Линклар

Moskvada O‘zbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekovning konserti bekor qilingani ayrim migrantlar noroziligiga sabab bo‘ldi. Ularning iddao qilishicha, chiptalar puli ham qaytarib berilmagan. Ammo, konsert tashkilotchisi Ozodlik bilan suhbatda barchaga chipta pullari qaytarilganini ta’kidladi.

Chipta puli qaytarildimi?

Iyul oyi boshida taniqli xonandaning bir ming tomoshabinga mo‘ljallangan "Akvamarin" konsert zalida 16 iyul kuni ikki marta konsert qo‘yishi e’lon qilingan edi.

Biroq, taniqli xonanda yakkaxon konsertiga borganlarga tashkilotchilar tadbir qoldirilganini bildirgan.

Konsertga kelganlarning Ozodlik mobil muxbiriga aytishicha, ayrimlarga chipta pullari qaytarilmagan.

- Pulimizniyam bermayapti-da. Bilmasam, shunday sotgan biletni. Pul-mulni qaytarib bergani yo‘q. Mana biletni yirtib musorkaga tashladim, borib ko‘ring musorkada biletim, - dedi ulardan biri.

Konsert tashkilotchisi Baxtiyor Xo‘jarahmonov Ozodlik bilan suhbatda barchaga chipta pullari qaytarilganini alohida ta’kidladi.

- Bizda hamma izohimiz bor. Pullari qaytarilgan. Aniq aka. Mening vijdonim toza. Hamma taniydi. Hammasining puli qaytarilgan, - dedi Baxtiyor Xo‘jarahmonov. - Xalqning puli. Bizga xalq pulining keragi yo‘q.

Uning ilova qilishicha, bir necha yuz kishiga bepul taklifnomalar tarqatilgan va ulardan ba’zilari o‘sha taklifnomalar uchun pul talab qilishgan.

- Biz bergan priglasitelniyga pul talab qilib kelishdi. Buni qanday izohlash mumkin endi?! Bizdan uch yuztadan ortiq, to‘rt yuztaga yaqin odam priglasitelniy olgan. Biz kimga va qaerga taklifnoma berilganini yaxshi bilamiz, - dedi konsert tashkilotchisi.

Konsert nega qoldirildi?

Ozodbek Nazarbekov va Baxtiyor Xo‘jarahmonov
Ozodbek Nazarbekov va Baxtiyor Xo‘jarahmonov

Baxtiyor Xo‘jarahmonov hozirga qadar Rossiyada Ozodbek Nazarbekovning konsertini 7 marta uyushtirgani va hozirga qadar, biron marta bo‘lsin, konsertlar bekor bo‘lmaganini bildirdi.

U bu galgi tadbir nega qoldirilganini bilsa-da sababini ochiqlay olmasligini aytdi.

30 iyunda prezident Mirziëev Ozodbekni “Yoshlar” teleradiokanali Bosh direktori qilib tayinlagan edi.

Tayinlov ortidan san’atkorning prodyuserlaridan biri, bundan buyon uning xususiy tadbir va kechalarda ishtirok etishi nihoyatda qiyinlashishini, e’tirof etgandi.

Moskvadagi O‘zbekiston konsulligi vakili Ozodlikka ismi sir qolish sharti bilan konsert nima uchun qoldirilganiga izoh berdi.

"Yoshlar" kanaliga rahbar etib tayinlangandan keyin, Ozodbekka hukumatdagilar bundan buyon chetga chiqa olmasligini aytishgan. Hofiz to‘y va ma’rakalarini bekor qildi, gastrollarini ham to‘xtatdi," - dedi konsullik vakili.

43 yashar Ozodbek Nazarbekov O‘zbekistondagi eng mashhur san’atkorlardan biri hisoblanadi.

2007-yili xonanda "O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist" unvonini olgan.

2010 yilda musiqa va tele-video asarlari nominasiyasi “M&TVA 2010” taqdimotining "Yilning eng yaxshi erkak xonandasi" mukofotini qo‘lga kiritgan.

O‘tgan oy boshida Ozodbek Nazarbekov san’atkorlar xizmatidan tekin foydalanib kelayotgan prokuror va boshqa kuch ishlatar tizimlarini tanqid qilgani munozaraga sabab bo‘lgan edi.

XS
SM
MD
LG