Линклар

18 iyul kuni Andijon viloyat hokimi qassoblarni yig‘ib, go‘sht narxini 29 ming so‘mdan ko‘tarmaslik haqida buyruq berdi. Andijonliklarga ko‘ra, bungacha 34 ming so‘mdan sotilgan lahm go‘sht narxi hokim ko‘rsatmasidan keyin 42 ming so‘mga ko‘tarilgan.

Buyruq - "Go‘shtni kilosini 29 ming so‘mdan qimmatga sotmaysan!"

18 iyul kuni Andijonning “Bog‘i Bobur” dam olish maskanida o‘tgan yig‘ilishda viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov go‘sht narxini 29 ming so‘mdan oshirmaslik haqida buyruq berdi.

Ushbu uchrashuvda ishtirok etgan Andijon hokimligi mulozimining aytishicha, hokim go‘shtni qimmat sotishni jinoyatga tenglashtirgan.

“Yig‘ilishda viloyatdagi hamma hokimlar qatnashdi. Militsiya, MXX, prokuratura, soliq boshliqlari ham shu yerda edi. Keyin o‘ndan ziyod qassob ham bor edi. Hokim qassoblarga qarab, “Go‘shtni qimmat sotsang, qamatib yuboraman” deb dag‘dag‘a ham qildi”, deydi yig‘ilishda ishtirok etgan hokimlik rasmiysi.

Yig‘ilish yakunida viloyatdagi 622 ta qassobxonaning hammasiga go‘sht narxini 29 ming so‘mdan oshirmaslik haqida og‘zaki buyruq berilgan.

(Mobil muxbir Andijondan jo‘natgan surat)

"29 ming so‘mga tushirilgan go‘shtning yarmiga yaqini suyak va yog‘"

Andijonliklarga ko‘ra, hokim ko‘rsatmasidan so‘ng viloyatdagi go‘sht rastalari oldida “1 kilo go‘sht narxi 29 ming so‘m” degan yozuv paydo bo‘lgan va shu narxda sotilayotgan go‘shtga suyak va yog‘ qo‘shib berilmoqda:

“Go‘sht olmoqchi bo‘lsangiz, 29 mingdan bor¸ deyishadi. Lekin 1 kilo go‘sht olmoqchi bo‘lsangiz, 200 grammi suyak va yana 100 grammi yog‘dan iborat, faqat 700 gramm go‘sht olasiz. 29 mingga suyak va yog‘siz go‘sht ololmaysiz”, deydi andijonlik yigit.

Ozodlikka murojaat qilgan andijonliklarga ko‘ra, hokimning go‘shtni arzonlatish ko‘rsatmasidan so‘ng lahm go‘shtning narxi qimmatlagan:

“Hokim bobo go‘shtni arzonlataman deb, 34 ming so‘mdan sotilayotgan go‘shtni 29 ming emas, 42 ming so‘mga chiqarib qo‘ydi. Lahm go‘sht narxi 40-42 ming so‘mdan sotilayapti”, deydi yana bir andijonlik.

Hokimlik: Go‘sht bilan bog‘liq vaziyat nazoratda

Andijon viloyat hokimligining Ozodlik suhbatlashgan mas’ullaridan biri hokimlikning go‘sht narxini nazorat qilishga katta e’tibor qaratayotganini aytadi.

“Go‘sht narxi 34 ming so‘mga chiqib ketgani yuzasidan hokimlikka, xalq qabulxonasiga shikoyatlar ko‘p bo‘ldi. Ushbu shikoyatlardan so‘ng maxsus guruh nazorat tadbiri o‘tkazib, go‘sht narxining asossiz ravishda qimmat sotilayotganini aniqladi. O‘rganishlar natijasida 1 kilo go‘sht narx 29 ming so‘m qilib belgilandi. Mutasaddi tashkilotlar go‘sht sotilishini nazoratga olgan. Hamma idoralar buning ustida ishlayapti”, dedi hokimlik mas’uli.

Odamlar go‘shtni grammlab olayapti

Go‘sht savdosi bilan shug‘ullanuvchi andijonlik tadbirkor Bunyodbek 8 iyul kuni Ozodlik bilan suhbatda narx oshgani sabab odamlar uni grammlab olishga majbur bo‘lganini aytgan edi:

- 100 gramm- 200 gramm oladi. Sharoit ko‘tarmagani uchun bitta ovqat bo‘lsayam, ikkita ovqat bo‘lsayam 5000 so‘mdan olishadi. 2-3 kilo oladiganlar juda kam,- degan edi Andijon hokimi go‘sht narxini arzonlatish haqida buyruq berishi arafasida andijonlik tadbirkor.

Keyingi ikki oy ichida nafaqat Andijon¸ balki butun O‘zbekiston bo‘ylab go‘sht narxi 25 foizga qimmatladi.

20 iyulь kuni Toshkentdan olingan xabarga ko‘ra, poytaxtdagi go‘sht rastalarida bir kilo lahm go‘sht 45 ming so‘mdan sotilayapti. Ikki hafta avval lahm go‘shtning bir kilosi 35 ming so‘mdan sotilgan edi.

May oyida Bosh vazir Abdulla Aripov go‘sht narxini tushirishni talab qilganidan so‘ng, bozorlarda arzon go‘sht sotuvchi rastalar paydo bo‘ldi. Narx-navoni barqarorlashtirishga ko‘malashuvchi jamg‘arma tuzildi. Lekin hozircha go‘sht arzonlash o‘rniga faqat qimmatlayotgani kuzatilmoqda.

Qassoblar va go‘sht savdosi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarning aytishicha, go‘sht narxining oshishiga bir qancha omillar sabab bo‘layapti. Jumladan, benzin narxi oshgani bois, asosan, janubiy viloyatlardan tashiladigan qoramollarni poytaxt va boshqa viloyatlarga keltirish harajatlari oshgani, em-hashak tanqislashgani ortidan uning narxi keskin ko‘tarilib ketgani va shuningdek, ma’muriy bosimlar ham go‘sht narxining kun sayin qimmatlashiga sabab ko‘rilmoqda.

Ozodlik O‘zbekiston bo‘ylab go‘sht narxining keskin oshib boraëtgani sabablarini o‘rganmoqda. Siz ham chorvachilik¸ qassobchilik va go‘sht savdosiga bevosita aloqador bo‘lsangiz¸ sabablar haqidagi mulohaza-ma’lumotlaringizni Ozodlikka yo‘llashingiz mumkin.

XS
SM
MD
LG