Линклар

Chashmai Ayyubdan o‘g‘irlangan 800 yillik koshinning O‘zbekistondan Londonga qanday kelgani sirligicha qolmoqda


O‘zbekistonda keyingi yillarda tarixiy san’at asarlarining o‘g‘irlanishi bo‘yicha o‘nlab jinoyat ishlari ochilgan¸ biroq g‘oyib bo‘lgan osori-atiqalar topilmagan.

Britaniyada chiqadigan “The Guardian” nashri 16 iyul kuni e’lon qilgan “Britaniya muzeyi o‘g‘irlangan artefaktni O‘zbekistonga qaytarishga yordam beradi” deb nomlangan maqola Buxoro shahri yaqinidagi Chashmai Ayyub majmuasidagi maqbara peshtoqidan o‘g‘irlangan koshinning sirli "sayohati"ga bag‘ishlandi.

Balandligi yarim metr keladigan islomiy bitikli koshin YuNESKO jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan va 2014 yili o‘g‘irlangani bo‘yi dom-daraksiz ketgan.

O‘zbekiston rasmiy idoralarining bu o‘g‘irlik bo‘yicha jinoyat ishi ochgani¸ yoxud 8 asrlik bu qadim koshinni o‘g‘irlangan artefaktlar ro‘yxatiga kiritishga harakat qilganiga oid biror ma’lumot yo‘q.

Koshin asl joyidan ko‘chirilganidan uch yilcha o‘tib¸ u Londondagi Mayfair galereyasida sotuvga qo‘yilgan va Britaniya nashrining yozishicha¸ uni hind va islom san’at asarlarini yig‘ish bilan shug‘ullanuvchi Simon Ray galereyasi egasi "yaxshi niyatda sotib olgan".

Oksford universitetining yaqinda Buxoroga borib¸ Chashmai Ayyub maqbarasi tepasidagi koshin¸ xususan¸ ulardan birining yo‘qligiga bevosita guvoh bo‘lgan professor Jeyms Allen ¸ o‘g‘irlangan koshinni Simon Ray galereyasi katalogida ko‘rib qolgan. Islom madaniyati bo‘yicha taniqli professor darhol Ray galereyasini bu koshinning o‘g‘irlik qurboni bo‘lganidan ogohlantirgan¸ shundan so‘ng Simon Ray¸ gazetaning ëzishicha¸ darhol Britaniya Muzeyi bilan bog‘lanib¸ uni muzeyga topshirish istagini bildirgan.

Britaniya muzeyi kuratori Dr St John Simpson¸ o‘z navbatida Londondagi O‘zbekiston elchixonasiga topshirilgan koshinni “Markaziy Osiyodagi diniy yodgorlikdan olingan eng yaxshi, eng chiroyli, eng yirik… sanasi eng qadimiy sirlangan koshin bitigi”¸ deb ta’rifladi.

Vobkent shahridagi Chashmai Ayyub yodgorligi peshtoqidan ko‘chirib olingan koshinning b o‘yi 52,5 sm, eni esa 30,5 sm va daraxt yaprog‘i suratlari bilan bezatilgan koshinda "605 yilda" degan yozuv bor. Bu esa¸ milodiy 1208-09 yillarga to‘g‘ri keladi.

"The Guardian”ning yozishicha¸ Vobkentdan sirli tarzda Londonga yo‘l topgan koshinni sotganlar uning uzoq yillar Germaniyadagi xususiy kolleksiyada saqlanganini aytgan Simon Ray uning asl joyiga qaytganini ko‘rish istagida ekanini bildirgan.

Nashrga ko‘ra¸ Simon Ray galereyasi va Britaniya muzeyiga "oliyjanoblik" uchun samimiy minnatdorlik bildirgan O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov¸ Chashmai Ayyub obidasining ta’mirlanib¸ o‘g‘irlangan bo‘lakning o‘z o‘rniga qaytarilishini va’da qilgan.

8 asrlik tarixiy yodgorlikdan o‘g‘irlangan bo‘lakning O‘zbekistondan uchoqda Yevropaga olib ketilgani va bojxona orqali noqonuniy olib o‘tilgani gumon qilmoqda.

Britaniya muzeyi kuratori John Simpson¸ tinchlik hukm surayotgan O‘zbekistondagi YuNESKO himoyatiga olingan tarixiy obidadan qanday qilib muhim bir bo‘lakning kesib olinib¸ Londongacha yetib kelishidan hayratda ekanini yashirmagan.

"Koshin hokimiyat barqarorligi, sayyohlar qadami arimasligiga qaramay, balandligi 10 metr bo‘lgan peshtoqdan ko‘chirib olingan. O‘g‘rilarning dovyurakligi odamni seskantiradi. Ayni jihat O‘zbekiston tergov tizimlari boshlashi shart bo‘lgan tergovning tarkibiy qismi bo‘lishi lozim. O‘zbekiston hukumati Toshkentda Britaniya elchixonasi va Jinoyatchilikka qarshi kurash milliy agentligi… bilan hamkorlikda huquq-tartibot idoralari va muzey xizmatchilarini san’at asarlari kontrabandasini aniqlash va tergov qilish bo‘yicha o‘qitishni rejalashtirmoqda. Bu O‘zbekiston hukumatining masalani jiddiy qabul qilganidan darakchidir"¸ degan Simpson gazeta bilan suhbatda.

O‘zbekistonda oddiy fuqaro o‘zi bilan xorijga olib chiqadigan har bir buyum¸ ayniqsa¸ san’at va tarixga oid buyum¸ bir emas bir necha tizim chig‘irig‘idan o‘tkaziladi¸ bu jarayonda chegara-o‘tkazish punktlariga biriktirilgan Madaniyat vazirligi mutaxassisidan tortib¸ MXX qo‘riqchilariga qadar ishtirok etadi.

O‘zbekiston rasmiy idoralari Vobkentdan qanday o‘g‘irlanib¸ qay tarzda Londonga yo‘l topganiga oid biror rasmiy izoh bermayotgan 800 yillik qadimiy koshin¸ “The Guardian”ning yozishicha¸ joriy hafta qaytaToshkentga yuboriladi.

XS
SM
MD
LG