Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 16:40

Hijobli yoki kalta yubkali abiturientlardan hujjat qabul qilinmadi


Bu yil O‘zbekiston oliygohlariga hujjat topshirmoqchi bo‘lgan hijobli qizlarga ro‘molni orqadan o‘rash talabi qo‘yildi, aks holda ulardan hujjat qabul qilinmadi. Ayni paytda kalta yubka yoki shortik kiygan abiturientlarga ham ochiq kiyinmaslik talabi qo‘yildi.

“Hijobli qizlardan hujjat qabul qilmadik”

Qo‘qon Davlat pedogogika institutiga hujjat topshirmoqchi bo‘lgan hijobli qizlarga ro‘molni orqadan o‘rash talabi qo‘yildi.

Bu haqda Ozodlikka xabar qilgan voqeadan xabardor manbaga ko‘ra, hijob o‘ragan qizlar talaba bo‘lish orzusida bu talabni bajargan:

“Qarindoshlarim hammasi hijob o‘raydi. Pedinstitutga hujjat topshirish uchun borishgan payti “hijoblilarni qabul qilmaymiz, ro‘molingni ech yoki qulog‘ingni orqasidan o‘zbekcha qilib o‘ra”, degan talabni qo‘yishgan. Qizlar ro‘molini orqadan o‘rashga majbur bo‘lishgan”, deydi ismini ochiqlamaslikni so‘ragan qo‘qonlik yigit.

Ushbu institutdagi qabul jarayonida ma’lum muddat ishtirok etgan talaba yigit shunday holat bo‘lganiga guvoh bo‘lganini aytdi:

“Men hijobga o‘rangan faqat bitta abiturient qizni ko‘rdim. Undan hijobini yechishni talab qilishmadi. Faqat juda muloyim qilib tushintirishdi. Hamma joyda kamera bor. “Kameraga tushib qolsang, biz gap eshitishimiz mumkin”, deb iltimos qilishgandi. Qiz ro‘molini qulog‘ini orqasidan o‘radi”, dedi ushbu institut talabalaridan biri.

Qo‘qon pedogogika institutidagi qabul jarayoniga mas’ul Oybek ismli xodim Ozodlikning hijobli abiturientlar bilan bog‘liq savolini eshitishi bilan telefon go‘shagini qo‘yib qo‘ydi va boshqa ko‘tarmadi.

Bi-bi-si O‘zbek xizmati ham Andijon Davlat Universitetida hijob o‘ragan abiturient qizlardan hujjat qabul qilinmagani haqida xabar qildi.

Xabarga ko‘ra, oliygoh mas’ullari buni tasdiqlab, Toshkentdan kelgan talab bois, hijobli qizlardan ro‘molini echish so‘ralganini ta’kidlagan.

Ozodlikning Feysbuk sahifasida sharh yozgan foydalanuvchilar mamlakatning turli hududlaridagi oliygohlarda ham shu kabi holatlar kuzatilgani haqida xabar qildi.

Rasmiy: Ibodat liboslarida qaerda yurishni bilasizmi?

O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining o‘zini tanishtirmagan rasmiysi jamoat joylarida ibodat liboslarida yurish tartibini eslatish bilan cheklandi.

O‘zbekiston ma’muriy javobgarlik kodeksining 184-moddasi 1-bandiga ko‘ra, diniy tashkilotlar xizmatchilaridan tashqari fuqarolarining jamoat joylarida ibodat liboslarida yurishlari jarima yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoq bilan jazolanishi mumkin.

“Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunning 14-moddasida ham “fuqarolarning jamoat joylarida diniy libosda yurishlariga yo‘l qo‘yilmasligi” aytilgan.

Ayni paytda O‘zbekiston Konstitutsiyasining 31-moddasida “Hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanadi. Har bir inson xohlagan dinga e’tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslik huquqiga ega” deya belgilangan.

Shortikli abiturientlarga shim kiydirildi

Oliygohlarda hujjat qabul qilish jarayoni 15 iyundan 15 iyulgacha davom etdi. Joylardan olingan xabarlarga ko‘ra, joriy yilda kalta yubka kiygan va shortikda kelgan abiturientlar ham muammolarga duch kelgan.

“Jiyanim Jizzaxdagi politexnika institutiga hujjat topshirish uchun borganida kalta shim bilan borgan ekan, qaytarib yubordi. O‘zi hujjatlaridagi kamchiliklar bois, oldin ham uch marta qaytarishgan edi. Beshinchi martasida hujjat topshirdi”, deydi jizzaxlik ayol.

Ozodlik suhbatlashgan oliygohlar, jumladan, Navoiy pedogogika instituti xodimlari ochiq kiyimdagi abiturientlar qaytarilganini tasdiqlashdi.

“Oliygohlarda kiyinish odob-ahloqini abiturient paytidan o‘rganishi lozim. Keyin bular ertaga yosh avlodga tarbiya beradigan bo‘lajak o‘qituvchilarku”, dedi mazkur oliygoh xodimi.

Buxoro davlat universitetining odob-axloq qoidalari
Buxoro davlat universitetining odob-axloq qoidalari

O‘zbekiston oliygohlarida talabalarning kiyinishi borasida qat’iy talablar borligi haqida Ozodlikning avvalgi maqolalarida ham aytilgan.

Jumladan, Toshkent oliygohlarida jinsi shimda o‘qishga kelgan qizlar darsga qo‘yilmagan, Qo‘qonda esa galstugi yo‘q talabalar qora ishlarga majburlangan.

XS
SM
MD
LG