Линклар

17 декабр 2017, Тошкент вақти: 18:49

“Asaka bank” va boshqalar mashina sotib olish uchun kredit berishni to‘xtatdi


Asaka zavodida chiqqan avtomobillar aholi o‘rtasida haridorgir

"GM Uzbekistan” qo‘shma korxonasida ishlab chiqarilgan mashinalarni kreditga sotish bilan shug‘ullanadigan "Asaka bank" mulozimining Ozodlikka aytishicha, Markaziy bankning og‘zaki ko‘rsatmasi asosida banklar mashina uchun kredit berishni o‘tgan haftadan boshlab to‘xtatgan.

Ozodlik suhbatlashgan “Asaka bank”dan tashqari “Kapital bank” rasmiylari ham o‘tgan haftadan boshlab "GM Uzbekistan” zavodida ishlab chiqilgan mashinalarni sotib olish uchun kredit liniyasi to‘xtatilganligini bildirishdi.

“Asaka bank” mulozimiga ko‘ra¸ “foiz stavkalari o‘zgargani bois, "GM Uzbekistan” mashinalarini oluvchi vatandoshlarga kredit ajratish o‘tgan haftadan boshlab to‘xtatilgan”

“Kredit jannati” besh kun davom etdi

"GM Uzbekistan” shirkati boshqaruviga yaqin mulozimning Ozodlikka aytishicha¸ shirkat joriy yil iyuli boshidan Asaka avtomobil zavodi bilan hamkorlikda kreditga avtomobil sotish bo‘yicha yangi programmani ishga tushirgan.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ mahalliy avtomobillarni ozaytirilgan foizdagi kreditga sotish bo‘yicha yangi dastur "GM Uzbekistan” shirkatini jonlantirish yo‘lida samara keltirishi mumkin edi:

“Ammo mashina uchun kredit berish faqat besh kun davom etdi, xolos.. Besh kun ichida bir yarim ming kishi "GM Uzbekistan” bilan uch taraflama (shirkat-mijoz-bank) shartnoma tuzib kreditga mashina ola oldi. Yana minglab odam navbatta turuvdi. Ammo Markaziy bankning og‘zaki ko‘rsatmasiga ko‘ra¸ banklar mashina uchun kredit berishni o‘tgan hafta oxirida to‘xtatdi. Bu "GM Uzbekistan” uchun katta iqtisodiy zarba bo‘ldi. Butun dunyo avtosanoati bank kreditlari asosida mijozlarga mashina sotib, rivojlanadi. G‘arbda hech kim darhol katta miqdordagi naqd pulni to‘lamaydi. Markaziy bankning bu ishi mamlakat avtopromiga katta zarar berdi¸ deydi mulozim.

Kreditga mashina olgan bir yarim ming baxtiyor

Ozodlik "GM Uzbekistan” uchun kredit ochiq bo‘lgan paytda mashina sotib olgan bir yarim ming mijozdan biri bilan gaplashdi.Toshkentdagi "GM Uzbekistan” avtosalonidan “Spark” avtomobili uchun bank krediti olgan mijozning aytishicha¸ u umumiy narhning 25 foizini to‘lagan va qolganini har oyda to‘lab turish sharti bilan mashina kalitini olgan.

- Kreditni 3 yilda to‘lash lozim. Yillik 18 foiz¸ shuni ulushlarga bo‘lib har oy to‘layman¸- deydi¸ 5 yilga emas 3 yilga kredit olganidan “baxtiyor” mulozim.

Kredit olishga 11 yil dam berilgan edi

"GM Uzbekistan” shirkati boshqaruviga yaqin mulozimning Ozodlikka aytishicha, O‘zbekistonda "GM Uzbekistan” mashinasini olmoqchi bo‘lgan mijozlarga banklar tarafidan kredit berish 2006 yilda to‘xtatib qo‘yilgan edi.

- "GM Uzbekistan” mashinalarini sotish borasida muammoga duch kelgani ortidan joriy oyda rahbariyat tavsiyasi bilan banklar kredit bera boshlaganida mijozlar sevinib ketdi. Xaridorlarning asosiy qismi "GM Uzbekistan" mashinalarini kreditga olishni istaydi. Bu juda yaxshi yordam edi, etarli mablag‘lari yo‘q odamlar uchun. Ammo bu narsa bor yo‘g‘i 5 kun umr ko‘rdi¸ deydi mulozim.

Qonunga zid

Mulozimga ko‘ra¸ Markaziy bankning mashina olish uchun kredit ajratishni banklarga "tavsiya qilmagani" O‘zbekistondagi “Iste’mol krediti to‘g‘risida”gi qonunga ziddir.

- Bu qonunga muvofiq, mamlakatda faoliyat yuritayotgan barcha tijorat banklari va ularning joylardagi filiallari jismoniy shaxslarga avtomobil sotib olish uchun iste’mol kreditlari ajratishi mumkin. Ammo O‘zbekistondagi kamida yettita bank mijozlarni pul yo‘q deb qaytarib yubormoqda¸ deydi mulozim.

Banklarda pul yo‘q

O‘zbekiston pul-moliya tizimiga doir idoralardan birida ishlaydigan mulozimning aytishicha¸ kredit berishga banklarninng qurbi etmay qolgan:

- Kredit portfelida bu banklarning mana shunday kredit ajratishga qurbi etmaydi. Chunki pul davlatning ustivor vazifalari uchun birinchi navbatda sarflanishi lozim. Iste’mol krediti bugungi kunda davlat oldida turgan birlamchi¸ ustivor masala emas. Mashina sotib olish uchun beriladigan kredit iste’mol krediti hisoblanadi. Banklar sal o‘zini o‘nglab¸ kredit berish qurbi yaxshilanganidan keyin aholiga yana kredit berish ehtimoli bor. Ammo bu ehtimol bugun-ertaning gapi emas¸ deydi mulozim.

Markaziy bankning ham haqqi bor

Suhbatdoshga ko‘ra¸ O‘zbekiston Markaziy banki¸ tijorat banklarining kredit siyosatiga aralashishi¸ moliyaviy qurbi zaif bo‘lgan banklarning kredit berishiga cheklov qo‘yishi mumkin.

O‘zbekiston pul-moliya tizimiga doir idoralardan birida ishlaydigan mulozimning ta’kidicha, “O‘zbekistondagi turli tadbir va loyihalarga ko‘plab kreditlar ajratilgani bois banklarning moliyaviy ahvoli yomonlashgan.”

Ozodlik Markaziy bank bilan bog‘lanib, yuzaga kelgan vaziyatga doir izoh so‘radi. Biroq, bank mulozimi savollarga javob berishni istamadi.

XS
SM
MD
LG