Линклар

Samarqand shahrida odamlar xorijdan yuborilgan pul jo‘natmalarini o‘z vaqtida ololmay, sarson bo‘lyapti. Bu haqda Ozodlikka shikoyat qilgan samarqandliklar banklarning oldida tumonat odam yig‘ilganini, ba’zan kuni bilan navbatda turishayotganini aytishyapti. Bank mutasaddilari bu holatni shahardagi xorijdan keladigan pul jo‘natmalarini beradigan bir qancha minibank o‘z faoliyatini to‘xtatgani bilan izohlamoqda.

Samarqanddagi banklarda xorijdan yuborilgan pulni ololmayotgan Zokirjonning Ozodlikka aytishicha, u ikki kundan buyon sarson bo‘lyapti:

“Ipak Yo‘li bankining Samarqanddagi Umar filiali, Kapitalbank, O‘zsanoatqurilishbank, Orient finans bank, Turonbankda odamlar pul jo‘natmalarini olish uchun uzundan-uzun navbatlarga turishga majbur bo‘lishyapti. Avvallari bir kunda 100-150ta odam pul olgan bo‘lsa, endi zo‘rg‘a 60-70 kishi olyapti. Bank xodimlaridan buning sababini so‘rasak, xodimlarimiz ta’tilga chiqqan yoki ishdan ketgan, degan bahonani kilyapti. Kapitalbankning Hazora bulimida, Ipak yo‘li bankining Mirzo Ulug‘bek ko‘chasidagi bo‘limlarda ham bir xil vaziyat. Hamma erta tonda soat 6-7 da kelib ocheredga yoziladi. 60 odam soat kunduzgi 16 gacha zo‘rg‘a olayapti. Yoki eng yomoni valyuta tugab qolayapti yoki ba’zi bir pul o‘tkazmalari ishlamaydi. Natijada bir kuningiz bekorga ketadi.”, deydi Zokirjon.

Oriyent finans bankida odamlar ertalabdan buyon navbat kutishyapti
Oriyent finans bankida odamlar ertalabdan buyon navbat kutishyapti

Rossiyada mehnat muhojiri bo‘lgan o‘g‘li yuborgan pulni olgani kelgan onalardan biri ham jazirama kunlarda odamlar qiynalayotganini aytdi:

“O‘g‘lim “Zolotaya korona”dan pul jo‘natdim degandi. Shuni olgani kelsam, tumonat odam. Meni ham 76 no‘mir qilib navbatga yozishdi. Biroz o‘tirdim, lekin issiqda damim qaytib ketdi. Boshqa kun olarman, deb, uyga ketdim”, deydi onaxon.

Ipak Yo‘li bankining Samarqand shahridagi Umar filiali boshqaruvchisi o‘rinbosari Sirojiddin Sirojqulov pul jo‘natmalarini olish uchun katta navbat vujudga kelganini tan oldi. O‘rinbosari buning ikkita sababi borligini aytdi:

- Birinchi sababi shunday, Samarqandda bir qancha minibanklar yopildi va o‘sha banklardan pul olayotganlar endi bizning bankka kelyapti. Shunga odam ko‘payib, uzun navbatlar yuzaga kelyapti. Ikkinchisi esa, ba’zi banklar Rossiyaning “Zolotaya korona”si bilan ishlamaydi, biz esa ishlaymiz. Rossiyadagi mehnat muhojirlarining aksariyati xizmat haqi arzon bo‘lgani uchun shu tarmoq orqali yaqinlariga pul jo‘natadi. Bu ham odam ko‘payib ketishiga sabab bo‘lyapti, deydi Sirojiddin Sirojqulov.

O‘zbekiston Markaziy Bankining o‘zini tanishtirmagan mulozimi, minibanklarni ochish va yopish tijorat banklarining ichki ishi, dedi:

"Har bir tijorat banki o‘zi ochgan minibankini yopish huquqiga ega. Minibanklar bankka va aholiga qanchalik foyda keltirayotganidan kelib chiqib, bu haqda qaror olinadi", dedi Markaziy Bank mulozimi.

O‘zbekistonliklar Rossiyadan pul jo‘natish bo‘yicha MDH vatandoshlari orasida yana birinchi o‘rinni egallab kelmoqda.

Rossiya Markaziy banki hisobotiga ko‘ra¸ 2016 yil davomida o‘zbekistonliklarning vataniga yuborgan jami mablag‘i 2 milliard 741 million dollarni tashkil etgan.

O‘rtacha hisobda¸ Rossiyada mehnat qilaëtgan har bir o‘zbekistonlik o‘tgan yilda oyiga 279 dollar pul yuborgan.

XS
SM
MD
LG