Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 19:42

“Toshkent valyuta rasmiy kursidan voz kechadiganga o‘xshamayapti”


O‘zbekiston - Markaziy bank binosi
O‘zbekiston - Markaziy bank binosi

17-24 iyul kunlari Toshkentga safar qilgan Xalqaro valyuta jamg‘armasi maxsus missiyasi 24 iyul kuni O‘zbekiston hukumatining valyuta tizimini isloh qilish rejasiga o‘z munosabatini e’lon qildi. Mazkur missiya bilan muzokaralarda bevosita qatnashgan Toshkent moliya tizimi mutasaddilari esa, 26 iyul kuni valyuta tizimida kutilayotgan o‘zgarishlarga oid bayonotlar qildi. Ikki tomon bayonotlaridagi “fundamental tafovut” iqtisodiy tahlilchilarda O‘zbekistonda valyuta erkin konvertatsiyasi yaqin orada joriy etilishiga jiddiy shubha uyg‘otdi.

Bayonotlar

17-24 aprel kunlari O‘zbekistonga safar qilgan Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) missiyasi o‘z safari yakunlariga oid bayonotida¸ O‘zbekiston hukumatining valyuta tizimini isloh qilish rejasini ijobiy baholadi.

Bu bayonotning dastlabki jumlasidanoq XVJ bunday islohotlar asosi mamlakatda mavjud bir necha valyuta almashinuv kursini unifikatsiya qilish¸ ya’ni bittaga keltirish bo‘lishi lozimligiga ochiq ishorat qildi.

“Valyuta kurslarini unifikatsiya qilish va valyuta resurslarini bozor tamoyillari asosida taqsimlash imkoniyatlarini yaratish O‘zbekiston Markaziy bankiga barqarorlikni qo‘llab-quvvatlash va inflyatsiyani samarali nazorat qilishga yo‘naltirilgan pul-kredit siyosatini olib borishiga sharoit yaratadi”¸ deyiladi XVJ rasmiy baënotida.

Ayni paytda¸ 26 iyul kuni Toshkentdagi Xalqaro press-klubda davlat dasturiga kiritilgan valyuta tizimini isloh qilish jarayonining borishi haqida gapirgan O‘zbekiston moliya va iqtisodiyot vazirligi¸ shuningdek¸ Markaziy bank mutasaddilari “unifikatsiya” degan so‘zni tilga olmadilar.

Buning o‘rniga ular¸ valyuta tizimini liberallashtirish uchun O‘zbekistonning o‘z mablag‘i yetarli ekani¸ mamlakat oltin-valyuta zahiralarining 25 milliard dollar¸ yoxud mamlakatning ikki yillik importi hajmiga teng ekanini alohida ta’kidlashdi.

Tafovut

Xalqaro valyuta jamg‘armasining O‘zbekistonga safar qilgan maxsus missiyasi rahbari Albert Eger Toshkent hukumati bilan o‘tkazilgan muzokaralar tafsiloti va jamg‘armaning islohotlar borasida Toshkentga bergan tavsiyalari borasidagi Ozodlik yo‘llagan savollarga hozircha javob bermadi.

Mazkur muzokaralar tafsilotidan xabardor Toshkent mulozimining aytishicha¸ o‘zaro so‘zlashuvlarda O‘zbekiston tomoni valyuta erkin konvertatsiyasini joriy etish jarayonining qanday bo‘lishini o‘zi belgilash haqqini saqlab qolish uchun kredit so‘ramagan.

Bu jihatni sharhlagan O‘zbekiston Iqtisodiyot vazirligi sobiq mulozimi¸ buni “Toshkentning valyuta almashinuvi rasmiy kursidan voz kechmaslik” tomon og‘ayotgani ifodasi, deb atadi.

“O‘zbekistonda bir necha valyuta kursi joriy etilgani¸ uning saqlanib qolayotganining birlamchi sababi bank-kredit sohasi emas¸ balki fiskal-byudjet sohasi muammosiga borib taqaladi. Rasmiy kurs joriy etish orqali hukumat eksportyordan hamma mahsulotini – paxtadan to meva-sabzavotgacha rasmiy kursda hisoblangan so‘mda sotib olib¸ undan tushgan valyutani tijorat va birja narxida sotib¸ o‘rtadagi farqdan byudjetni balanslab keldi. Endi rasmiy kurs bekor qilinsa¸ byudjet butunlay qulaydi¸ hukumat shundoq ham tirikchilikka etmaydigan oylik va pensiyalarni to‘lay olmay qoladi. Rasmiylar tilga olgan 25 milliard dollarga yaqin oltin-valyuta zahirasini byudjetni to‘ldirishga ishlatib bo‘lmaydi¸ bunday qilish zahirani bir zumda eb qo‘yadi. Byudjetga qarzni faqat XVJ berishi mumkin. Biz XVJdan kredit olmaymiz¸ degani¸ XVJning kredit uchun qo‘yadigan asosiy sharti – unifikatsiyaga rozi bo‘lmaymiz degani. Bu esa o‘z navbatida¸ hukumatning rasmiy kursdan voz kechish niyati yo‘qligidan berilgan darakdir”¸ deydi o‘zbekistonlik iqtisodchi.

Eski tos¸ eski hammom?

O‘zbekiston Moliya vazirligi sobiq rasmiysi Saparboy Jubaev ham 26 iyul kungi rasmiy bayonotlardan Toshkent hukumati 25 yillik valyuta siyosatidan voz kechish niyatidan uzoq¸ degan xulosaga kelganini aytadi:

- XVJ missiyasi safaridan keyin Toshkent rasmiylari bergan bayonotlardan tushunganim¸ O‘zbekiston hozircha XVJ shartlariga rozi bo‘lmayapti. Jamg‘armaning birlamchi talabi¸ albatta¸ kurslarni unifikatsiya qilishdir.Lekin kechagi press klubdagi gaplarni¸ O‘zbekiston vaqtni yana cho‘zishga urinayotgani¸ XVJ bilan maslahatlarga ikki-uch yil olmoqchi¸ deb tushundim. “Unifikatsiyaga borish kerak¸ lekin bu juda qiyin¸ asta-sekin o‘tamiz¸ vaziyatni chalkashtirib yuborishi mumkin”¸ degan gaplar¸ ochig‘i menga yoqmadi. Bu jarayonning qiyinligini hamma biladi. Lekin o‘tish yo‘li yo shokovaya terapeya bo‘ladi yoki katta kredit olib¸ bozorga vaqtincha ko‘p valyuta tashlab turish va vaziyatni nisbatan nazorat qilish bo‘ladi. Bunaqa kreditni esa¸ faqat XVJ beradi. Lekin kurs unifikatsiya bo‘lmasa¸ ular kredit bermaydi. O‘zimiz qilamiz¸ o‘zimiz eplaymiz¸ degan gaplarni 25 yildan beri eshitamiz. “O‘zlari qilib”¸ O‘zbekistonni qaerga olib kelishganini hamma ko‘rib turibdi¸ deydi Saparboy Jubaev.

Prezident Mirziyoev tomonidan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasini 2017-2021 yillarda yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi”ga asoslangan rasmiy organlarning iqtisodiyotni isloh qilish bo‘yicha kompleks rejalariga valyuta tizimini liberallashtirish va bu sohada bozor mexanizmiga o‘tish ham kiritilgan.

XS
SM
MD
LG