Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 00:03

Yoshlar tadbirida bir guruh qiz hijobini yechdi


Rasmda "Yoshlar ittifoqi" tadbirlaridan biri aks etgan. (Rasmning ushbu voqeaga aloqasi yo‘q)
Rasmda "Yoshlar ittifoqi" tadbirlaridan biri aks etgan. (Rasmning ushbu voqeaga aloqasi yo‘q)

Surxondaryo viloyati Muzrobod tuman “Gulobod” mahallasida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tarafidan 29 iyul kuni o‘tkazilgan tadbirda bir guruh qiz namoyishkorona hijobini yechishgan. Surxondaryo viloyat hokimi Erkinjon Turdimov o‘zining Facebookdagi sahifasida “Yoshlar festivalida hijobini echgan qizlar” haqidagi xabarni e’lon qilib, bir muddatdan so‘ng uni olib tashladi.

Ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lgan bu xabarda "O‘tkazilgan yoshlar festivalidan ruhlanib, turli diniy oqimlarga moyilligi bor qizlar hijoblarini yechib, tadbirda faollik ko‘rsatdilar", - deya ta’kidlanadi.

O‘z istagi bilan...

Ozodlik bu masala yuzasidan izoh so‘rab Muzrobod tuman hokimi Ulug‘bek Qosimovga murojaat qildi. O‘zini hokim yordamchisi deb tanishtirgan mulozim "Gulobod mahallasida “Fidoying bo‘lgaymiz seni, O‘zbekiston!” shiori ostida “O‘zbekiston yoshlar ittifoqi bilan yangi marralar sari!” mavzusida yoshlar festivali tashkil etilgani va bu tadbir ishtirokchilari bo‘lgan qizlar o‘z ixtiëri bilan hijobni yechganligini" ta’kidladi.

Unga ko‘ra, bu qizlar “diniy radikalizmga moyilligi bo‘lgan ota-onalar ta’sirida hijobga kirishgan vv o‘z ixtiyorlari bilan hijobdan voz kechishgan”.

Mulozimning aytishicha, “Ularga hokimlik hijobni yech” deb aytmagan.

“Gulobod” mahalllasida o‘tgan tadbir tashkilotchisi¸ yaqinda tashkil bo‘lgan O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Surxondaryo viloyat bo‘limi boshlig‘i Oxunjon Umarov bilan ham bog‘lanishga urindik¸ ammo Umarov Ozodlikka izoh berishni istamadi.

"Muzrobodda ekstemizmga moyillar ko‘p"

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Surxondaryo viloyat bo‘limi faoli Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda voeqaga oid ba’zi tafsilotlarni ochiqladi.

Unga ko‘ra¸ Muzrobod tumanidagi “Gulobod” mahallasida diniy radikalizmga moyil bo‘lganlarning soni viloyat darajasidan yuqori turadi. Ayni mahallada “bedarak ketgan va diniy radikallar safiga qo‘shilganlar” bor:

"Viloyat va tuman hokimligi hamda Kamolot yoshlar harakati o‘rnida tuzilgan Yoshlar ittifoqi bu mahallani bejiz tanlamadi. O‘zbekiston yoshlar ittifoqi bilan yangi marralar sari!” mavzusida yoshlar festivali aynan mana shu yerda diniy ekstremizmning salbiy oqibatlariga qarshi tarzda uyushtirildi. Bu festival doirasida hijobini yechgan qizlar haqida ijtimoiy tarmoqda har-hil gaplar tarqaldi. Tadbirni kuzatgan faol sifatida shuni aytamanki¸ bu qizlar o‘zlari tushunib hijobdan voz kechdi. Bu ularning tanlovi"¸ dedi faol.

Surxondaryo viloyati hokimligi mulozimi huquq-tartibot idoralarining diniy masalalar bo‘yicha maxsus "qora ro‘yxati"ga tirkalgan shaxslar bilan tushuntirish ishlari muntazam olib borilganini aytdi. Unga ko‘ra, besh nafar qizning hijobini yechgani ushbu tushuntirish ishlarining natijasidir.

Yangi "Hujum?"

Ijtimoiy tarmoqlarning musulmon segmenti “Muzroboddagi hijob yechish” tadbirini tanqid qilib, “Bu 1927 yili O‘zbekistonda komsomollar o‘tkazgan “Xujum” harakatiga” o‘xshaydi" deya ta’kidlashdi.

O‘zbek xotin-qizlarini erkaklar bilan teng huquqli qilishni ko‘zda tutgan bu harakat tadbirlarida o‘zbek ayollari paranji tashlashgan edi.

O‘zini Muzrobod tuman hokimi Ulug‘bek Qosimovning yordamchisi deb tanishtirgan mulozim¸ “Nega OAV muxbirlari festivaldagi hijobini yechgan qizlar haqidagina yozyapti” deya gina qildi.

Unga ko‘ra¸ viloyatning chekka qismi bo‘lgan¸ bu tumanda o‘tgan festivalda yugurish¸ voleybol, futbol musobaqalari, yosh ijodkorlarning ijod namunalari ko‘rgazmasi, bo‘sh ish o‘rinlar va kitob yarmarkalari tashkil etilgan.

"Eng muhimi bu chekka mahalladagi 9 nafar nogironga sovg‘alar berildi¸ va ular viloyatdan kelgan malakali vrach ko‘rigidan o‘tkazildi", deydi mulozim.

XS
SM
MD
LG