Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 11:38

Qashqadaryoda gemorragik bezgakdan ikki kishi o‘ldi


Qashqadaryo viloyat, Qarshi tumanidagi Xonobod qishlog‘ida yashagan 47 yashar ayol N. J. va 16 yashar o‘smir bola D. O‘. xavfli yuqumli kasallik - gemorragik bezgak tufayli nobud bo‘ldi. Viloyatda may oyidan 18 iyulga qadar kana chaqqan 98 kishi ro‘yxatga olingan.

Qashqadaryo viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasi shifokorlarining ma’lum qilishicha, kana chaqqanidan keyin ayni shifoxonaga 10 iyulda keltirilgan N. J. 12 soat o‘tib vafot etgan.

Oradan ikki kun o‘tib, ya’ni 13 iyulda N. J.ning qishloqdoshi D. O‘. nobud bo‘lgan.

Ismi sir qolishi sharti bilan gapirgan shifokorlardan birining aytishicha, ularning xonobodlik ikki bemor hayotini saqlab qolishga qilgan harakatlari samara bermagan.

"Ikkalasidayam gemorragik isitma tasdiqlandi. Ikkalasining ham ahvoli o‘ta og‘ir edi. J. 12 soat turdi. O‘. D. ikki haftacha davoladik. Rosa qaradik unga. Keyin entsefalit (miya yallig‘lanishi) berdi, nefrit (buyrakning ishdan chiqishi) berdi. Ana shundan nobud bo‘ldi bola," - dedi davolovchi vrach.

Qashqadaryo viloyat davlat sanitariya-epidemiologiya nazorat markazi mulozimining bildirishicha, hodisa ortidan maxsus shtab tashkil qilib, Xonobod qishlog‘ida tekshiruv olib borganlar.

"Biz shtab tashkil qildik. Yana 14 ta kana chaqqanni topib, konsultatsiya qildik. O‘n kun kuzatdik. Hozir ularning hammasi yaxshi, sog‘-salomat," dedi u.

Uning ma’lum qilishicha, 18 iyulga qadar kana chaqqan jami 98 kishi qaydga olingan.

Qarshi tumani sog‘liqni saqlash mulozimiga ko‘ra, tuman shifoxonasida kana chaqqan yana uch kishi davolanmoqda va ular hozirda shifokorlar nazorati ostida tutib turilibdi.

Tuman mulozimlarining bildirishicha, shifokorlar kasallik tarqalishining oldini olish uchun Xonobod qishlog‘iga qo‘shni eski Mulloquvvat, yangi Mulloquvvat, Hilol, Ko‘chkak va Cho‘libo‘ston qishloqlarida dezinfeksiya ishlari olib borilgan.

"Veterenarlar molxonalarni obrabotka qildi, mollarni yuvdi, kana to‘kadigan ukollarni qildi. Patronaj hamshiralar uyma-uy yurib, kana chaqqan vaqtda qo‘lga olmang, tirnoq bilan o‘ldirmang, deb profilaktika olib bordi. Kasallik alomatlari ko‘ringan paytda darhol shifoxonaga murojaat qilishni maslahat berdik," - dedi Qarshi tumani markaziy shifoxonasi mulozimi.

Qashqadaryo viloyat davlat veterinariya boshqarmasi xodimi bezgak kanadan yuqqani uchun ular viloyat bo‘ylab jonivorlar emlanayotganini aytdi.

Ozodlik Xonobod qishlog‘ilik ikki kishi kana chaqishi oqibatida halok bo‘lgani yuzasidan izoh olish maqsadida Qashqadaryo viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i To‘lqin Rasulovga bog‘landi.

To‘lqin Rasulov izoh uchun boshqarma binosiga borish zarurligini aytib, telefonini o‘chirib qo‘ydi.

O‘zbekistonda avvalgi yillarda ham chorva mollari va hasharotlardan odamlarga xavfli kasalliklar, xususan, gemorragik bezgak kasalligi yuqish holatlari qayd qilingan.

2015 yil avgustida ayni viloyatning Yakkabog‘ tumani Qayrag‘och qishlog‘ida yashovchi uch kishi gemorragik bezgakdan halok bo‘lgandi.

2015 yil yozida O‘zbekistonning Samarqand viloyatida yashovchi bir bemorga gemorragik bezgak tashxisi qo‘yilgandi.

2013 yilning avgust oyida Qoraqalpog‘istonning Xo‘jayli tumanida gemorragik bezgak kasalligi tarqalgani va 10ga yaqin odam nobud bo‘lgani haqida Ozodlik xabar bergan edi.

Gemorragik bezgak xavfli yuqumli kasallik hisoblanadi.

Shuning uchun vrachlar, agar kasallik alomatlari zuhur etganidan keyin bemorga 3-5 kun ichida tibbiy yordam ko‘rsatilmasa, bu holat o‘lim bilan tugashi ehtimoldan holi emasligini aytadilar.

Gemorragik bezgak faqat tana harorati ko‘tarilishi bilangina emas, tomir urishi va nafas olishning tezlashishi bilan ham xarakterlanadi.

Gemorragik bezgakka chalingan odamning qon bosimi tushib ketadi, bemor isitma, chanqoq va bosh og‘rig‘idan shikoyat qiladi.

XS
SM
MD
LG