Линклар

Toshkent tibbiyot markazlaridagi yuzlab vrachlar viloyat kasalxonalariga rahbar lavozimlarga jo‘natiladi

  • Абдулла Искандар/Озодлик

Suratda: viloyatlardagi tibbbiyot muassasalariga yuboriladigan mutaxassislar ro‘yxati.

O‘zbekiston prezidentining mamlakat tibbiyot tizimini isloh qilishga qaratilgan tanqidiy chiqishlari ortidan respublika tibbiyot markazlaridagi yuqori malakali xodimlarni viloyatlarga jo‘natish harakatlari boshlandi.

Ozodlik suhbatlashgan vrachlar bu tadbirni “vrachlarni surgun qilish”, deb atar ekan, “tibbiyot markazlarini zaiflashtiradigan” salbiy oqibatlariga ham e’tibor qaratishdi.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligida 16 iyul kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda so‘zga chiqqan Respublika Bosh vaziri Abdulla Aripov respublikaning barcha viloyat markazlaridagi viloyat shifoxonalari bosh vrachlari o‘rniga poytaxt Toshkentdagi respublika markaziy shifoxonalarida bo‘lim mudiri bo‘lib ishlayotganlar tayinlanishini aytgan.

Bosh vazir viloyatlardagi bosh vrachlarga "dam berdi"

Ayni majlisda qatnashgan respublika ixtisoslashgan tibbiyot markazlaridan birida bo‘lim boshlig‘i bo‘lib ishlaydigan 32 yashar onkolog vrachga ko‘ra, “viloyatlardagi o‘nlab tajribali bosh vrachlar volyuntaristik tarzda¸ adolatsizlarcha” ishdan bo‘shatilgan.

- Men Bosh vazirdan viloyat shifoxonalarida bosh vrach bulib ishlayotganlarning taqdiri nima bo‘ladi, deb so‘radim. Bosh vazir “ular xohlagan joyiga borib ishlayversin”, dedi. Ko‘pchilik bosh vrachlarni taniyman. Tajribali vrachlar. Ularning taqdiriga qora chiziq tortilishi yaxshilik alomati emas,- dedi suhbatdosh.

Ro‘yxat tuzib bo‘lindi! Hukm qat’iy, shikoyatga o‘rin yo‘q!

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligida ishlaydigan mulozimlardan biri viloyatlardagi tibbbiyot muassasalariga yuboriladigan mutaxassislar ro‘yxati tuzilganligini Ozodlikka ma’lum qildi.

Mulozimga ko‘ra¸ ro‘yxat 34 varaqdan iborat. Mulozim shu ro‘yxatning ilk uch varag‘ini Ozodlika jo‘natdi. Bu uch varaqda Toshkent shahrida joylashgan respublika miqyosidagi 9 ta ixtisoslashgan tibbiyot markazlarining 52 nafar oliy toifadagi va professor unvoniga ega mutaxassislari viloyatlardagi kasalxonalarga rahbarlikka tavsiya qilinganini ko‘rish mumkin.

Bu ro‘yxatga ko‘ra¸ masalan, Respublika ixtisoslashgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi ximiotearpiya bo‘limi rahbari¸ tibbiyot fanlari doktori¸ professor Doniyor Po‘latov Xorazm viloyat onkologiya dispanseri rahbar qilib yuboriladi.

Vrachlar norozi

Ozodlik mana shu ro‘yxat bo‘yicha Qoraqalpog‘istonga yuborilayotgan vrach ismi aytilmasligi sharti bilan suhbatlashdi.

Saraton kasalligi bo‘yicha Markaziy Osiyodagi sanoqli mutaxassislardan biri bo‘lgan va respublika miqyosidagi tibbiyot markazlaridan birida bo‘lim boshlig‘i bo‘lib ishlaydigan bu vrach o‘zining Qoraqalpog‘istonga yuborilishini “surgun”, deb atadi va bu majburiyat tibbiy markaz uchun salbiy oqibatlar kasb qilishiga e’tibor qaratdi:

- Men prezidentning tibbiyot xodimlari bilan uchrashuvida ham, Bosh vazir o‘tkazgan majlisda ham qatnashdim. Fikrim bitta. Respublika miqyosidagi tibbiyot markazlarining yillar davomida malaka oshirib yetuk mutaxassis sifatida shakllangan xodimlarini uzoq viloyatlarga yuborish salbiy oqibatlarga olib keladi. Birinchidan, ular vrachlikdan uzoqlashib amaldorga aylanishadi. Prorablik¸ qishloq xo‘jalik ishlari¸ paxta terdirish va kasalxona ho‘jaligi kabi ishlar bilan shug‘ullangan mutaxassis, pirovardida, o‘z kasbiy salohiyatidan mahrum bo‘ladi. Qolaversa, oilam bilan Toshkentni tashlab, Nukusga borish men uchun katta stressdan iborat¸ deydi suhbatdosh.

"Vatanparvarlik treningi"

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligidagi mulozimning Ozodlikka aytishicha¸ “Toshkentdagi sharoitlarga o‘rganib qolgan mutaxassislarning viloyatlarga bormaslik uchun oyoq tirashi vatanparvarlik emas”.

- Shu bois, biz bu mutaxassislarni viloyatlarga yuborish oldidan ular bilan suhbatlar o‘tkazyapmiz. Trening mashg‘ulotlari ham rejalangan. Ularga imtiyozli sharoit yaratish borasida ish olib borayapmiz¸- deydi mulozim.

Farg‘onalik inson huquqlari faoli Abdusalom Ergashevning Ozodlikka aytishicha¸ Respublika sog‘likni saklash vazirligi loyihasi doirasida Fargona viloyatida trening o‘tkazayotgan guruh 21 iyul kuni zudlik bilan Toshkentga chaqirilgan.

Ergashevga ko‘ra¸ ular viloyat markaziy shifoxonalariga jo‘natiladigan nomzodlar bilan mashg‘ulot o‘tkazishga safarbar qilingan.

Farg‘ona viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi xodimining aytishicha, 22 iyul kuni Farg‘ona viloyatidagi markaziy shifoxonalarning 13 nafar bosh vrachi Toshkentga chaqirilgan.

Mulozimning aytishicha¸ ular vazifasini yangi rahbarga topshirish uchun maxsus buyruq asosida yo‘lga chiqqan.

Bu ma’lumot yuzasidan qo‘shimcha informatsiya olish uchun Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan yana bir marta bog‘lanishning, hozircha, iloji bo‘lmadi.

XS
SM
MD
LG