Линклар

Abdurahim Po‘lat: O‘zbekistonga ruxsat berishmasa ham qaytib, siyosat bilan faolroq shug‘ullanaman


Abdurahim Po‘lat

Karimov boshqaruv tizimining asosiy tanqidchilaridan biri¸ O‘zbekiston Birlik Xalq harakati partiyasi raisi¸ 1998 yildan beri AQShda istiqomat qilaëtgan 72 yashar Abdurahim Po‘lat Ozodlik muxbiri bilan suhbatda¸ O‘zbekistonga borib siyosiy faoliyat bilan yanada samaraliroq faoliyat olib borish rejasini ochiqladi.

Po‘latov bu gapni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoevning mamlakatda “demokratiya qaror topmaganini”ni e’tirof qilib¸ mavjud siyosiy partiyalarni "mudrab yotgan", deya tanqid qilganiga munosabat bildira turib aytdi:

- Men Mirziyoevning siyosiy partiyalar falajligi haqidagi habar sarlavhasini o‘qib, ichimda bu bizga qaratilgan ishorat emasmi, degan tuyg‘u paydo bo‘ldi. Bekitadigan joyi yo‘q. Shu kunlarda o‘zi O‘zbekistonga borib siyosiy faoliyatni davom qildirishni o‘ylab turibman. Rasman murojaat qilish rejam bor. Juda bo‘lmasa, O‘zbekistonga chegaradosh joylarga¸ masalan, Qog‘oziston chegarasiga boraman. Chegarada devor yo‘g‘u! Qozog‘iston chegarasiga yaqin joyda turganman. O‘shatlarni yaxshi bilaman. Har qanday joydan o‘tib keta olaman. Mana, masalan, AQSh bilan Meksika chegarasida devor qurishmoqchi¸ chegaraning ba’zi qismlarida devor ham bor. Shunga qaramay, AQShning qattiq qo‘riqlanadigan chegarasidan minglab meksikaliklar yo‘lini qilib o‘tmoqda. O‘zbekistonning chegarasi nima bo‘libdi?! Hech qanday devor inson intilishni to‘sa olmaydi. O‘zbekistonga borish tushunchamiz qat’iy. O‘ylayapmiz ¸ ko‘ramiz, dedi Abdurahim Po‘lat.

Ozodlik: Shavkat Mirziyoev 12 iyul kuni Oliy Majlis palatalarining qo‘shma majlisida qilgan nutqida "Parlament - demokratiya maktabi" deya ta’kidladi va milliy parlamentning "haqiqiy demokratiya maktabiga aylanmaganidan" afsus bildirdi. Nutqi davomida Mirziyoev siyosiy partiyalar rahbarlarining prezident bilan uchrashuvini ham yo‘lga qo‘yishni taklif qilgan. Buni siz o‘zingiz uchun ishorat deb tushundingizmi?

- Siz aytayotgan fikr keldi miyamga. Ammo hushyor mantiq menga Mirziyoev islohotchi emas, degan fikrni uqtirdi. Mana Gorbachev islohotchi edi. Ammo Mirziyoev bu Gorbachev emas. Koshki Gorbachev bo‘lsaydi. Mirziyoev siyosiy islohotlarni qilmoqchimi, degan savolni qo‘yib turing¸ u qila oladigan odam emas. Oldingi diktatorning qo‘lida qul bo‘lib ishlab yurgan odam. Endi qarang, Gorbachev rahbarlikka kelgan dastlabki yillarda barcha¸ shu jumladan men ham, unga “boltun” ya’ni valdirovchi deb qaradim. Ammo u Gorkiyda surgunda bo‘lgan Andrey Saxarovga telefon qilib, uni siyosiy faoliyatga qaytargan minutdan boshlab, Gorbachevga munosbatim o‘zgardi. U siyosiy o‘zgarishlar istagini shu yo‘l bilan ifoda qilgan edi.

Ozodlik: Mirziyoev sizga telefon qilib¸ qayting deb aytishini kutyapsizmi? Ya’ni, shunday qilishi o‘zgarishlar to‘g‘risida signal bo‘ladimi?

- Albatta, unday qilsa kuchli signal bo‘ladiku. Mirziyoev bunday narsani qiladigan odam emas. Tushunmaydiyam u siyosatni. Uning qilayotgan narsalarnini ko‘rib turibman. Yaxshi ishlasak¸ ko‘p ishlasak¸ terlab pishib ishlasak yaxshi yashaymiz, deb o‘ylaydi. O‘sha Stalin¸ Beriya zamonida ham hammani intizom bilan yaxshi¸ ko‘p va terlatib ishlatib hamma narsa yaxshi bo‘ladi, deb o‘ylashgan. Hech unaqa emas. Keyin Xrushchev mamlakatni makkajo‘xori bilan qutqaraman, deb o‘rtaga chiqdi. Mirziyoev ham, mana tutzorlarni ko‘paytirsak hammasi yahshi bo‘ladi, dedi. Siyosatni o‘zgartirish kerak. Siyosiy reforma kerak. Men AQSh dan turib ko‘rayotgan narsani Mirziyoev Toshkentdan turib ko‘ra olmayapti. Yaqinda bir amerikalik menga qo‘ng‘iroq qilib, siz AQShda o‘tirib, qanday qilib O‘zbekiston muxolifatiga yetakchilik qilayapsiz, deb so‘radi. Men unga, kerak bo‘lsa, AQSh prezidenti oydan turib Amerikani boshqara oladi, dedim. Hozirgi zamon aloqa vositalari¸ texnika taraqqiyoti bunga imkon beradi¸ dedi 1989 yildan beri O‘zbekiston Birlik Xalq harakatiga rahbarlik qilib kelayotgan texnika fanlari doktori Abdurahim Po‘lat.

Mirziyoev AQShdagi o‘zbeklar bilan uchrashmoqchi

AQShda siyosiy muxojirlikda yashayotgan Birlik rahbari O‘zbekistonga qaytish niyati haqida gapirgan 14 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri vazifasini bajaruvchi Sherzod Shermatov Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi o‘zbekistonliklarga Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasiga orqali murojaat qildi.

Ingliz tilidagi murojaatida Shermatov joriy yil sentabrida BMT Bosh Assambleyasida ishtirok etish uchun AQShga qiladigan safari davomida bu mamlakatda yashab turgan o‘zbekistonliklarning O‘zbekiston Prezidenti bilan uchrashuvini tashkil qilish niyatini bildirgan.

XS
SM
MD
LG