Линклар

Quddusda falastinliklar va Isroil politsiyasi o‘rtasida 27 iyul kuni sodir bo‘lgan yangi to‘qnashuvda 113 kishi jarohatlandi. Ayrim xabarlarda jarohatlanganlar soni kamida 95 kishi ekani aytilmoqda.

Isroil hukumati Al Aqso masjidi joylashgan yahudiylar Ibodat tepaligi deb ataydigan Haram ash-Sharifdan to‘siqlar, kameralar va metal detektorlarni olib tashlaganidan so‘ng minglagan musulmonlar masjidga kirishga harakat qildi.

Politsiya ularni ushlab qolish uchun shovqinli granatalar, ko‘zdan yosh chiqaruvchi gaz va rezina o‘qlarni qo‘lladi. Bir necha falastinlik Al Aqso masjidi tomiga chiqib, u erga falastin bayroqlarini o‘rnatdi. Politsiya keyinroq bu bayroqlarni musodara qildi.

Isroil politsiyasi matbuot kotibi Mikki Rozenfeld 27 iyulda Al Aqso masjidi atrofida xavfsizlik choralari saqlanib qolinayotganini aytdi:

-Yangi insidentlarning oldini olish maqsadida xavfsizlik choralari Eski Shahar va Ibodat tepaligida saqlanib qolinmoqda. 27 iyulda barcha to‘siqlar, kameralar va metal detektorlar olib tashlandi. Ibodat tepaligi musulmonlar, sayyohlar va yahudiylar ertalabdan ochiq bo‘ladi, -dedi Rozenfeld.

Quddusdagi Islom vaqfi prezidenti Abdul Azim Salab Al Aqso masjidiga kirishdagi to‘siqlarning olib tashlanishini musulmonlarning g‘alabasi deb atadi va barcha musulmonlarni 28 iyul kuni juma namozini Al Aqsoda o‘qishga chaqirdi.

Unga ko‘ra, Isroil hukumati Al Aqso masjidiga faqat 50 yoshdan katta odamlar kiritilishi borasidagi cheklovni ham bekor qilishi shart.

-Biz Al Aqso masjidiga kirish uchun yosh cheklovi belgilanganiga qarshi ekanimizni yana bir bor ta’kidlaymiz. Chunki masjidga kirish yoshidan qat’iy nazar barcha musulmonlarning- yoshlarning ham, keksalarning ham huquqidir. Biz, shuningdek, islom tashkilotlarini Quddusdagi barcha kichik masjidlarni yopishga va juma kuni ibodat uchun Al Aqso masjidiga borishga chaqiramiz, - dedi Abdul Azim Salab.

Musulmonlar, nasroniylar va yahudiylar uchun muqaddas bo‘lgan Xaram ash-Sharifga kiraverishda metallodetektorlar o‘rnatilishi va nazorat kuchaytirilishiga 14 iyulda ikki yahudiy politsiyachining otib o‘ldirilgani sabab bo‘lgan edi.

Shundan so‘ng musulmonlar norozilik sifatida namozlarini Eski shahardagi ko‘cha va maydonlarda o‘qib kelayotgandi.

Al Aqso masjidiga kiraverishda metallodetektorlarning o‘rnatilishi 21 iyul - juma kuni musulmonlar va politsiya o‘rtasida zo‘ravonliklarga aylanib ketgan to‘qnashuvlarga sabab bo‘lgan edi. Buning ortidan kamida 8 odam halok bo‘lgan.

To‘qnashuvlar juma namozi o‘qishga kelgan musulmonlar metallodetektordan o‘tishdan bosh tortib, politsiyachilarni toshbo‘ron qilgani ortidan boshlangan edi.

Isroil xalqaro hamjamiyat bosimi ostida Ibodat tepaligidan to‘siqlar va metal detektorlarnit olib tashlashga majbur bo‘ldi.

Al-Aqso masjidi Yaqin Sharqdagi eng janjalli nuqtalardan hisoblanadi. Yahudiylar tepalikda joylashgan majmuani o‘zlarining eng muqaddasi joylari hisoblashadi.

Al-Aqso musulmonlar uchun Makka va Madinadagi masjidlardan keyin uchinchi muqaddas masjid hisoblanadi.

XS
SM
MD
LG