Toshkent shahar Davlat soliq inspeksiyasi xodimlari bu tizimni takomillashtirish jarayonida undagi ish o‘rinlarining 30-50 foizgacha qisqartirilishi mumkinligidan og‘zaki ogohlantirilgan. Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha¸ ayni kunlarda qo‘mitada yangi soliq tizimini yaratish ustida qariyb 50 nafar mutaxassis ish olib bormoqda. Ayni paytda, soliqchilar dam olish kunisiz va tungi soat 12 gacha ishlashga majburlanayotganidan shikoyat qilmoqda.
Yangi farmondan so‘ng soliqchilarning qariyb 50 foizi ishsiz qolishi mumkin
O‘zbekiston prezidenti 18 iyul kuni imzolagan “Soliq ma’muriyatchiligini tubdan takomillashtirish, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarning yig‘iluvchanligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonda soliq tizimini isloh etishning ustivor yo‘nalishlari belgilab berildi.
O‘zbekiston Davlat soliq qo‘mitasi boshqaruvining o‘rta bo‘g‘inida ishlovchi mulozimning Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda aytishicha, ana shu farmon munosabati bilan qo‘mitaning 50 dan ortiq mutaxassisi soliq tizimining yangi Nizomini yaratish ustida ish boshlagan.
Bu mulozimning aytishicha, 2018 yil 1 yanvaridan kuchga kirishi kutilayotgan mazkur Nizomga¸ soliq inspeksiyasi xodimlari sonini 30 foizdan 50 foizgacha qisqartirish rejasi ham kiritilishi mumkin.
"Ko‘rib chiqilayotgan yangi tizimda, soliq inspeksiyasidagi har bir xodimning avtomatik tarzda ishdan bo‘shatilishi va yangi tanlovdan o‘tib¸ qayta ishga olinadigan xodimlar bilan boshqadan shartnoma tuzilishi ko‘zda tutilmoqda. Hozir soliq xodimlarining deyarli hammasi o‘z ishini yo‘qotishdan qo‘rqib yashamoqda"¸ dedi Ozodlik suhbatlashgan qo‘mita rasmiysi.
Ayni paytda soliq idoralari faoliyatining Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Hisob palatasi mutaxassislari tomonidan qattiq tekshirilayotgani bildirildi.
Prezident farmoniga binoan Hisob palatasi tuzilmasida Davlat byudjetiga tushumlarning to‘liqligini nazorat qilish inspektsiyasi tashkil etilib, bu inspeksiya byudjet daromadlarini ko‘paytirish zahiralarini aniqlash va ularning safarbar etilishini ta’minlash ustidan nazoratni amalga oshiradi.
"Soliqchilar dam olish kunisiz ishlamoqda"
Shu kunlarda soliq tizimi xodimlarining kuchli bosim ostida qolgani haqida Ozodlikka gapirgan Toshkent shahar Olmazor tumani Davlat soliq inspeksiyasining ismi sir qolishini so‘ragan inspektoriga ko‘ra, bu tizimida uch oydan beri chegaralanmagan ish soati joriy qilingan.
“Olmazor tumani DSI rahbariyati bizni ishga soat 7.30da kelishga, shanba va yakshanba kunlari ham ishga chiqishga majbur qilib kelmoqda. Mayli, shanba kuni ham ishga chiqishga e’tirozim yo‘q. Lekin yakshanba kuni ham ishlash Mehnat qonunchiligiga to‘g‘ri kelmaydiku? Axir men ham dam olish kunlari, oilam, farzandlarim davrasida bo‘lishni xohlayman”, dedi soliq inspektori.
Toshkent shahar Davlat soliq inspeksiyasining o‘zini tanishtirmagan mulozimi Ozodlik bilan suhbatda, xodimlarning dam olish kunisiz va o‘n besh soatlab ishlayotganini tasdiqladi.
“Prezidentimiz aytganku, kerak bo‘lsa¸ kechasi bilan ishlaymiz. Bu birgina Olmazor tumaniga emas, balki butun Toshkent shahriga tegishli. Agar kimdir bu vaqtinchalik qiyinchilikka chidolmasa, marhamat¸ ishdan ketaversin”, dedi mulozim.
Mulozim Ozodlikning “bunday talab O‘zbekiston Mehnat kodeksiga zid emasmi?” degan savolini ochiq qoldirdi.
Chilonzor tumani Davlat soliq inspeksiyasining ismi sir qolishini so‘ragan mulozimi xodimlarning bunday noqonuniy talabga ochiq e’tiroz bildirishga jur’ati yetmasligini aytadi.
“Chunki. Rahbarlardan faqat bitta javob bo‘ladi: “Yoqmayotgan bo‘lsa¸ arizangni yoz!” Shuning uchun damimiz ichimizda, ishlayapmiz. Majlislarda ham “shaxsiy hayotingni unut yoki arizangni yoz”¸ deb ochiq aytilayapti. Uyquga to‘ymay, dam olmasdan ishlab, kuni bilan mudrab yuramiz. Natijada ish samaradorligi kundan-kunga pasayib boryapti. Bayram kunlari ham hech qanday dam yo‘q”, deydi soliq inspektori.
Prezident Shavkat Mirziyov joriy yilning 11 aprel kuni o‘tkazgan videoslektor yig‘ilishida, rahbarlarni kechayu kunduz ishlashga chaqirgan edi:
- Men o‘zim nazorat qilaman. Shu rayonni prokurori qaerda, militsiyasi qaerda, soliqchisi qaerda, hokimi qaerda. Uyga borishni yo‘q qilamiz. Ikki yil favqulodda, mas’ul ish tizimiga o‘tamiz, - degan edi Shavkat Mirziyoev.
Daromadni soliqchidan bekitishni qiyinlashtirish rejalanmoqda
O‘zbekiston prezidenti 18 iyul kuni imzolagan 5116-sonli farmonga ko‘ra¸ 2018 yilning 1 yanvaridan boshlab daromadlarni soliqdan yashirishga qarshi kurashish maqsadida nazorat-kassa mashinalari joriy etiladi.
Bu mashinalar orqali qilingan to‘lov haqidagi ma’lumot to‘g‘ridan-to‘g‘ri soliq idoralari ma’lumotlar bazasiga borib tushadi.
Bunday mashinalar dastlab Toshkent¸ Nukusda, so‘ngra tumanlarda joriy etilishi nazarda tutilgan.
Bunday islohot ham soliq tizimini elektron shaklga ko‘chirish¸ davlat byudjetiga tushadigan soliqlarni ko‘paytirishga qaratilgan.