Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 10:35

Diniy idora prezident uchun imomlarga namuna-matn berilganini yana inkor qildi


Ozodlik suhbatlashgan imomlar¸ O‘zbekiston Musulmonlar idorasini prezident Shavkat Mirziyoevga o‘z fikrini erkin bildirish imkonidan mahrum qilganlikda ayblashda davom etmoqda. Ozodlikka kelgan yangi shikoyatlarda ham, imomlarning o‘z fikr va takliflarini erkin tarzda yozishi o‘rniga¸ ulardan Musulmonlar idorasi tomonidan tayyorlangan tayyor matnga qo‘l qo‘yish so‘ralgani aytilmoqda. Ozodlik bog‘langan idora rahbariyati bunday iddaolarni yana bir bor rad etdi.

Namunadan nusxa

Ozodlikka Toshkent shahri Shayhontoxur tumanidagi "Islom nuri" jome’ masjidi imom-xatibi Nurullo Turdiev imzo chekkani aks etgan bir varaq matn nusxasi kelib tushdi.

"Bir jaholatga qarshi o‘n ma’rifat" deb nomlargan matnga "Diniy soha xodimlarining respbulika anjumanida yangragan ushbu so‘zlar faoliyamiz dasturilamalidir", degan kirish so‘zi yozilgan.

Bir burchiga "Namuna", deb yozib qo‘yilgan bu qog‘ozda ismi keltirilgan imom-xatibni Ozodlik topdi va qisqagina gaplashishga muvaffaq bo‘ldi.

Muxbir bilan mikrofonsiz suhbatda, Turdiev namunada keltirilgan 5 masala bayoniga o‘zi yashab turgan hududdagi ahvoldan kelib chiqib, o‘zgartish kiritgani, "hozirgi siyosatdan juda mamnunligi, muammolar yo‘qligi"ni aytdi. Ammo Ozodlikka intervyu berishga hozir fursati yo‘qligini bildirdi.

5 masalada hisobot

Imomga ko‘ra, Diniy idora o‘zidan ​diniy ekstremistik oqimga kirib qolganlarni qaytarish, oila ajrimlarini kamaytirish, davomati past o‘quvchilarni maktabga qaytarish, o‘z joniga qasd qilishga qarshi targ‘ibot tadbirlari o‘tkazish, qo‘shxotinlilikka qarshi qilingan ishlar bo‘yicha ma’lumotlarni yozib berishni so‘ragan.

Tarixiy imkoniyat

15 iyun kuni prezident Mirziyoev mamlakat imomlari va diniy xizmatchilar ishtirokida videoselektor majlisi o‘tkazgan edi. Unda qatnashish uchun 1 200dan ziyod imom Toshkentga chaqirildi, yana 8 mingga yaqin odam viloyatlardan turib ishtirok etdi.

O‘sha yig‘inida O‘zbekiston prezidenti ilk kez imomlardan mamlakatdagi diniy siyosat haqida fikr-takliflari¸ shuningdek o‘z muammolari haqida fikr bildirishni so‘ragan.

Ozodlik bilan 20 iyul kungi suhbatda ismini oshkor etmagan namanganlik imom, viloyatdagi imomlar fikri idora va mahalliy hokimlik xodimlaridan iborat maxsus guruh tomonidan "namuna asosida bir qolipga solingani" va ulardan ham 5 yo‘nalish bo‘yicha hisobot so‘ralganidan shikoyat qilgan¸ idoraning Kadrlar bo‘limi rahbari Abdumannop Usmov esa bu shikoyatni rad qilgan edi.

Idora yana rad etdi

Ozodlik yana bir marta diniy idora mulozimi Abdumannop Usmonovga murojaat qildi.

"Uchta viloyatdagi uch imom o‘z fikrini erkin bildirolmagani, prezidentga kiritilayotgan imomlar pozitsiyasi namuna asosda bir qolipga solinganidan shikoyat qildi, siz buni rad etasizmi? Namuna bermadingizmi?" degan savolga mulozim: "Rad qilaman, namuna bermadik. Imomlar o‘z fikrini erkin, ochiq-oydin bildirdi", deb javob berdi.

Abdumannop Usmonovga ko‘ra, respublika bo‘yicha imomlardan yig‘ilgan fikrlar Vazirlar Mahkamasiga taqdim qilingan.

Imomlar pozitsiyasi nega muhim?

Imomlar shikoyati va rasmiylar raddiyasi efirga berilgach, Ozodlikka bog‘langan farg‘onalik yana bir imom ham Diniy idorani "prezident bergan noyob imkoniyatdan imomlarni mahrum qilganlik"da aybladi.

Ayni paytda u, aslida, mamlakat ichkarisi va tashqarisida yurgan millionlab o‘zbekistonlik yoshlarning turli radikal oqimlar ta’siriga tushishi oldini olishda xalq ichida yurgan imomlar pozitsiyasi muhim, deb hisoblashini aytdi.

"Prezident tarixda bo‘lmagan ishni qilib, imomlardan fikr so‘radi. juda to‘g‘ri ish qildi. Yoshlar nimaga ekstremist oqimlarga tushib qolyapti - ha ish yo‘qligidan, Rossiyaga borib, har xil fisqu fasod guruhlar qo‘lida qolib ketayotganidan. Xotin ustiga xotin olish, ajrashish, o‘zini osish nimadan - ilmsizlikdan. Imomlar nega beqadr, behurmat - ha tirikchilik tashvishiga tushib, kitob o‘qimayotganidan. Har kuni xalq ichidamiz - hammasini ko‘rib turibmiz. Shularni bizga yozdirmadida idora. Imomlarga namuna berilmadi, deb gapirgan anavi Abdumannop Usmonovdan juda achchig‘im chiqdi. Lekin, men unga qarshi gapirsam, radikal oqim a’zosi qilib, birpasda imomni ham yo‘q qilvorishadi bular, qanchasini ko‘rib turibmiz", deb da’vo qildi ismini oshkor qilmagan farg‘onalik imom.

2037 masjidda 5 mingdan ortiq imom bor

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, hozir O‘zbekistondagi 2037 masjidda 5 mingdan ortiq imom va imom noibi ishlamoqda. Musulmonlar idorasiga ko‘ra, imomlarning 80 - 90 foizi oylik bilan ta’minlangan. Bu oylik 300 ming so‘mdan 1-1 yarim million so‘mgachadir.

Mavjud tartibga ko‘ra, oylik miqdori har bir masjidning o‘z daromadi va ehsonlari hisobidan masjidda ishlovchi jamoaning o‘zi tomonidan belgilanadi.

Ozodlik bilan suhbatlashgan farg‘onalik imomlardan biriga ko‘ra, "Bir yarim million so‘mlik oylikning yarmi soliqqa tortiladi, aksar imomlarda esa bu ham yo‘q - diniy xizmatni maoshsiz bajaradi".

XS
SM
MD
LG