Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 12:48

Nizomiy universitetining to‘rt o‘qituvchisi plagiatda ayblanmoqda


Olim Aleksey Arapov.
Olim Aleksey Arapov.

Toshkentdagi "SMI-ASIA" nashriyoti rahbari 57 yashar Aleksey Arapov birdaniga to‘rta “olim”ni o‘z maqolasini o‘g‘irlab chop qildirganlikda aybladi.

Arapovning Ozodlik radiosiga aytishicha¸ uning 2002 yilda “San’at” jurnalida chop qilingan "Buddiyskie mandali i simvolika Samanidaov" nomli maqolasi¸ Nizomiy nomli Toshkent davlat pedagogika universitetining “O‘zbekistonda demokratik jamiyat qurishning g‘oya va amaliyoti” kafedrasi dotsenti¸ san’atshunoslik fanlari kandidati Hayitboy Xolmirzaev tarafidan o‘g‘irlanib¸ Rossiyadagi "Noviy universitet" jurnalining 2014 yilgi sonida chop qilingan.

Arapov iddaosiga ko‘ra¸ joriy hafta o‘z maqolalarining Rossiya nashrlarida boshqa nom ostida chop etilganidan tasodifan xabar topgan.

Arapov¸ o‘zining qariyb 15 yil oldin yozilgan ilmiy maqolalarini 2014 yili Nizomiy universitetining katta o‘qituvchisi Sherzod Qarshiev¸ kafedra assistenti Hulkar Qurbonalieva¸ hamda ayni oliygoh o‘qituvchisi Anora Mahmudova ham ko‘chirib Rossiyadagi nashrlarda e’lon qilishgan.

Bu maqolalarning “San’at” jurnalida chop qilingan Arapovga oid originali va o‘g‘irlab chop qilingani iddao qilingan nusxalari Ozodlikda mavjud.

Egiz maqolalar
Egiz maqolalar

"Yuz foiz plagiat"

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi huzuridagi San’atshunoslik institutida ishlaydigan mutaxassis Arapov maqolalarini maxsus o‘rganib chiqish asosida yuqorida nomlari keltirilgan to‘rt shaxs maqolasini “100 foiz plagiat” deya xulosa berdi.

Unga ko‘ra¸ Arapovning "Simvolicheskie “Teksti” Afrasiaba" maqolasi o‘zgarishsiz tarzda Sherzod Qarshiev tarafidan ko‘chirilib chop qilingan.

Xulosada ta’kidlanishicha¸ Arapovga oid "Zabitiy yazik simvolov Ak-Astan-Baba" maqolasi Hulkar Qurbonalieva tarafidan o‘zgarishsiz ko‘chirilgan. Aleksey Arapov tarafidan O‘zbekiston Fanlar akademiyasida jurnalida bosilgan "Nauba Iskandara" maqolasini esa Nizomiy universiteti o‘qituvchichi Anora Mahmudova faqat sarlavhasini o‘zgartirgan holda "Obraz Iskandara v sakralno-politicheskix traditsiyax Seldjukov" degan sarlavha bilan Rossiyadagi ilmiy nashrda chop qilgan.

Ozodlik suhbatlashgan bu olim o‘z tajribasida “bu qadar bezbetlarcha plagiat” bilan ilk bor yuzlashganini aytadi.

“Odatda ideyani o‘g‘irlashadi¸ kompilyatsiya qilishadi. Abzatslar olinadi. Ammo bu holatda “mualliflar” faqat ismini o‘zgartirib¸ maqolaga ega chiqishgan”¸ dedi Ozodlik suhbatlashgan mutaxassis.

“San’at” jurnali oid bo‘lgan O‘zbekiston Badiiy akademiyasida ishlaydigan boshqa bir olimning Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda ta’kidlashicha¸ Nizomiy institutidagi bu to‘rttala “muallif”ning “plagiat faoliyati” joriy hafta Badiiy akademiya ilmiy kengashida muhokama qilingan.

Akademiya mulozimi Ozodlik muxbiriga “plagiat bilan shug‘ullangan Hayitboy Xolmirzaev va boshqalar ilmiy darajasi bekor qilinib¸ jazoga tortilishi kerak”¸ deya fikr bildirdi.

Ma’lumot tekshirilmoqda

Nizomiy nomli TDPU ilmiy kengashining o‘zini Aziz deb tanishtirgan mulozimi “plagiatda ayblanayotgan universitet o‘qituvchilari haqidagi ma’lumot tekshirilayotganligini” bildirdi.

Uning aytishicha¸ bu masalada “maqolani plagiat ekanligini tekshirmay” chop qilgan Rossiyadagi ilmiy jurnallar aybdor.

Ozodlik muxbiri nizoli maqolani chop qilgan Rossiyadagi "Noviy universitet" jurnali bilan bog‘landi. Jurnal tahririyatidan kelgan maktubda “haqiqiy muallif Arapovdan uzr so‘ralgan holda¸ plagiat maqolaning nashrdan 30 iyulda olib tashlanishi” aytiladi. Shuningdek¸ nashr javobida “plagiat maqolani elektron pochta orqali yuborgan Xolmirzaevning ogohlantirilganligini” ham ta’kidlandi.

Ozodlik muxbiri plagiatda ayblanayotgan dotsent Hayitboy Xolmirzaevning elektron pochtasiga xat yozib¸ mavjud vaziyat yuzasidan izoh so‘radi. Hayitboev “keyinroq javob beraman” degan qisqa javob bilan kifoyalandi.

Nizomiy nomli TDPU ilmiy kengashining o‘zini Aziz deb tanishtirgan mulozimi Ozodlik bilan suhbatda universitetning plagiatda ayblanayotgan to‘rt nafar o‘qituvchisi Xolmirzaev¸ Qarshiev¸ Qurbonalieva va Mahmudovalar masalasini tubdan o‘rganib chiqib¸ keyin izoh berishni va’da qildi.

Sud hukmidan ham og‘ir jazo

Taniqli yurist¸ Inson huquqlari va demokratiya instituti direktori Sayëra Xo‘jaeva Arapov maqolalarining “o‘g‘irlanishi” borasida facebook tarmog‘ida boshlangan muhokamada fikr bildirib¸ “Arapov aybdorlarni sudga bersin¸ bu esa boshqa o‘g‘rilarga dars bo‘ladi” deb ëzib¸ intellektual mulk bo‘yicha ixtisoslashgan advokatni ham tavsiya qildi.

Maqolalari o‘g‘irlangani iddao qilinayotgan olim Aleksey Arapov Ozodlik bilan suhbatda bunday tavsiyalarga:

- Men ularni sudga berishni istamayman. Ular o‘z sha’ni¸ biografiyasi va reputatsiyasiga dog‘ tushirishdi. Bu sharmandalik yukini ular umrining oxirigacha ko‘tarib yurishga mahkum. Shuning o‘zi ularga kifoya, deb javob qildi.

XS
SM
MD
LG