Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 17:18

Toshkentlik imom chetda nikoh o‘qitganlarni Qur’onga qarshi qo‘ydi (VIDEO)


"O‘zbekiston" telekanalida ko‘pxotinlilik qoralangan ko‘rsatuvda qatnashgan toshkentlik imom xorijda nikoh o‘qitganlarni Qur’onga qarshi amal qilganlar, deb ta’rifladi. Prezident Mirziyoev tanqidi ortidan ko‘pxotinlilikni qoralagan imomning bu bayonoti ko‘rsatuv tugamay turiboq, ijtimoiy tarmoqlarda bahsu munozara uyg‘otib yubordi.

13 iyul kuni "O‘zbekiston" telekanalida "Biz uchun muhim" tok-shousining ko‘pxotinlilik masalasiga bag‘ishlangan ko‘rsatuvi namoyish qilindi.

Jamiyatning turli qatlamlaridan vakillar ishtirok etgan uchrashuvda keyingi yillarda bekitiqcha o‘qilayotgan nikohlar, qo‘shxotinlilik keskin tanqid qilindi.

O‘zbekiston ko‘pxotinlilik qonun bilan taqiqlangani bois, yashirincha olingan ikkinchi yoki undan ko‘p xotin, ularning farzandlari huquqiy va ijtimoiy himoyasiz qolayotgani ham qoralandi.

Ko‘rsatuvga taklif qilingan Toshkentdagi "Oqlon" masjidi imom xatibi Isomiddin Ahrorov O‘zbekistonda ko‘pxotinlilik taqiqlangani bois, ikkinchi yoki uchinchi xotinga yashirincha nikoh o‘qishni istamagan mahalliy "imomlarga itoat qilmay, xorijdagi imomlarga nikoh o‘qitganlar" Islomning muqaddas kitobi Qur’onga qarshi amal qilgan bo‘ladi, deb baho berdi.

- Chetga chiqib (ko‘rsatuvda Qozog‘iston, Turkiya tilga olindi - tahr.)​ nikoh o‘qitib kelayotganlar Qur’onga qarshi amal qilib qo‘yayapti. Nima uchun? Chunki, (Islomda) Ollohga, payg‘ambarga va o‘zingizdan chiqqan ishboshchilarga itoat qiling, deyilgan. Biz din masalasida O‘zbekiston Musulmonlari idorasiga itoat qilishimiz kerak, ularning ko‘rsatmalariga, buyruqlariga, qarorlariga taslim bo‘lishimiz kerak, - dedi imom xatib.

Imomning bu gapi o‘sha zahotiyoq ijtimoiy tarmoqlarda bahs-munozaralarni boshlab yubordi.

Xususan, Facebook tarmog‘ida Sardor Salim ismi ostida fikr qoldirgan foydalanuvchi: ""O'zbekiston" TV kanalida qo'shxotinlik mavzusida qatnashgan imom qo'vun tushurmadimi? Uning fikricha, Islom bu taslim, itoat degan ma'noni bildirar ekan. Bu to'g'ri, lekin men har doim taslim, itoat Allohga deb bilar edim. Imomning fikricha, taslim, itoat ulamolarga ekan. Chet elda o'qilgan nikoh joiz emas ekan, chunki nikohni o'zbek rasmiy ulamosidan boshqasi o'qishi mumkin emas ekan :D" deb yozdi.

Facebook tarmog‘ining Alijon Safarov Xojabulbuloniy ismli yana bir foydalanuvchisi esa : "Shariat himoyachisi bo‘lgan imom-domla qo‘shxotinlilikni mutlaqo noto‘g‘ri, mumkin bo‘lmagan, illat deb atadi, uning oldini olish kerak dedi va kitob o‘qib, diyonatli, ma’rifatparvar bo‘lishga chaqirdi, hukumatni judayam maqtab yubordi, ana sizga din kimlarning qo‘lida qolgan!!! Men qo‘shxotinlilik tarafdorimasman, ammo dinimizda taqiqlamagan, imom bo‘lsang iymonli bo‘l!!!", deb fikr bildirdi.

Abu Janjal nomi ostida sharh qoldirgan boshqa foydalanuvchi: "Yana prezidentni gapidan iqtibos keltirilganda qarsakbozlik bo‘ldi, ko‘rsatuvni tayyorlaganlar va ishtirokchilar prezidentni gapini bir tiyinga olmadi, bular siyosatga qarshi ekan", deb yozdi.

Prezident Shavkat Mirziyoevning 15 iyunda o‘zbekistonlik imomlar bilan o‘tkazgan videoselektorida ko‘pxotinli erkaklar, ayniqsa, mulozimlarni keskin tanqid qilgan va tez orada bunga barham berilishidan ogohlantirgan edi.

Prezidentning bu bayonotidan so‘ng O‘zbekiston rasmiy matbuotida ko‘pxotinlilikka barham berishga qaratilgan ko‘rsatuvlar, maqolalar ko‘paydi. Ayni paytda, "Mahalla" jamg‘armasi, hokimiyat va boshqa davlat idoralari aholi o‘rtasida tushuntirish ishlarini boshlab yubordi.

O‘zbekiston Oliy Majlis Qonunchilik palatasi esa, ko‘pxotinlilikka qarshi kurashni kuchaytirish maqsadida ikkinchi, uchinchi yoki to‘rtinchi xotinga nikoh o‘qiydigan imomlarni jazolashga oid qonun loyihasini ishlab chiqmoqda.

O‘zbekiston qonunlarida ko‘pxotinlilik qonun bilan taqiqlangan (Jinoyat kodeksining 126- moddasi). Qonunchilikda ko‘pxotinlilik uchun 3 yilgacha qamoq va eng kam ish haqining 50 barobaridan 100 barobariga qadar jarima belgilangan.

Ammo, Islomda to‘rttagacha xotin olishga ruxsat berilgan va bunda asosiy shartlardan biri, xotinlar orasida adolatni saqlash, ya’ni, hammasiga birdek muomala qilish va birdek moliyaviy ta’minlashdir.

XS
SM
MD
LG