Линклар

Daniyada Istanbuldagi hujumga aloqadorlikda gumon qilinayotgan o‘zbek hibsga olindi


Daniyada hibsga olingan o‘zbekistonlik. Surat Vejle Amts Folkeblad gazetasidan olindi.

20 iyulda Daniyaning janubi-g‘arbidagi Veyle shahri sudi Istanbuldagi tungi klubga hujumga aloqadorlikda gumonlangan 42 yashar o‘zbekistonlikni to‘rt hafta qamoqda saqlash haqida qaror chiqardi. 2017 yilga o‘tar kechasi Istanbuldagi "Reyna" tungi klubga boshqa bir o‘zbekistonlik - Abdulqodir Masharipov tomonidan uyushtirilgan qurolli hujumda 39 odam halok bo‘lgan va yana o‘nlab odam jarohat olgandi.

Turkiyaning ekstraditsion talabi

Veyle shahar sudi yopiq eshiklar ortida bo‘lib o‘tgan.

Bu haqda xabar qilgan mahalliy Vejle Ams Folkeblad gazetasining muxbiri Anders Kristensenning Ozodlikka ma’lum qilishicha, sud bunday qarorni Turkiya politsiyasi taqdim etgan hujjatlarga asoslanib chiqardi.

Vejle Ams Folkeblad gazetasiga gapirgan advokat Erling Kristensen 42 yashar o‘zbekistonlik 20 iyuldan buyon Kolding shahar qamoqhonasida saqlanayotganini tasdiqlagan.

Erling Kristensen O‘zbekiston vatandoshi bo‘lgan himoyasi ostidagi shaxs Turkiyaning ekstraditsion talabi asosida hibsda saqlanayotganini aytgan.

Kristensenning ta’kidlashicha, uning himoyasi ostidagi shaxsga Daniya rasmiylari tomonidan hech qanday ayblov ilgari surilmayapti. Uni Turkiyaga ekstraditsiya qilish yoki qilmaslik Daniya bosh prokurori ixtiyoridadir.

Vejle Ams Folkeblad xabariga ko‘ra, politsiya Veyle shahrida yashagan O‘zbekiston vatandoshidan ba’zi kompyuter jihozlarini musodara qilgan.

O‘zbekiston vatandoshi dastlab 29 iyunda Anqara talabi asosida Daniya Xavfsizlik va razvedka xizmati xodimlari tomonidan hibsga olingan, ammo tushuntirish xati olingach, ozod etilgan edi.

Ikkinchi marta u 17 iyulda hibsga olingan.

Turkiya ekstraditsion talabida aytilishicha, Daniyada 2008 yilda boshpana olgan O‘zbekiston vatandoshi (ism-familiyasi Ozodlikka ma’lum) "Reyna" klubiga qurolli hujum uyushtirgan Abdulqodir Masharipovga qurol-yaroq yetkazib bergan, deb yozdi Vejle Amts Folkeblad.

40ta umrbod qamoq jazosi

2017 yilga o‘tar kechasi o‘zbekistonlik Abdulqodir Masharipov tomonidan sodir etilgan hujumda 39 odam halok bo‘lgan va yana o‘nlab odam yaralangan edi.

Hujum uchun mas’uliyatni “Islomiy davlat” radikal guruhi o‘z zimmasiga olgan.

Abu Muhammad Xurosoniy laqabli Masharipov Turkiya bo‘ylab 16 kun davom etgan qidirish amaliyoti natijasida Istanbulda ushlangan.

Istanbul bosh prokuraturasi 40 ta umrbod qamoq jazosi, shuningdek qotillik hamda boshqa jinoyatlari uchun qo‘shimcha 2397 yillik qamoq jazosiga hukm qilishni so‘ragan.

Abdulqodir Masharipov ustidan sudlov qachon boshlanishi noma’lum.

XS
SM
MD
LG