Линклар

Qirg‘izistondagi yana bir hududda aroq sotish taqiqlandi


Qishloq hukumati hududidagi do‘konlardan sotib olingan aroq-vino yengil yuk mashinalariga ortilib, chiqindi poligonida yo‘q qilindi.

Joriy haftada Qirg‘izistonning janubiy poytaxti – O‘sh shahri tarkibiga kiruvchi Japalaq qishloq hukumati hududida spirtli ichimliklar savdosi taqiqlandi.

Bu haqdagi xabarlarda 2017 yil Qirg‘izistonda “Iymon va madaniyat yili”, deb e’lon qilingani munosabati bilan aroq-vino savdosini taqiqlash tashabbusining mahalliy yoshlardan chiqqani aytildi. Biroq kuzatuvchilar fikricha, bu masalada asosiy ta’sir o‘tkazuvchi kuch imomlardir.

Japalaq qishlog‘i keyingi yillarda spirtli ichimliklar savdosi taqiqlangan yagona qishloq emas.

Yig‘ilish...

Japalaqda aroq-vino savdosini taqiqlash tashabbusi yoshlardan chiqqani aytilgani bilan, asosan, katta yoshdagi japalaqliklar qatnashgan yig‘ilishda, mahalliy “O‘shpirim” telestantsiyasiga ko‘ra, Japalaq qishlog‘i Oqsoqollar sudi, Xotin-qizlar qo‘mitasi, O‘sh shahri qoziyati (musulmonlar idorasi) vakillari, uchastka noziri, O‘sh shahar deputati hozir bo‘lgan.

Mahalliy faollardan biri Talantbek Qadirovning aytishicha,“aroqxo‘rlik hozircha yorilmagan yaradir, uni davolash haqida o‘ylanilmasa, davosiz dardga aylanib ketishi mumkin”.

Qishloq faoliga ko‘ra, “spirtli ichimliklarni sotishni taqiqlash tashabbusini mahalliy tadbirkorlar, imomlar, namozxonlar, qishloq hukumati, deputatlar, shahar hokimligi, shaxsan O‘sh shahar hokimi qo‘llab-quvvatlagan”.

...aroq sotganlarni jarimaga tortishga qaror qildi

Yig‘ilish ishtirokchilari bundan buyon qishloq hukumati hududida spirtli ichimliklar sotganlarga 5 ming so‘mdan 50 ming so‘mgacha (1USD=70KGS) jarima solish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Japalaq qishloq hukumati raisi Sanjar Eshmanovning jurnalistlarga aytishicha, jamoatchilik vakillaridan tuziladigan komissiya a’zolari har bir do‘konda qaror ijrosini nazoratga oladi.

Mahalliy jurnalistlarning yig‘ilishdan tayyorlagan reportajida aytilishicha, qishloq hukumati mazkur qarorga qonun maqomini berish uchun uning loyihasini O‘sh shahar kengashi (mahalliy parlament)ga taqdim etadi. (Japalaq qishloq hukumati O‘sh shahri tarkibiga kiradi.

...va sotib olingan 3 mashina aroqni chiqindi poligoniga to‘kdi

Qishloq hukumati hududidagi 6 ta qishloq magazinlaridan jami bahosi taqriban 300 ming so‘mni tashkil qilgan spirtli ichimliklar sotib olingan va 3 ta yengil yuk mashinasida shaharning chiqindi poligoniga olib borilib, yo‘q qilingan.

Aytilishicha, aroq-vinoni sotib olish uchun mablag‘ mahalliy tadbirkorlardan, aholidan yig‘ilgan.

Japalaqliklar qarori hozircha qonun emas

Mahalliy jurnalistlarning yig‘ilishdan tayyorlagan reportajida aytilishicha, qishloq hukumati mazkur qarorga qonun maqomini berish uchun uning loyihasini ko‘rib chiqish uchun O‘sh shahar kengashi (mahalliy parlament) ga taqdim etadi. (Japalaq qishloq hukumati O‘sh shahri tarkibiga kiradi)

Kampirini o‘ldirgan chol

Aroq-vino savdosi taqiqlanishiga 83 yashar japalaqlik qariyaning 14 iyul kuni mast holatda o‘z kampirini pichoqlab o‘ldirib qo‘ygani asosiy sabab bo‘lgani aytilmoqda. Mol-holga vaqtida qaramagani uchun, qariya turmush o‘rtog‘ining boshiga pichoq bilan zarba bergan. Cholining qahridan qochib ko‘chaga chiqqan ayol ko‘p qon yo‘qotgani oqibatida yiqilib jon beradi. Tergov qariyaning mast bo‘lganini aniqlagani xabar qilindi.

Biroq barcha jinoyatlarga spirtli ichimliklar sabab, deyish ham qiyin. Har holda, mahalliy jurnalistlarning uchastka noziriga tayanib xabar qilishicha, Japalaq qishloq hukumati hududida so‘nggi 6 oy ichida 43 jinoyat qayd etilgan bo‘lib, ularning 4 tasigina mast ahvolda sodir etilgan.

O‘rnak, Qirg‘izota va Japalaq

Japalaqdagi taqiqni Qirg‘izistonda kechayotgan boshqa jarayonlardan izlash to‘g‘ri bo‘ladi. Bu qishloq - aroq-vino sotish taqiqlangan yagona hudud emas.

Joriy yilning fevralida mamlakat shimolidagi Issiqko‘l tumani, O‘rnak qishlog‘ida spirtli ichimliklar savdosi mahalliy masjid jamoasi tashabbusi bilan taqiqlangani to‘g‘risida Azattiq radiosi xabar qilgan edi.

2016 yilning dekabrida esa, O‘sh viloyat, Novqat tuman, Qirg‘izota qishlog‘ida oqsoqollar aroq ichganlarni masjidga olib kelib, kechirim so‘rashga majburlagani, aroq sotuvchi do‘konlar yoptirilgani xabar qilingan edi.

Bishkek nima deydi?

Joylarda spirtli ichimliklar savdosi taqiqlanayotganiga rasmiy Bishkek munosabat bildirgani to‘g‘risida ma’lumot yo‘q.

Qirg‘iziston hukumatining sobiq a’zosi, iqtisodchi Jumakadir Akeneevning Ozodlikka aytishicha, mamlakat byudjetida alkogolli ichimliklardan tushadigan mablag‘ning ulushi katta emas. “Aroq-vino savdosidan, asosan, uni ishlab chiqaruvchilar va sotuvchilar foyda ko‘rayapti”, dedi iqtisodchi.

Masjidlar, ba’zida, mahalliy hokimiyat vazifasini bajarayapti

Japalaqdagi voqeani sharhlar ekan, o‘shlik inson huquqlari himoyachisi Izzatillo Rahmatillaev bu tashabbus ortidagi asosiy harakatlantiruvchi kuch imomlardir, degan fikrni bildirdi.

- Chunki, bugungi kunda imomlarning jamiyatga ta’siri juda kuchli. Ko‘p yerlarda masjidlar, hatto, mahalliy hokimiyat vazifasini bajarayapti. Bu – O‘shda hech kim inkor qila olmaydigan fakt. Ikki odam o‘zaro janjallashib qolsa, avvallari militsiyaga borar edi, endilikda, masjidga borayapti. Birovdan olasasi bor odam avvallari sudga borardi, endi masjidga borayapti. Yaqinda prezident saylovi bo‘ladi, unda ham diniy uyushmalar o‘z ta’sirini ko‘rsatadi,- dedi Izzatillo Rahmatillaev.

Uning aytishicha, japalaqliklardan namuna olish haqida O‘sh shahri aholisi orasida gap-so‘zlar yo‘q.

- Bunday gap-so‘zlar yo‘q. Lekin amalda aroq-vino savdosi O‘shda juda qisqarib ketgan, deyish mumkin. Masalan, Oloy mehmonxonasi bilan yangi avtovokzal o‘rtasidagi katta ko‘cha bo‘yida 50 ka yaqin do‘kon bor. Lekin bittasida ham aroq-vino sotilmaydi, dedi Izzatillo Rahmatillaev.

"Qirg‘iziston - dunyoviy davlat"

Iqtisodchi Jumakadir Akeneev joylarda aroq-vino savdosi taqiqlanayotgani faktlariga munosabat bildirarkan, bunday dedi:

"Bas, biz dunyoviy davlat shaklini tanlagan ekanmiz, odamlarning ixtiyorini o‘ziga qo‘yish kerak. Hech narsani taqiqlab bo‘lmaydi. Taqiq bilan hech narsaga erishib bo‘lmaydi. Kimdir hajga borib kelgan. Boshqalar esa, boshqacha yashaydi. Ayniqsa, diniy motivlar bilan taqiq joriy qilish noto‘g‘ri", dedi Jumakadir Akeneev.

Do‘xtir nima deydi?

Qirg‘izistondagi "Ruhiy salomatlik" uyushmasi rahbari, huquq himoyachisi Burul Makenbaeva Azattiq radiosiga bergan suhbatida aroqxo‘rlikka qarshi kurashning bunday shaklidan ichkilikka ruju qo‘yganlar uchun hech qanday samara​ yo‘qligini ta’kidlagan edi.

"Ichkilikbozlarni jazolash, uyaltirish, aroqni mutlaqo taqiqlab qo‘yishdan, baribir, yaxshi natija chiqmaydi", degan mutaxassis.

6 millionli mamlakatda 2600 ta masjid

Qirg‘iz Respublikasi Din ishlari komissiyasi raisi o‘rinbosari Zokir Cho‘taevning aytganlariga tayanib, e’lon qilingan xabarlarga qaraganda, aholisi 6 million kishilik Qirg‘izistonda shu kunda 2600 ta masjid bor. Bu esa, mamlakatdagi maktablar sonidan ko‘p. Sobiq Ittifoq tarqalgan paytda Qirg‘izistonda 39 tagina masjid bo‘lgan.

Kim qancha ichadi?

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga qaraganda, 2010 yili qirg‘izistonliklar jon boshiga toza etanol ko‘rinishida 4,3 litr alkogolli ichimlik iste’mol qilgan. (Qiyoslash uchun: O‘zbekistonda 4,6 litr, Rossiyada 15,1 litr)

XS
SM
MD
LG