Линклар

14 декабр 2017, Тошкент вақти: 14:53

Qirg‘izistonda "Yaqiyn inkor" diniy oqimi taqiqlandi


"Yaqiyn inkor" oqimi a’zolari Issiqko‘lda da’vatda yurgan paytda olingan surat. (Ozodlik radiosi qirg‘iz xizmati arxividan).

Qirg‘izistonda asosan da’vatchilik bilan shug‘ullangan “Yaqiyn inkor” diniy oqimi faloliyati ta’qiqlandi.

Bishkek shahar Oktabr tuman sudi Bosh prokuratura iltimosi bilan Qirg‘izistonda “Yaqiyn inkor” diniy oqimi faoliyatini taqiqladi. Xabarlarda aytilishicha, sud bu qarorni 15 iyunda chiqargan bo‘lsa-da, bu haqda jamoatchilikka oradan bir oy o‘tib ma’lum qilindi.

Qirg‘iziston Din ishlari bo‘yicha davlat komissiyasi raisi o‘rinbosari Zakir Chotaevning bildirishicha, bunga “Yaqiyn inkor”ning mamlakat qonuchiligini tan olmay kelgani sabab bo‘lgan.

-Bu oqim ustidan sudga huquq-tartibot tuzilmalari ariza yozgan. Biz o‘z xulosamizni sudga taqdim etganmiz. Bu oqim o‘z faoliyatini noqonuniy ravishda olib borgan va qonunlarni tan olmagan. So‘nggi ikki yilda ular juda faollashgan edi. Huquq-tartibot tuzilmalari bilan birgalikda bu oqimning noqonuniy faoliyatini to‘xtatishga harakat qilganmiz, -dedi Zakir Chotaev.

Ayrim diniy tashkilotlar "Yaqiyn inkor" faoliyati taqiqlanishi noto‘g‘ri bo‘lgan, deb hisoblab, shahar sudiga shikoyat kiritdilar. Norozilar qatorida appelyatsiya arizasi yozganlar qatorida “Islom markazi” jamoat tashkiloti rahbari Qamchibek hoji O‘murzaqov ham bor. U “Yaqiyn inkor” oqimining taqiqlanishi ortidan Qirg‘izistonda da’vatchilik harakatiga bosim ko‘rsatila boshlanishi mumkin, deb tashvishlanmoqda.

-Qonunchilikda sudda da’vogar va javobgar bo‘lishi lozimligi ta’kidlangan. Sudga “Yaqiyn inkor” oqimi vakillarini ham chaqirish kerak edi. Qirg‘iziston muftiyatining da’vat ishlari bo‘yicha bo‘limidan ham mutaxasislar sudda ishtirok etishi lozim edi. Biroq bunday bo‘lmadi. Sud Ichki ishlar vazirligi, Milliy xavfsizlik xizmati va Din ishlari bo‘yicha davlat komissiyasi xulosasi bilangina hukm chiqardi. Bu qonunga zid keladigan holat, -dedi Qamchibek hojiO‘murzaqov

Ozodlik radiosi qirg‘iz xizmatining bildirishicha, “sud hukmidan ham avvalroq kiyim kechagiga, tozalikka e’tibor bermay qishloqma-qishloq kezib yuruvchi mazkur diniy tashkilotga da’vat ishlarini olib borishni muftiyat taqiqlagan edi”.

“Yaqiyn inkor” da’vatchilik bilan shug‘ullanishi aytib kelinadigan “Tablig‘i jamoat” oqimidan ajralib chiqqan, deb hisoblanadi.

“Yaqiyn inkor” oqimi a’zolari o‘g‘il bolalar va qizlarni alohida-alohida maktablarda o‘qitish, telefon, televizor kabi vositalardan foydalanmaslik g‘oyalarini ilgari surib keladi.

Qirg‘izistonda shu kungacha 19ta diniy tashkilot ekstremistik va terrorchilik yo‘nalishida faoliyat yuritadi degan asos bilan taqiqlangan edi. Agar Oliy sud Bishkek shahar Oktabr tuman sudi qarorini o‘z kuchida qoldirsa, “Yaqiyn inkor” Qirg‘izistonda faoliyati taqiqlangan yigirmanchi tashkilot bo‘ladi.

XS
SM
MD
LG