zlariga import mollari uchun boj to‘langanini ko‘rsatuvchi hujjat berilmayotganini aytishmoqda¸ bu xabarlarga qanday javob berasiz¸ degan 12 iyul kungi so‘roviga Tillaevning advokati yuborgan javob quyidagicha bo‘ldi:

Mijozimning o‘z avvalgi izohlariga qiladigan hech qanday qo‘shimchasi yo‘qligi va o‘tgandagi bayonotlarimizda turishimizni e’tiborga oling”¸ deyiladi Ozodlikka elektron pochta orqali yuborilgan rasmiy javobda.

Xizmatlar 10 iyuldan arzonladi

Ozodlik suhbatlashgan «Abu Saxiy» mijozlari shirkat 10 iyuldan boshlab ko‘rsatiladigan xizmatlar haqining arzonlagani haqida o‘z doimiy mijozlariga SMS yuborganini bildirdilar.

Telefon qilsak¸ narxlar 30 foizcha arzonladi¸ yuk tashiydigan kichik furalarimiz ko‘paydi¸ deyishdi»¸ deydi o‘zbekistonlik savdogarlardan biri.

XS
SM
MD
LG